Tezkorlik – bu harakatlarni mazkur sharoitlar uchun minimal vaqt mobaynida bajarish qobiliyati hisoblanadi. Harakatlar tezligini tarbiyalash maqsadida harakatchang va sport o’yinlari, o’yin mashqlarini bajarishni nazarda tutgan mashg’ulotning kompleks uslubini qo’llash maqsadga muvofiqdir. Harakatlar tezligini tarbiyalash uchun eng samarali tayyorgarlik bu tezlik, kuch xarakterdagi mashqlarga urg’u bergan holda, ko’p yillik hamma tomonlama jismoniy tayyorgarlikdir. ya’ni bunda eng katta tezlikda bajariladigan mashqlar u qadar ahamiyatga ega emas. Mashg’ulotning bunday tuzilishi “tezlik to’sig’i” paydo bo’lishini oldini oladi. Harakat tezligini “ko’chirish” hisobiga oshirish mumkin. Tezlikni tarbiyalash maqsadida quyidagi 2 ta asosiy uslubni qo’llash maqsadga muvofiqdir: tezkor kuch va kuch mashqlarini tizimli qo’llash uslubi va maksimal tez sur’atda mashqlarni takroriy bajarish uslubi (bularning barchasi oddiy yoki biroz o’zgartirilgan shart-sharoitlarda) bajariladi. Bunda masofa uzunligi mashq bajarishning yakunida, ya’ni charchoq, toliqish paydo bo’lganida, harakatlar tezligi pasaymagan holda tanlanadi. Xuddi shuni takrorlash sonini aniqlashda ham nazarda tutish lozim, chunki takrorlanishning har biri maksimal tezlik bilan bajarilishi lozim. Bu ikki asosiy uslublardan tashqari tezlikni tarbiyalashning boshqa uslublari ham mavjud, ular sportning xilma-xil turlarida o’z xususiyatlariga ega.
Yosh sportchilarni tarbiyalash tizimida mushak kuchi – sport bilan shug’ullanuvchini qarama-qarshilikni bartaraf etish yoki mushak zo’rlanishi yo’li bilan unga qarama-qarshi harakat qilish qobiliyatini tarbiyalashga katta ahamiyat beriladi. Mushak kuchining namoyon bo’lishi yuqori darajada kuchning rivojlanish darajasi va mushak apparatining faoliyatini tartibga soluvchi asab jarayonlarining mujassamligi darajasiga bog’liqdir.
Kuchni rivojlantirish uchun o’z kuchini namoyon qilish qobiliyatini tarbiyalash va mushak vaznini oshirish katta ahamiyatga ega. Yosh sportchilarda kuchni rivojlantirish tananing barcha mushaklarini jalb etuvchi turli jismoniy mashqlarni bajarish jarayonida amalga oshiriladi. Ko’proq tayyorlangan sportchilarda kuchni rivojlantirish uchun “maksimal say’-harakat”ni namoyon qilish uslubi va “to’xtagunga qadar” mashqlarni bajarish uslubi qo’llaniladi. Ularning birinchisi maxsus tayyorlangan mashqlarda katta va maksimal say’-harakatlarni takroriy namoyon qilishni nazarda tutadi. Bunda dam olish intervallari mashqlarni yana xuddi shu kuch bilan bajarish imkoniyatini beradigan vaqtni egallashi lozim. “To’xtab qolgunga qadar” mashqlarni bajarish uslubi asosan, mushak vaznini oshirish maqsadida qo’llaniladi va mashqni mushaklar charchog’i va toliqishi tufayli harakat bajarilishining to’g’riligi buzulgunga qadar to’xtovsiz bajarishdan iboratdir. Asosan, kuchni rivojlantiruvchi mashqlar xilma-xil bo’lishi mumkin, ammo eng katta ahamiyatga og’irlik bilan mashqlar, o’z vazni bilan mashqlar, raqib yoki hamkorni qarshiligi bilan bajariladigan mashqlar eng ko’p rivojlantiruvchi mashqlar hisoblanadi.
Yosh sportchilarni tayyorgarlik jarayonida tezkor-kuch sifatlarni tarbiyalashga muhim o’rin ajratilishi lozim. “Tezkor-kuch sifatlari” atamasi bu insonni harakatning optimal amplitudasini saqlab qolgan holda, eng qisqa paytda maksimal quvvatni ko’rsatishga bo’lgan qobiliyati tushuniladi. Tezkor-kuch sifatlarni namoyon bo’lish darajasi nafaqat mushak kuchi kattaligiga, balki sportchini asab-mushak harakatlarini yuqori kontsentratsiyasi va funktsional imkoniyatlarni mobilizatsiya qilish qobiliyatiga bog’liq.