I-BOB. JISMONIY TARBIYA GIGIYENASI FANINING MAQSADI HAMDA VAZIFALARI
1.1. Gigiyena fanining rivojlanish tarixi
Inson organizmining jismonan sog‘lom hamda baquvvat bo‘lishi, uning turli xil kasalliklarga chalinmasligi, uzoq umr ko‘rishini ta’minlash va sog‘liqni saqlash hozirgi kun tibbiyot fani oldidagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Gigiyena juda qadim-qadim zamonlarda paydo bo‘lib asrlar davomida hayot tajriba sinovlaridan o‘tib, bizgacha yеtib kеlgan gigiyenik davolash, har xil kasalliklarning oldini olish, sog‘lomlashtirish va ish qobiliyatini oshirish, qayta tiklash vositasi sifatida azaldan amalda qo‘llanilib kеlingan. Gigiyenaga oid bilimlar XIX asrning birinchi yarmida tizimga solinib, mustaqil fan holida birlashtirildi. Biroq odamlar gigiyena va sanitariyaning ma’lum qonun-qoidalariga qadim zamonlarda ham rioya qilishgan. Тarixiy hujjatlar, san’at asarlari va arxeologik qazilmalar ma’lumotlari eramizdan ancha ilgariyoq sanitariya qonunlarining ba’zi elementlari mavjud bo‘lganligidan hamda ma’lum sanitariya chora-tadbirlari amalga oshirib kelinganligidan dalolat beradi.
Qadimgi hind va xitoy qonunlarida (miloddan avvalgi 3000-4000 yillar) ovqatlanish va kundalik rejim, mehnat qilish va dam olish tartibi to‘g‘risida ko‘rsatmalar bor. Ularda badanni toza tutish zarurligi qayt etilgan, murdalarni ko‘mish qoidalari ma’lum qilingan va hokazo. Eramizdan 1500 yil ilgari Misrda axlatlarni yo‘qotish va botqoqliklarni quritish ishlari uyushgan holda o‘tkazilgan, sug‘orish sistemalari va vodoprovodlar barpo etilgan.
Qadimgi Yunoniston va Spartada yoshlarni jismoniy jihatdan rivojlantirishga katta ahamiyat berilgan, olimpiya sport musobaqalari o‘tkazib turilgan. Afinada oqova suvlarni yo‘qotish uchun kanalizatsiya qurilgan. Bu joyda uylar qurish va ovqat masalliqlarini sotish ustidan sanitariya nazorati ham tashkil etilgan. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish uchun Qadimgi Yunonistonda binolar oltingugurt va xushbo‘y moddalar tutatib dezinfeksiya qilingan.
Qadimgi Yunonistonning buyuk shifokori Gippokrat (miloddan avvalgi 460-477 yillar) gigiyena masalalariga bag‘ishlangan: “Sog‘lom turmush ma’romi to‘g‘risida”, “Havo, suv va joylar to‘g‘risida” deb nomlangan asarlarida tashqi muhitning odam salomatligiga ta’sir qilish omillari hamda shu omillarning kasalliklarga nechog‘li aloqadorligi to‘g‘risidagi o‘z kuzatuvlari va nazariy mulohazalarini bayon qilgan. Gippokratning “muhit nazariyasi”ni keyinchalik Platon, Aristotel va boshqa olim hamda faylasuflar rivojlantirganlar.
Yunonlar madaniy boyliklarining vorislari bo‘lmish rimliklar yunonlardan gigiyenaga oid bilimlarni meros qilib oldilar va sanitariya obodonchiligi sohasida o‘z ustozlaridan o‘zib ketdilar. Qadimgi Rimni suv bilan ta’minlaydigan va kanalizatsiya inshootlari o‘sha zamon uchun muhandislik mo‘jizasi bo‘lgan.
Qadimgi Rimda tog‘-buloqlaridan har bir kishiga bir kecha-kunduzda 0,5-1 m3 suv yetkazib beradigan 14 ta yirik va 20 ta mayda vodoprovod mavjud bo‘lgan. Rimda axlatlarni zararsizlantirish zamonaviy usullarining ibtidosi tashkil etilgan.
Narsa qo‘shib, masalliqni qalbakilashtirish va buzilgan oziq-ovqatlarni sotish man qilingan, binokorlik ishlari ustidan sanitariya nazorati olib borilgan.
O‘rta asrlar tarixi haddan tashqari katta epidemiyalar va Yevropa aholisining qirilishini bir qadar aks ettiradigan tarixdir. O‘rta asrlarda Yevropada chechak, tif, gripp epidemiyalari bir-biriga tarqalib turgan. Тanosil kasalliklari, teri va ko‘z kasalliklari keng tarqalgan. XVI asrda toun epidemiyasi Yevropa aholisini to‘rtdan bir qismining yostig‘ini quritadi. Yangi paydo bo‘lgan burjuaziya sinfi sanoatni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va foydani ko‘paytirishdan manfaatdor edi. Bunday maqsadga erishishida unga sog‘lom ishchilar kerak bo‘lganligi uchun ham u ma’lum sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Ketma-ket sodir bo‘lib turgan epidemiyalar yirik shaharlarda sog‘lomlashtirishga oid shoshilinch sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirishni, vodoprovod, kanalizatsiya o‘tkazish kabilarni taqozo etdi.
XIX asrning o‘rtalarida biologiya, kimyo va fizika fanlarining gurkirab rivojlanishi gigiyena taraqqiyotida ham yangi davrni boshlab berdi. Bakteriologik va fizik-kimyoviy tahlil usullari gigiyenaga ham kirib keldi, aholi istiqomat qiladigan hudud va uy-joylar sanitariya holatini sog‘lomlashtirish, ovqatlanish gigiyenasi, me’yor va talablarni asoslashda qo‘llanila boshlandi. Bu gigiyenadagi eksperimental yo‘nalishning ibtidosi bo‘ladi.
Ingliz olimi Parks va nemis gigiyenisti Maks Pettenkofer gigiyena fanining asoschilari hisoblanadi. Parks 1857-yilda tashqi muhit omillarini fizik-kimyoviy va bakteriologik tekshirish natijalariga asoslangan gigiyenaga oid asarini nashr ettirgan bo‘lsa, Pettenkofer gigiyenaning aniq fanga aylanishiga yo‘l ochgan ko‘p yillik laboratoriya-statistik tekshirishlarini o‘tkazdi. Pettenkoferning turar joylarni shamollatish (havolantirish) va isitish sohasida olib borgan tekshirishlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Pettenkoferning zamondoshi va hamkori -fiziolog Foytning ovqatlanish fiziologiyasi va gigiyenasi sohasidagi ishlari, ayniqsa, qimmatlidir. Pettenkoferning izdoshlari Rubner va Flugge havo, tuproq, suv, turar joy va kiyim-kechakka sanitariya nuqtayi nazaridan baho berishning gigiyenik me’yorlarini ishlab chiqdilar.
XIX asrning ikkinchi yarmida bakteriologiyaninig rivojlanishi mashhur Lui Paster (1822—1895 y) kashfiyotlari bilan bevosita bog‘liq. Uning kashfiyotlari turar joylar, aholi yashaydigan joylarni sog‘lomlashtirish va kasalliklarning oldini olish masalalarini hal qilish uchun gigiyenada yangi tekshirish usullaridan foydalanish imkonini berdi. Bu gigiyenaning yangi sohalari epidemiologiya va sanitariya bakteriologiyasining tez rivojlanishiga olib keldi.
Gigiyena mustaqil ilmiy fan sifatida XIX asrning o‘rtalarida rivojlana boshladi. Bunga kapitalizmning rivojlanishi, shaharlar va sanoat korxonalarining o‘sishi hamda turli epidemiyalarga qarshi kurashishning zarurligi asosiy zamin bo‘ldi. Тabiiy fanlar (fizika, kimyo, fiziologiya, mikrobiologiya) sohasida XIX asr o‘rtalarida erishilgan yutuqlar ham gigiyenaning rivojlanish sabablaridan biridir.
Gigiyena kafedrasi ilk bor 1871-yilda Peterburg harbiy meditsina akademiyasida tashkil etildi, unga gigiyenaning turli masalalariga oid 90 dan ortiq ilmiy asarlar muallifi A.P. Dobroslavin (1842-1889 y) boshchilik qildi. “Jamoat sog‘lig‘ini saqlash kursi”, “Gigiyena”, “Harbiy gigiyena kursi” kitoblari uning qalamiga mansubdir.
A.P. Dobroslavin harbiy gigiyenaga aloqador ko‘pgina masalalarni hal qilishda ishtirok etadi. 1882 yilda Moskva universitetida Rossiyada gigiyena fanining rivojlanishida juda muhim rol o‘ynagan F.F.Erisman (1842-1915 y) rahbarligida gigiyena kafedrasi tashkil qilindi. F.F. Erismanga va uning shogirdlari yaratgan asarlarda gigiyenaning barcha bo‘limlari o‘z aksini topdi. Shu olim tomonidan uch tomlik “Gigiyena bo‘yicha qo‘llanma” chop etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |