Kuch va tezlik aloqadorligi.
Agar qo`ldan uchib chiqish tezligini ham, bunda namoyon bo`lgan mexanik kuchni ham har xil qilib, turli og`irlikdagi yadrolar itqitilsa, u holda kuch va tezlik o`zaro teskari nisbatda bo`ladi: tezlik qanchalik yuqori bo`lsa, namoyon bo`lgan kuch shunchalik kam bo`ladi va aksincha.
Tezlik-kuch (dinamik kuch) qobiliyatlari – tezkor harakatlarda.
Tezlik-kuch qobiliyatlari qarshilikni yenguvchi va yon beruvchi (amortizasion) kuch turlariga bo`linadi.
Portlovchi kuch – qisqa vaqt ichida katta miqdordagi kuchni namoyon qilish qobiliyati muhim turlardan hisoblanadi. Masalan, sport ustalari va sport bilan endigina shug`ullana boshlaganlarning turgan joyidan balandlikka sakrashdagi depsinishlarini taqqoslasak, sport ustalari qisqa vaqt ichida katta miqdordagi kuchni namoyon etishlariga ishonch hosil qilamiz.
Mushak kuchi va sportchining vazni. Turli vazndagi kishilarning kuchini taqqoslash uchun nisbiy kuch deb ataladigan tushunchadan foydalaniladi. Nisbiy kuch deganda kishi vaznining bir kilogrammiga to`g`ri keladigan kuch miqdori tushuniladi. Kishi biror-bir harakatda o`z og`irligidan qat’i nazar namoyon qilgan kuchni ba’zan mutlaq kuch deb ataydilar. Mutlaq kuch, masalan, dinamometr ko`rsatkichlari, ko`tarilgan shtanganing chegara darajasidagi og`irligi va boshqalar bilan tavsiflanishi mumkin.
Mashqlanganlik darajasi taxminan bir xil, lekin vazni har xil kishilarning vazni og`irlashib borishi bilan mutlaq kuchi ortadi, nisbiy kuchi esa kamayadi. Nisbiy kuch kamayishining sababi shundaki, sportchining vazni gavdasining hajmiga, ya’ni uning chiziqli o`lchamlari kubiga to`g`ri nisbatda bo`ladi; kuch esa fiziologik ko`ndalang kesim, ya’ni chiziqli o`lchamlar kvadratiga to`g`ri nisbatdadir. Gavda o`lchamlari oshib borishi bilan kishining vazni uning mushak kuchiga qaraganda tezroq ortib boradi.
Kuchni rivojlantirish metodikasi va vositalari.
Kuchni rivojlantirish uchun yuqori qarshilik bilan bajariladigan mashqlardan foydalaniladi. Ular ikki guruhdan iborat:
Tashqi qarshilik bilan bajariladigan mashqlar. Qarshilik sifatida jismlar vazni (giralar, toshlar, shtanga va boshqalar), raqibining qarshiligidan, o‘ziga o‘zining qarshiligi, boshqa jismlar qarshiligiga (prujinali espanderlar, rezinali bint, maxsus moslama stanoklar) tashqi muhit qarshiligi (qumli yo‘lkada, qalin qorda yugurish va boshqalar)dan foydalaniladi.
Individning o‘z tanasi og`irligini yengish bilan bajariladigan mashqlar (tayanib yotib qo‘llarni tirsakdan bukish). Kuch bilan bajariladigan har qanday mashqlar o‘zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega. Og`irlik bilan bajariladigan mashqlarning qulay tomoni shundaki, ular yordamida ham yirik, ham mayda muskullar guruhiga ta’sir etish oson va ularni dozalash qulay. Salbiy tomoni shundaki, tezlik – kuch talab qiladigan xarakterdagi harakatlar tartibi tez buziladi (ayniqsa ogirlashtirib, vazminligini ortirib, malol kelishi tezlashadigan mashqlarda), dastlabki holatda muskul tarangligi bir xil (statik holat) ushlanadigan mashqlarda, mashqning tashkillanishi qiyinligi (maxsus jihozning kerakligi, metal jihozning shovqini va boshqalar) ko‘zga tashlanadi. O‘z-o‘ziga qarshilik ko‘rsatish bilan bajariladigan mashqlarning qulayligi shundaki, qisqa vaqt ichida katta dozada nagruzka berish mumkin va maxsus jihoz va inventarni talab qilmaydi, lekin muskullar elastikligining tezda yo‘qolishiga olib keladi. Bundan tashqari, bu mashqlar yuqori nerv tarangligi (zo‘ri-qishi)da bajariladi, shuning uchun ularni soglom, jismoniy tayyorgarligi talab darajasida bo‘lgan odamlarga, o‘z-o‘zini nazorat qilish tizimli olib borilishi tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |