5.2. Sport jamiyatlari («O’zbekiston», «Talaba», «Dinamo», «YOshlik», «Vatanparvar» tashkiloti va x.k.) va ularning quyi tarmoqlari tuzilishi
5.2.1. «O’zbekiston» jismoniy tarbiya-sport jamiyati
O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni boshqarishda Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi hamda boshqa davlat idoralariga ko’maklashuvchi sport jamiyatlari haqida o’tgan bo’limlarda ma’lumotlar berildi. Bu bo’lim-da esa ularning tarixiy shakllanishi, rivojlanishi va hozirgi sharoitdagi asosiy vazifalari bilan tanishtiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federasiyasi Markaziy kengashi tarkibida tarmoqlilik tamoyillari asosida yaqin o’tmishimizgacha turli sport jamiyatlari faoliyat ko’rsatib keldi, ya’ni:
«Spartak» ko’ngilli sport jamiyati (KSJ - DSO) engil sanoat ishlab chiqarish korxonalari, savdo xodimlari va o’rta maxsus o’quv yurtlarini o’z ichiga olgan.
«Burevestnik» KSJ - oliy o’quv yurtlari talabalarining sport jamiyati.
«Mehnat» KSJ - zavod, fabrika va ular bilan bog’liq ishlab chiqarish jamoalari sportchilarini birlashtirgan.
«Paxtakor» KSJ - qishloq mehnatkashlari va sportchilarini o’ziga qamrab olgan.
«Lokomotiv» KSJ - temiryo’l ishchilari sport jamiyati.
«Zenit» - havo yo’llari (fuqarolar samolyoti) xodimlarining sport jamiyati.
7. «Vodnik» KSJ - suv yo’li va ko’llar, suv omborlari hamda ular bilan bog’liq tashkilotlar xodimlarining sport jamiyati.
Ta’kidlash zarurki, bu sport jamiyatlari 40 yildan ortiq faoliyat ko’rsatib keldi. Qayta qurish yillari boshqaruvchilik ishlarini ixchamlashtirish yo’lida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Bundan sport ham chetda qolmadi. Natijada, 1987 yilda barcha sport jamiyatlari yagona kasaba uyushmalari sport jamiyatiga birlashtirildi. O’zbekistonda bu jamiyat 1991 yilda qayta ko’rib chiqildi va uning ta’sis anjumanida O’zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari federasiyasining jismoniy tarbiya-sport jamiyati («O’zbekiston») deb qabul qilindi. Bu sport jamiyatining Nizomida ta’kidlanganidek, u mustaqil ravishda o’zini-o’zi moliyaviy ta’minlash yo’liga o’tdi.
Bu sport jamiyatining Markaziy kengashi, hay’ati, bo’limlari mavjud. Uning qoshida viloyatlar va barcha tumanlardagi kasaba uyushmalari jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari kengashi tuzilgan. Ularning tarkibida maxsus sport klublari mavjud. Ba’zi viloyatlar va tumanlarda bu sport jamiyatini «Paxtakor» sport jamiyati deb qabul qilganlar. Bu, o’z navbatida, aniq maqsadga qaratilganligidan dalolat beradi. Chunki barcha viloyatlarning ko’pgina tumanlari qishloq aholisi va mehnatkash ishchi sportchilarni o’z ichiga oladi.
Kasaba uyushmalari jismoniy tarbiya-sport jamiyati ko’p tarmoqli va keng kamrovli jamiyatlar tarkibiga kiradi. SHu sababdan ishlab chiqarish jarayonlari, mehnat turlari, shart-sharoitlarning qay darajadaligi jamiyatning faoliyatini belgilaydi. Bu sport jamiyatining Nizomida uning tashkiliy tuzilishi, vazifalari, moddiy-texnik manbai, moliyaviy-xo’jalik faoliyatlari va boshqa sohalar aniq belgilab berilgan. Ma’lumki, jismoniy tarbiya va sport harakatining boshlang’ich tashkiloti – jismoniy tarbiya jamoalari va sport klublaridir. Ular ishlab chiqarish korxonalari, o’quv yurtlari va turli muassasalarda maxsus Nizom asosida tashkil etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |