Liderlik uslubi - lider yoki rahbar tomonidan unga bo`ysunuvchi yoki unga qaram bo`lgan odamlarga ta’sir ko`rsatish uchun qo`llaniladigan usul va metodlar to`plamidan iboratdir. Liderlik uslubi Kurt Levin tomonidan taklif qilingan bo`lib, rahbarlikning uchta uslubi ajratilgan (3.3-chizma):
Avtoritar rahbar- barcha ko`rsatmalarni ishchanlik ruhida aniq, ravshan, keskin ohangda hodimlarga yetkazadi.
Muloqot jarayonida ham hodimlarga nisbatan do`q-po`pisa, keskin ta’qiqlash kabi qat’iy ohanglardan foydalaniladi. Uning asosiy maqsadlaridan biri - nima bilan bo`lsada, o`z hukmini o`tkazish. Uning nutqi aniq va ravon, doimo jiddiy tusda bo`ladi, biror ish yuzasidan hodimlarni maqtash yoki ularga jazo berish, tanqid qilish sof sub’yektiv bo`lib, bu narsa boshliqlarning kayfiyatiga va o`sha shaxslarga nisbatan shaxsiy munosabatiga bog`liq. Jamoa a’zolarining tilak-istaklari, ularning fikrlari va maslahati juda kam hollardagina inobatga olinadi, aksariyat hollarda bunday istaklar yoki ko`rsatmalar to`g`ridan-to`g`ri kamsitish yoki ma’naviy jazolash yo`li bilan cheklanadi yoki qoniqtirilmaydi. Bunday rahbar o`zining ish uslublarini, kelajak rejalari, biror aniq ishni, qanday amalga oshirmoqchiligini odatda, sir tutadi, uning fikricha, bu uning obro`siga salbiy ta’sir ko`rsatishi mumkin. Avtoritar rahbarda har bir jamoa a’zolarining qobiliyati, ishga munosabatlari, mavqelariga ko`ra tutgan o`rinlari haqida tasavvur borki, shunga ko`ra u har bir xodimning ish harakterlarini maksimal tarzda dasturlashtirib qo`ygan. Unda har qanday cheklanishlar, ochiq g`azabini keltiradi va buning uchun unda jazolashning turli uslullari mavjud. Yana bunday jamoalardan hokimiyat - markazlashtirilgan jamoa rahbari ushbu markazning yakka hokimi - shuning uchun ham bu yerda «mening odamlarim», «mening ishim», «mening fikrim bo`yicha» qabiladagi iboralar tez-tez ishlatib turiladi.
Demokratik rahbar- aksincha, bo`ysunuvchilarga mustaqillik, erk berish tarafdori. Ishni ishchilarning shaxsiy qobiliyatlarini hisobga olgan holda taqsimlaydi. Bunda u xodimlarning shaxsiy moyilliklarini ham hisobga oladi. Buyruq yoki topshiriq, odatda taklif ma’nosida beriladi. Nutqi oddiy, doimo osoyishta, sokin, unda o`rtoqlarcha, do`stona munosabat sezilib turadi. Biror kishini maqtash, uni lavozimini oshirish yoki ishdagi kamchilikka ko`ra, ishiga baho berish doimo jamoa a’zolarining fikri bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Jamoada tanqid va o`z-o`zini tanqid shunday yo`lga qo`yilganki, uning oqibatidan hech kim aziyat chekmaydi. Chunki ko`proq boshliq emas, balki jamoaning boshqa faollari - norasmiy liderlar tanqid qiladilar. Boshliq yo`l qo`ygan xato-kamchiliklarini jamoatchilik oldida bo`yniga oladi va olishdan qo`rqmaydi, chunki undagi mas’uliyat hissi nafaqat yuqori boshqaruv tashkilotlari a’zolari bilan muloqot paytida, balki xodimlar bilan muloqotda ham sezilib turadi va qo`yilgan topshiriq yuzasidan mas’uliyatni boshqalarga ham bo`lib berishni yaxshi ko`radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |