birinchisi- jinoyat sodir etishdan qaytishning ixtiyoriyligi;
ikkinchisi- jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishning qat’iligi.
Ixtiyoriylik degandа shaxsning boshlangan jinoiy harakatni o‘z xohishi bilan hech qanday tashqi ta’sirlarsiz oxiriga yetkazish imkoni borligini anglagan holda to‘xtatishi tushiniladi. Bunday qaytishning motivi turlicha (uyalish, farzandlari taqdiri haqida o‘ylash, diniy e’ti-qodi, jabrlanuvchiga rahmi kelishi va boshqalar), shuningdek, qarin-dosh va do‘stlarining maslahatlariga natijasida bo‘lishi mumkin.
Ixtiyoriy qaytishning muhim shartlaridan biri bu shaxsning jinoyatni davom ettirish va yakuniga yetkazishga imkoni borligini anglashidir. Bunday holatlarsiz shaxs agar o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra jinoyatni yakuniga yetkaza olmasa yoki uni sodir etishga qodir bo‘lmasa, uni jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish sifatida baholashga asos bo‘lmaydi. Masalan, agar shaxs qasddan odam o‘ldirishga harakat qilsa, lekin atrofda odamlarning borligi, qurolning yaroqsizligi tufayli qilmishni sodir etmasa, bu ixtiyoriy qaytish hisoblanmaydi.
Demak, jinoyat sodir etish uchun imkoniyatning yo‘qligi ixtiyoriy qaytish hisoblanmaydi, balki jinoyatchi jinoiy harakatni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.
Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish qat’i bo‘lishi kerak. Qat’ilik jinoyat sodir etayotgan shaxsning jinoyat sodir etish fikridan qaytishi va o‘zining jinoiy harakatini to‘xtatishidir. Ixtiyoriy qaytishda vaqt jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytgan hollarda ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Bu ikki belgiga ko‘ra jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish deb hisoblash uchun: birinchidan, jinoyatni oxiriga yetkazish imkoni mavjudligi; ikkinchidan, jinoiy oqibatning oldi olingan bo‘lishi kerak.
Shaxsning jinoyatni oxiriga yetkazish imkoni borligini anglashi shuni ifodalaydiki, u jinoyatni oxiriga yetkazish uchun barcha imko-niyatlarga, jinoyatni amalga oshirish uchun barcha qurol va vosita-larga ega bo‘ladi va buni biladi.
Ixtiyoriy qaytish jinoiy oqibat yuz bergunga qadar, ya’ni tayyorgarlik va suiqasd bosqichida bo‘lgan bo‘lishi lozim.
Jinoyat kodeksida jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishning ikkita turi belgilangan bo‘lib, ulardan biri jinoyatning obyektiv tomoni sodir etilgunga qadar bo‘lgan barcha harakatlar, ikkinchisi, obyektiv belgilariga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi harakatlardir.
Ixtiyoriy qaytishning bu ikki turi obyektiv belgilariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi, biroq har ikki tur uchun umumiy bo‘lgan:
a) jinoiy harakatni yoki jinoiy oqibat yuz berishini to‘xtatish;
b) ixtiyoriy qaytish;
c) qaytishning qat’iligi kabi belgilarga egadir.
Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishning passiv ko‘rinishi moddiy va formal tarkibli jinoyatlarda bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda eng muhimi shaxsning tayyorgarlik harakatini boshlaganligi yoki jinoyat obyektiv tomonini bajarishga kirishganligi va jinoyatni to‘liq sodir etmasligi hisoblanadi. Ixtiyoriy qaytishning birinchi turi passiv bo‘lib, jinoiy faoliyat jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd qilish bosqichida tugaydi. Jinoyat sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish bosqi-chida ixtiyoriy qaytish, odatda, passiv harakat orqali amalga oshirila-di. Masalan, jinoyatga tayyorgarlikni to‘xtatish. Shuningdek, ixtiyoriy qaytish aktiv harakat bilan ham amalga oshirilishi mumkin (masalan, jinoyat qurolini yo‘qotish, huquqni muhofaza qilish organlariga tayyorlanayotgan jinoyat haqida xabar berish). Ixtiyoriy qaytishning ikkinchi turi esa shaxs tomoniidan sodir etilgan jinoyat oqibatining oldini olishga qaratilgan harakatdir.
Tamom bo‘lmagan suiqasd bosqichidagi ixtiyoriy qaytish ham harakatsizlikda ifodalanadi. Shaxs jinoyatning obyektiv tomonini amalga oshirishni boshlagan holda uni oxiriga yetkazmasdan tugatadi. Masalan, jinoyatchi o‘g‘rilik jinoyatini sodir etish maqsadida uyning qulfini buzadi, ammo uyda xonadon egalarining borligini ko‘rib jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytadi. Tamom bo‘lmagan suiqasd aktiv harakat orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Masalan, ona o‘z chaqalog‘ini o‘ldirish maqsadida uni ovqatlantirmay qo‘yadi, lekin keyinchalik buning oldini olish maqsadida zarur choralarni ko‘radi. Shaxs jinoyatni jinoyatni tavsiflovchi tashqi ta’sir ostida emas, balki o‘zining ichki ishonchiga asosan sodir etmaydi.
M.H.Rustamboyev va Q.Payzullayevning fikrlariga ko‘ra, tamom bo‘lgan suiqasdda ixtiyoriy qaytish bo‘lishi mumkin emas. Ular o‘z fikrlarini qasddan odam o‘ldirish jinoyati misolida ko‘rib chiqib shunday deydilar: “shaxs odam o‘ldirishga suiqasd qilgan bo‘lsa, u sodir etib bo‘lingan harakatni bartaraf eta olmaydi”5.
Ba’zi bir olimlarning fikriga ko‘ra: “Tamom bo‘lgan suiqasdda ixtiyoriy qaytish, ba’zi jinoyatlarda, qaysiki, jinoyat sodir etish bilan uning oqibati kelib chiqishi oralig‘ida muayyan vaqt bo‘lgan va ushbu vaqt oralig‘ida shaxs jinoiy oqibatning oldini olishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarda mavjud bo‘lishini ta’kidlaydilar”.
Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish subyektiv tomondan qasddan sodir etilgan jinoyatlarda mavjud bo‘ladi. Masalan, jinoyatchi uy ichida odamlar uxlayotganligini bilgan holda uyga o‘t qo‘yadi. Uning uyga o‘t qo‘yishga bo‘lgan munosabati to‘g‘ri qasddan, ichkarisidagi odamlarning hayotiga bo‘lgan munosabati esa egri qasddan bo‘ladi. Chunki uy ichidagi odamlar olovdan qochib o‘lmay qolishi ham mumkin. Agar shaxs jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytsa, ham to‘g‘ri qasddan, ham egri qasddan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatdan ixtiyoriy qaytishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 30-moddasi ishtirokchilikda sodir etilayot-gan jinoyatlardan ham ixtiyoriy qaytganlik uchun javobgarlikni istisno etadi. Tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi ixtiyoriy ravishda jinoyat sodir etishdan qaytib, jinoyatning oldini olish uchun zarur bo‘lgan o‘ziga bog‘liq barcha choralarni o‘z vaqtida ko‘rsa, u jinoyatda ishtirok etganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.
Bu qoidadan ishtirokchilarning jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishi yakka shaxsning jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishidan keskin farq qiladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |