66.
Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishning tartibini yoriting
Jinoyat qonuni alohida hollarda jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni nazarda tutadi.
Bunday hollarda mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilinadi, lekin jazoning
o‘talmay qolgan qismi yengilroq turdagi jazo bilan almashtiriladi. Jazoni yengilrog‘i bilan
almashtirish jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilishdan farqli ravishda shartsiz
hisoblanadi. Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish:
- ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumlarga;
- ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan mahkumlarga; - axloq tuzatish ishlari jazosi
tayinlangan mahkumlarga;
- jazo tizimidagi ushbu uch jazo turiga nisbatan yengilroq turdagi jazo turiga sud jazoning
o‘talmagan qismini almashtirishini nazarda tutadi.
Mahkumga nisbatan, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalarini qo‘llash asoslari:
- mahkumga ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazosi
tayinlanganligi;
- mahkum jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol
munosabatda bo‘lganligi;
- sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazo muddatini ma’lum bir qismini haqiqatda
o‘taganligi;
- mahkum sodir etgan jinoyati JK 97-moddasi 2-qismi, JK 118-moddasi 4-qismi, JK 119-
moddasi 4-qismi va “O‘zbekiston Respublikasiga qarshi”, “Tinchlik va insoniyat xavfsizligiga
qarshi jinoyat”lar sodir etish, jinoiy uyushma tashkil etish, yadroviy, kimyoviy, biologik va
boshqa xildagi ommaviy qirg‘in qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun
foydalanish mumkinligi ayon bo‘lgan material va uskunalarni, kontrabanda qilish jinoyatlarini
tashkil etmasligi.
Ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning o‘talmagan qismi
axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda - axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish,
ozodlikni cheklash jazolarining o‘talmagan qismi muddatiga tayinlanadi va almashtirilgan
axloq tuzatish ishlari jazosi uch yildan ortiq bo‘lishi ham mumkin. Jazosi yengilroq turdagi
jazo turi bilan almashtirilgan mahkumlar jazoning tegishli qismini o‘tab bo‘lganlaridan keyin
jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qoidalariga binoan jazodan muddatidan
ilgari ozod qilinishlari mumkin. Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxs jazoning
o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa - sud unga JKning 60-
moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq almashtirilgan jazo turini yangi sodir etilgan
jinoyat uchun tayinlangan jazo turiga qo‘shib, bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |