52. Bir qancha jinoyatlar yuzasidan jazo tayinlashni tahlil qiling Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash (JK 59- moddasi) bir qancha
jinoyatlar sodir etishning - jinoyatlar majmui ko‘rinishiga taaluqlidir. Jinoyat qonunida ko‘zda
tutilgan, jinoyatlar majmui bo‘yicha jazo tayinlash qoidalari qo‘yidagi hollarda qo‘llaniladi:
- qilmish jinoyat qonunining turli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinganda;
- qilmish JK Maxsus qismi bitta moddasining bir necha qismlari bilan kvalifikatsiya
qilinganda, basharti ushbu qismlar turli jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutsa;
- shaxs bir necha qilmishni sodir etgan bo‘lib, ulardan biri tugallangan jinoyat tariqasida,
boshqalari esa jinoyatga tayyorgarlik, suiqasd yoki ishtirokchilikda sodir qilinganda;
- ish bo‘yicha hukm chiqarilgandan keyin maqkumning birinchi ish bo‘yicha chiqarilgan
hukmgacha yana boshqa jinoyatda aybdorligi aniqlanganda;
- ish bo‘yicha shaxsga ayblov hukmi e’lon qilinib, ushbu hukm qonuniy kuchga kirmasdan
shaxsning boshqa bir jinoyatni sodir qilganda.
Jinoyatlar majmui bo‘yicha jazo tayinlash deb - sud JKning 54 -moddasida nazarda
tutilgan qoidalarga muvofiq har qaysi jinoyat uchun alohida jazo tayinlab, so‘ngra tayinlangan
yengilroq jazoni og‘irrog‘i bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni to‘la yoki qisman
qo‘shish yo‘li bilan uzil–kesil jazo tayinlashiga aytiladi. 115 Ya’ni sud sodir qilingan barcha
jinoyatlarning har biri uchun alohida jazo tayinlaydi so‘ngra ushbu jazo turlarini to‘la yoki
qisman qo‘shib (JK 61-moddasi qoidalariga ko‘ra) yoxud yengilroq jazo turini og‘irrog‘i bilan
qoplab uzil-kesil bitta jazo turini tayinlaydi. Jazolarni qo‘shish deganda – turli jazo turlarini
bir xil ko‘rinishdagi jazo turiga aylantirilib, ularning muddatlari qo‘shilishiga aytiladi. Ushbu
holat bo‘yicha jazo turlari qo‘shilganda JK 61-moddasi qoidalariga qat’iy amal qilinishi shart.
Ya’ni JK 61-moddasi qoidalariga ko‘ra axloq tuzatish ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash,
ozodlikni cheklash va intizomiy qismga jo‘natish, majburiy jamoat ishlari jazolari biribiri bilan
qo‘shilmaydi, balki ushbu jazo turlari faqatgina ozodlikdan mahrum qilish jazosigagina
qo‘shilishi mumkin. Jazolarni qoplash deb - sodir qilingan jinoyatlar uchun tayinlangan turli
jazo turlaridan eng og‘irining muddati o‘zgartirilmasdan boshqa jinoyatlar uchun ham yetarli
miqdordagi jazo deb hisoblangan holdagi jazo tayinlanishiga aytiladi. Ushbu qoida faqat sodir
etilgan jinoyatlar ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha
og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni tashkil qilganda yoki sodir etilgan jinoyatlarning bittasi uchun
umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi yoxud uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish
jazosi tayinlanganda amalga oshirilishi mumkin