«jinoyat huquqi» kafedrasi mavzu: Jinoyat prosessida fuqaroviy da’vo va boshqa mulkiy undirishlar


Mulkiy undirishlarda jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgarning ishtirokining o’ziga xos xususiyatlari



Download 409,5 Kb.
bet2/4
Sana24.06.2017
Hajmi409,5 Kb.
#14849
1   2   3   4

1.2. Mulkiy undirishlarda jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgarning ishtirokining o’ziga xos xususiyatlari

Jinoyat, shuningdek aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi shaxsga ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar bo’lgan taqdirda, bunday shaxs jabrlanuvchi deb e’tirof etiladi. Ishning barcha holatlarini to’la, har tomonlama va xolisona tekshirishda jabrlanuvchining ishtirokini inkor etish jinoyat sudlov ishlarining demokratiya va tortishuv prinsiplariga zid yuritilayotgani to’g’risida xulosa chiqarishga va ularning isbotlashda ishtirok etish huquqi cheklanishiga olib kelgan bo’lar edi. Lekin bu ishtirokchilar isbotlashni amalga oshirish imkoniyatiga ega emaslar, chunki ular zimmasiga o’z shaxsiy manfaatdorligini hisobga olgan holda ishning barcha holatlarini to’la va xolisona tekshirish vazifasi yuklatilmagan, yuklatilishi ham mumkin emas.20

Adabiyotlarda jabrlanuvchiga bir necha xil ta’riflar berilgan. Jabrlanuvchi deb jismoniy, ma’naviy, mulkiy yoki boshqa bir turli zarar yetkazilgan, jinoyat qonunchiligida ko’zda tutilgan boshqa jinoiy qilmish sodir etilishi tufayli qonuniy haq-huquqlari cheklangan shaxs tan olinib, u faqat jismoniy shaxs bo’lishi lozim.21 Rossiya Federasiyasi JPKga muvofiq, jabrlanuvchi deb - shaxsga jismoniy, mulkiy, ma’naviy zarar yetkazilgan bo’lsa - jismoniy, jinoyat sodir etilishi bilan mulkiy yoki ish reputasiyasi zarar ko’rgan bo’lsa, yuridik shaxslar e’tirof etiladi.22 Qozog’iston Respublikasi JPKning 75-moddasiga muvofiq, jinoyat prosessida jismoniy, mulkiy, ma’naviy zarar yetkazilgan shaxs jabrlanuvchi deb tan olinadi. Agar yuridik shaxsga jinoyat tufayli mulkiy va ma’naviy zarar yetkazilgan bo’lsa, u ham jabrlanuvchi tariqasida e’tirof etilishi mumkin.23 Bu yerda jabrlanuvchining huquq va majburiyatlarini jabrlanuvchi yuridik shaxslarning manfaatli vakili amalga oshiradi.

Jabrlanuvchining prosessual maqomini tushunish uchun «jabrlanuvchi» va «jinoyat qurboni» tushunchalarini taqqoslash lozim. Chunki, har qanday jinoyat qurboni ham jinoyat prosessual tushunchada jabrlanuvchi bo’la olmaydi (bu asosan latent jinoyatlar qurboni va jinoyat qurbonining o’limini keltirib chiqargan jinoyatlarga xosdir). Bundan tashqari, jinoyat qurboni surishtiruvni olib borgan shaxs tomonidan maxsus qaror chiqarilganidan keyin jabrlanuvchi maqomini oladi.

Jabrlanuvchi deb e’tirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi (JPKning 54-moddasi).

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jismoniy, mulkiy va ma’naviy zararning mavjudligi va uning jinoiy qilmish bilan o’zaro bog’liqligini aniqlashi, so’ngra shaxsni jabrlanuvchi deb e’tirof etish to’g’risida qaror chiqarishi, jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakilini ushbu qarordan xabardor etishi, jabrlanuvchiga huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishi va bu haqda bayonnomada qayd etishi kerak. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sudya jabrlanuvchining huquqlarini kafolotlovchi quyidagi harakatlarni amalga oshirishlari lozim:



  • uni jabrlanuvchi deb e’tirof etilishi sabablaridan qat’i nazar, jinoyat ishini qo’zg’atish yoki ishni to’xtatish to’g’risidagi materiallar bilan tanishtirish;

  • jabrlanuvchiga ishning to’xtatilish sabab va asoslari haqida xabar berish yoki uni, uning qonuniy vakilini ushbu materiallar bilan tanishtirish;

  • jabrlanuvchini ekspertiza tayinlash to’g’risidagi qaror bilan tanishtirish va undan ekspertga o’zi uchun muhim bo’lgan boshqa turdagi savollarni berish xohishini so’rash; ekspertiza o’tkazish uchun tayinlangan mutaxassisga ishonishi yoki ishonmasligini surishtirish; ekspertiza tugagandan so’ng, uni ekspert xulosasi bilan tanishtirish;

  • jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga binoan uning qonuniy huquq va manfaatlariga ta’sir etuvchi prosessual qarorlar (jinoyat ishi qo’zg’atishni rad etish, jabrlanuvchi yoki fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish, jinoyat ishini to’xtatish to’g’risidagi hamda sud qarorlari va h.k.) ning nusxalarini berish.

Jinoyat ishini qo’zg’atishni rad etish to’g’risida surishtiruv organlari tomonidan noqonuniy ravishda qaror chiqarilganda, ishni o’z yurituviga qabul qilgan tergovchi:

  • yetkazilgan zararning hajmi va xususiyati sun’iy ravishda kamaytirilib, qilmish «kam ahamiyatli» etib ko’rsatilmaganligi;

  • jabrlanuvchiga tergov davomida biror kimsa tomonidan o’ziga yetkazilgan jismoniy, ma’naviy yoki moddiy zararni dekriminallashtirish yoki oqlash yuzasidan qayta ariza yozish uchun taz’yiq o’tkazilmaganligi;

  • jabrlanuvchi va jinoyat sodir etgan shaxsning jinoyatning ijtimoiy xavfliligi aniq bo’lgan holda majburiy tarzda «yarashtirilmaganligi» va jinoyat ishining keyinchalik soxtalashtirilmaganligi;

  • surishtiruvchi tomonidan chiqarilgan jinoiy ish qo’zg’ashni rad etish to’g’risidagi asoslanmagan qaror chiqarilganligi uchun bu to’g’rida shikoyatchi (jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili) xabardor etilmaganligi kabi holatlarni aniqlashi lozim.

Jinoyat natijasida shaxsga bevosita ma’naviy, jismoniy va moddiy zarar yetkazilganligi to’g’risidagi taxmin jabrlanuvchi deb e’tirof etish haqida qaror chiqarilishiga asos bo’ladi.24

Fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etish paytdan boshlab keng qamrovli huquqlarga ega bo’ladi, ulardan foydalangan holda prosessda ishtirok etib, o’z huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qiladi.

Ma’naviy zarar jabrlanuvchining unga nisbatan sodir etilgan g’ayriqonuniy harakatlar natijasida boshidan kechiradigan hissiy yoki jismoniy azoblanishidir (masalan, haqoratlash, qadr-qimmatini kamsitish va boshqalar). Jismoniy zarar sog’liqning buzilishida, tan jarohati yetkazilishida, jismoniy azoblanishda namoyon bo’ladi. Moddiy zarar esa jabrlanuvchiga tegishli moddiy boyliklarning o’g’irlanishida, ularning yo’qolishi yoki ularga zarar yetkazilishidan iboratdir. Bir jinoyat natijasida shaxsga nisbatan barcha turdagi zararlar yetkazilishi mumkin.

Shaxs o’z iltimosi yoki ishni olib boruvchi shaxslar taklifi bilan jabrlanuvchi deb e’tirof etilishi mumkin. Jabrlanuvchi o’ziga jinoiy harakat natijasida zarar yetkazilganligi sababli emas, balki unga nisbatan prosessual akt (qaror) chiqarilganligi yuridik fakti munosabati bilan jinoyat-prosessual munosabatlarga kirishadi. Jinoyat natijasida shaxsga zarar yetkazilishi, aniqrog’i zarar yetkazilganligi to’g’risida ma’lumotning mavjudligi shaxsni jabrlanuvchi deb e’tirof etuvchi qaror chiqarishga asos bo’lib xizmat qiladi. Qonunda ushbu qaror va shaxsga yetkazilgan zarar bir biri bilan bog’langan va shaxsga faqat zarar yetkazilgan holdagina u jabrlanuvchi deb e’tirof etiladi.

Sodir etilgan jinoyat va yetkazilgan zarar o’rtasida to’g’ridan to’g’ri va ichki bog’liqlik bo’lishi kerak, chunki yetkazilgan zarar ushbu jinoyatning bevosita mahsuli hisoblanadi. Haqiqatan ham zarar aynan ushbu jinoyat orqali yetkazilganligi, uning miqdori tergov va sud harakatlari davomida aniqlanadi, ammo bu shaxsning o’zi arz qilgan paytidan boshlab uni jabrlanuvchi deb tan olinishiga to’siq bo’lmasligi kerak. Aks holda zarar ko’rgan shaxs o’zining isbotlash jarayonidagi huquq va majburiyatlarini o’z vaqtida amalga oshira olmaydi.

Faqat tugallangan jinoyat ishlari bo’yicha emas, balki tugallanmagan yoki suiqasd tarzidagi jinoyatlarda ham shaxs jabrlanuvchi deb e’tirof etilishi mumkin.

Jabrlanuvchining o’limiga olib kelgan jinoyatlar to’g’risidagi ishlar bo’yicha qonunda ko’zda tutilgan huquq va majburiyatlarni dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan marhumning qonuniy vakili deb e’tirof etilgan yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar amalga oshiradilar (JPKning 55-moddasi). Yaqin qarindoshlar sirasiga ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, turmush o’rtog’i, bolalari, farzandlikka olinganlar, nevaralari, turmush o’rtog’ining ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari kiradi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, RF JPKga ko’ra yuridik shaxslar ham jabrlanuvchi deb e’tirof etiladi. Yuridik shaxsni jabrlanuvchi deb e’tirof etishga uning mulki, ish obro’siga zarar yetkazish asos bo’ladi.25 Umumiy ma’noda «obro’» - bu jamiyatda kim haqdadir paydo bo’lgan fikr hisoblanadi. Korxona ish obro’sining musbat (xaridor tomonidan kelgusi iqtisodiy manfaatni ko’zlab to’lanadigan narxga qo’shimcha) yoki manfiy (xaridor yo’qligi tufayli narxning tushish, sifat, marketing va sotish uslubi, biznes aloqalari, boshqarish usuli, xodimlarning malakaviy darajasi va h.k.) bo’lishi hisobga olinib, sud tomonidan faqat musbat tomoni ko’rib chiqiladi. «Jabrlanuvchi deb tan olish uchun shunga mos keluvchi biron bir alomatning bo’lishi yetarlidir va qandaydir zararli oqibatning kelib chiqishi talab etilmaydi».26 Shu o’rinda aytmoqchimizki, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligidagi yuridik shaxslarning jabrlanuvchi deb e’tirof etilmasligi haqida qoida afzal, chunki qonunda yuridik shaxs bo’lgan fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgarlarga keng huquq va majburiyatlar berilgan.

Jabrlanuvchi deb e’tirof etish shaxsning arizasiga ko’ra yoki jinoyat ishi yurituvida bo’lgan mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Bunda jinoyatning kim tomonidan sodir etilganligi aniqlangan yoki aniqlanmaganligi, uning ushlangan yoki ushlanmaganligi, jabrlanuvchi va jinoyatchining o’zaro munosabatlari hyech qanday ahamiyat kasb etmaydi.

Shaxsni jabrlanuvchi deb e’tirof etish to’g’risidagi qaror uning qonunda nazarda tutilgan harakat (yoki harakatsizlik) qurboni bo’lganligi haqidagi fakt ayon bo’lganidan va jinoyat ishi qo’zg’atilganidan keyin chiqarilishi lozim. Shaxsni jabrlanuvchi deb e’tirof etish to’g’risidagi qarorning asossiz ravishda kechiktirilishi uni jinoiy jarayonda faol ishtirok etishiga to’siq bo’ladi. Jabrlanuvchi deb e’tirof etish yakka tartibda amalga oshirilib, har bir jabrlanuvchi uchun alohida qaror chiqariladi.

Jinoyat prosessual qonunchiligiga ko’ra jabrlanuvchi voyaga yetmagan shaxs bo’lsa, yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb tan olingan bo’lsa, ushbu ish bo’yicha u bilan birga uning qonuniy vakili qatnashadi.

Jabrlanuvchining huquq va majburiyatlari JPKning 55-moddasida batafsil bayon etilgan. Unga ko’ra jabrlanuvchi: ko’rsatuv berish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; o’z ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish; o’z manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy vakil olish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; dastlabki tergov tamom bo’lganidan so’ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish; qonunda nazarda tutilgan hollarda yarashuv to’g’risida arizalar berish hamda yarashuv to’g’risidagi ishlar bo’yicha, birinchi instansiya, apellyasiya, kassasiya va nazorat instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; shaxsan o’zi yoki qonuniy vakili orqali sudda ayblovni quvvatlash; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va u haqda o’z mulohazalarini bildirish; ish bo’yicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor bo’lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir. Quyida ulardan ba’zilariga to’xtalib o’tamiz.

Jabrlanuvchi ko’rsatuvlarni so’roq vaqtida yoki o’z xoxishi bilan yozma holda berishi mumkin. Ko’rsatuv berish tashabbusi jabrlanuvchining o’zidan yoki surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki suddan kelib chiqishi mumkin.

Jabrlanuvchini odatda dastlabki tergov o’tkazilgan joyda so’roq qilinadi. Bitta jinoyat ishi bo’yicha chaqirilgan jabrlanuvchilar yakka tartibda, boshqa jabrlanuvchilarning ishtirokisiz so’roq qilinadi. Tergovchi ularning o’zaro muloqot qilishining oldini olish choralarini ko’rishi lozim.

So’roq qilishdan avval jabrlanuvchining shaxsi aniqlanib, uning huquq va majburiyatlari, ko’rsatuv berishdan bosh tortish va yolg’on ko’rsatuv berganlik uchun javobgarlikka tortilishi tushuntiriladi (voyaga yetmagan shaxslar so’rog’i bundan mustasno).

Jabrlanuvchining ko’rsatuvlari JPKning 106-moddasida belgilangan tartibda tuziladigan so’roq bayonnomasiga yozib boriladi. So’roq tugashi bilan jabrlanuvchi o’z ko’rsatuvlarini yozma ravishda taqdim etishi mumkin va bu haqda bayonnomada qayd etiladi. Jabrlanuvchining ko’rsatuvlari uning o’zi va so’roqni olib borgan shaxs tomonidan tasdiqlanib, imzo qo’yiladi.

Jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan dalillarni taqdim etilishi ham qonunga ko’ra dalillar to’plash usullaridan biri hisoblanadi. Jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili ko’rib chiqilayotgan jinoyat ishiga aloqador bo’lgan faktik ma’lumotlarga ega bo’lsalar, ular ushbu ma’lumotlarni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga taqdim etishlari mumkin. Bu holda dalillarni qabul qilgan mansabdor shaxslar jabrlanuvchilarni ushbu ma’lumotlar, buyumlar, hujjatlar va h.k.lar qay holda, qachon, kim tomonidan topilganligi va shunga o’xshash boshqa ma’lumotlarni bilish uchun so’roq qilinib, so’roq natijalariga ko’ra bayonnoma tuziladi. O’zlarining dalillar taqdim etish huquqi asosida jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili dalillarni topish maqsadida tezkor-qidiruv ishlarini olib borish to’g’risida iltimosnoma bilan murojaat qilishlari mumkin.

Jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan dalillar taqdim etilishi erkin harakat hisoblanadi. Jabrlanuvchi tomonidan dalillar taqdim etishga e’tiroz bildirilgan holatlarda esa, agar jinoyat ishi uchun zarur bo’lsa, qidirilayotgan buyum, narsa va hujjatlar majburan olib qo’yilishi, jinoyatdan jabr ko’rgan shaxsnikida tintuv o’tkazilishi mumkin.

Iltimosnoma berish va rad etish jabrlanuvchining eng asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Ushbu harakat vositasida jabrlanuvchi tergov harakatlari va sud muhokamasining yo’nalishi va natijalariga ta’sir o’tkazishi mumkin. Qonunda jabrlanuvchining iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilishi mumkin bo’lgan holatlarning ro’yxati keltirilmagan, chunki bu holatlarni oldindan aytib o’tish mushkul.

Iltimosnoma va shikoyatlar jabrlanuvchi tomonidan yozma yoki og’zaki holda berilishi mumkin, yozma holda berilgan murojaatlar ish jildiga tikib qo’yiladi, og’zaki murojaatlar esa bayonnomada qayd etilishi lozim.

Amaldagi JPKda jabrlanuvchining murojaatlarini hal etish muddati belgilanmagan bo’lsa-da, bu jabrlanuvchi o’z murojaatlari yuzasidan surishtiruvchi, tergovchiga ta’sir o’tkazishi mumkin emas, degan tushunchani keltirib chiqarmasligi kerak. Iltimosnoma va shikoyatning hal qilinishi yo’lida sansalorlikka yo’l qo’yilganda yoki uni hal etish muddati cho’zilib ketganda, jabrlanuvchi surishtiruvchi yoki tergovchi faoliyati ustidan shikoyat qilib, ularni nazorat etuvchi prokurorga, nazorat etuvchi prokuror ham xuddi shu kabi loqaydlik ko’rsatsa, yuqori turuvchi prokurorga murojaat qilishi mumkin. Jabrlanuvchining surishtiruvchi yoki tergovchining harakati va chiqargan qarorlari yuzasidan shikoyatlari shikoyat keltirilayotgan surishtiruvchi yoki tergovchi orqali prokurorga taqdim etiladi. Shu o’rinda mualliflarning jabrlanuvchiga to’g’ridan to’g’ri sudga shikoyat qilish huquqi berilishi lozimligi to’g’risidagi takliflarga qo’shilamiz.27

Qonunda jabrlanuvchining sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvni olib borgan shaxs, sud majlisi kotibi, tarjimon, mutaxassis, advokat, kasaba yoki boshqa uyushma vakillarini rad etishi mumkin.

Sud muhokamasi olib borilayotgan tilni bilmaydigan jabrlanuvchiga o’z ona tilida ariza yozish, ko’rsatuv berish, shikoyat qilish, ish materiallari bilan tanishish, sudda o’z ona tilida gapirish va tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqlari beriladi.

Jabrlanuvchini tarjimon bilan ta’minlash huquqi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud zimmasiga yuklatilgan bo’lib, ular jabrlanuvchining sud muhokamasi olib borilayotgan tilni bilish yoki bilmasligini aniqlashlari, jabrlanuvchiga tarjimon xizmatidan foydalanish huquqini tushuntirishlari va lozim bo’lsa, tarjimon bilan ta’minlashlari lozim.

Dastlabki tergov tamom bo’lganidan so’ng, to’plangan dalillar ayblov xulosasini tuzish uchun yetarli deb topilsa, tergovchi bu haqda albatta jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakiliga xabar berishi va ularning og’zaki yoki yozma iltimosiga binoan ish materiallari bilan tanishtirishi lozim. Dastlabki tergov davomida kino, video tasvirga olish yoki ovoz yozish moslamalari ishlatilgan bo’lsa, ular jabrlanuvchining iltimosiga binoan unga namoyish etilishi yoki eshittirilishi mumkin. Ish materiallari bilan tanishib chiqib, jabrlanuvchi qo’shimcha tergov harakatlari yuritish to’g’risida iltimosnoma berishga haqli. Iltimosnomaning to’liq yoki qisman qondirilishiga qarab tergovchi jinoyat ishi bo’yicha ish yuritishni qayta boshlaydi va jabrlanuvchi so’ragan harakatlarni o’tkazadi. Jabrlanuvchi iltimos qilgan harakatlar yakuniga yetgandan so’ng, tergovchi jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakilini bu haqda xabardor etadi va qaytadan yangi ish materiallari bilan tanishib chiqish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari amaldagi JPKda jabrlanuvchining jinoyat ishidan kerakli bo’lgan ma’lumotlarni yozib olishi huquqi ham belgilangan.

Jabrlanuvchiga qonun tomonidan sud muhokamasida ishtirok etishi uchun ham keng huquqlar majmuasi belgilangan. Sud jarayonida jabrlanuvchi yangi guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar chaqirish to’g’risida murojaat qilish, dalillar va hujjatlarni talab qilib olish; sudlanuvchi, guvohlarni so’roq qilish, ekspert oldiga yozma ravishda savollar qo’yish, sud muhokamasida qatnashayotgan boshqa a’zolar tomonidan qo’yilgan savollar bo’yicha o’z fikrini bildirish; sud majlisi jarayonida daliliy ashyolar namoyishida qatnashish; sud tergovini to’ldirish borasida murojaat qilish; boshqa ishtirokchilar tomonidan kiritilgan murojaatlarni muhokama qilishda qatnashish va ular to’g’risida o’z fikrini bildirish kabi huquqlarga ega bo’ladi.

Jabrlanuvchining sud muhokamasida ayblovni quvvatlashi asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Jabrlanuvchi o’zining sudda ayblovni quvvatlash huquqini qonuniy vakiliga berishi ham mumkin.

JPKning 55-moddasida jabrlanuvchining surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo’lish; haqqoniy ko’rsatuvlar berish; haqiqatni aniqlashga, dalillarni yo’q qilishga, soxtalashtirishga, guvohlarni ko’ndirishga urinish va shu kabi qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to’sqinlik qilmaslik; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning talabi bo’yicha dalillar taqdim qilish; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etish kabi majburiyatlari belgilangan.

Jabrlanuvchiga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo’lish majburiyati yuklangan. Jabrlanuvchi uzrli sabablarsiz kelmaganda, u JPKning 261-264 moddalariga muvofiq ravishda majburiy keltirilishi mumkin. Shu maqsadda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jabrlanuvchini majburiy keltirish to’g’risida tegishli tartibda asoslangan qaror chiqaradi. Ammo bu qarorni chiqarishdan avval jabrlanuvchining ixtiyoriy tarzda kelmaganligining sabablari atroflicha o’rganib chiqilishi, ma’lum shaxslardan kerakli tushuntirishlar olinishi, jabrlanuvchi taqdim etgan tegishli hujjatlar tekshirilishi lozim.

Jabrlanuvchi faqat haqqoniy ko’rsatuvlar berishi shart. Yolg’on ko’rsatuv berganligi uchun belgilangan tartibda JKning 238-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jabrlanuvchi surishtiruv, tergov yoki sud muhokamasi davrida, sud tomonidan hukm chiqarilgunga qadar o’zi bergan ko’rsatuvlarning yolg’onligi to’g’risida qo’shimcha ko’rsatuv bersa, jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Jabrlanuvchi ma’lumotlarni qaysi manbadan olganligini aniq ko’rsatishi lozim, aks holda ushbu ko’rsatuvlar dalil sifatida e’tiborga olinmaydi. Ma’lumot, axborot olingan manbaning aniq ko’rsatilmasligi xuddi yolg’on ko’rsatuv berish kabi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Jabrlanuvchi bergan ko’rsatuvlar isbotlashning asosiy manbalaridan biri hisoblanib, ushbu tizimda alohida o’rin tutadi. Ushbu ko’rsatuvlarning ba’zi jihatlari guvohlik ko’rsatuvlariga o’xshash bo’lsa-da, ulardan subyekti, prosessual tabiati, manfaati va olinadigan axborotning mazmuni bilan farqlanib turadi. Chunki bu ko’rsatuvlar jismoniy, ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazilgan va prosessual holatiga ko’ra jinoyat hodisasining bevosita ishtirokchisi bo’lgan shaxs tomonidan beriladi. Jabrlanuvchining ko’rsatuvlari muhim prosessual hujjat hisoblanib, ular jabrlanuvchi shaxsiyatining xususiyatlari bilan bog’liq holda va daliliy ahamiyati nuqtai nazaridan baholanishi zarur.

Jinoyatni ochish jarayonidagi muhim faktorlardan biri jabrlanuvchining o’z huquqlarini to’la anglab yetishidir. Jabrlanuvchi bergan ko’rsatuvlarining aniqligi va ishonchliligi uning huquq buzilishlarga nisbatan qanday munosabatda ekanligiga, tergov va odil sudlovga qanchalik yordam bermoqchiligiga bog’liq.

Tergovchining jabrlanuvchi ruhiy holatini, shaxsiy xususiyatlarini o’rganib, u bilan aloqa o’rnatishi va bu bilan ko’rsatuvlarning aniq va to’la bo’lishiga erishishi juda zarurdir. Jabrlanuvchining ruhiyatini o’rganish uning u yoki bu harakatlarni sodir etgan yoki etmaganligini, qanday harakatlar sodir etishga qodirligini aniqlashga, umuman, hodisa tafsilotlarini qayta shakllantirishga yordam beradi.

Jinoyatchining harakatlari, jinoiy qilmishning asoratlari ko’p hollarda jabrlanuvchini kuchli ruhiy hayajon, qo’rquv, og’ir tushkunlik, g’azab, norozilik, o’ksinish, o’zini yo’qotib qo’yish kabi og’ir holatlarga solib qo’yadi. Jabrlanuvchidagi ushbu xususiyatlarni e’tiborga olmasdan, ularni sinchiklab o’rganmasdan u bergan ko’rsatuvlarning to’la va aniqligiga ishonch hosil qilish qiyin.28

Jabrlanuvchining ko’rsatuvlarida xatoliklarga yo’l qo’ymaslik maqsadida uning jinoyatni sodir bo’lgan vaqtdagi ruhiy holati, hodisaning sodir etish vaziyati hamda jinoyatchi shaxsining xususiyatlariga ham e’tibor qaratish lozim. Jabrlanuvchi his etayotgan qo’rquv, uyat, g’azab, xafagarchilik va shu kabi holatlar voqyelikni noto’g’ri qabul qilish, uning hajmini o’zgartirish kabi hollarga olib kelishi amaliyotda o’z isbotini topgan. Shaxsga qilingan jinoiy tajovuz natijasida ro’y bergan fiziologik affekt oqibatida jabrlanuvchining o’z-o’zini idora qilishi, harakatlarni to’g’ri baholashi, real voqyelikni qabul qilishi qiyinlashadi. Ushbu holatda jabrlanuvchi jinoyatchining fiziologik belgilarini, ularning sonini, tajovuzning xarakterini baholashda turli qiyinchiliklarga duch keladi. Ammo ba’zi hollarda jinoyat sodir etilayotgan vaqtda jabrlanuvchi tomonidan his etiladigan bunday kuchli hayajon, hattoki unchalik ahamiyatli bo’lmagan detallar, voqyealar, jinoyatchining tashqi qiyofasiga oid kichik ma’lumotlarni yanada yaxshiroq, aniqroq eslab qolish imkonini beradi.

Jabrlanuvchiga kuchli ma’naviy zarar yetkazilganligi uchun u xayolan bir necha martalab sodir etilgan jinoyatga qaytadi va ushbu jinoiy harakat to’g’risidagi turli detallarni eslaydi. Bu esa jabrlanuvchiga birinchi so’roqda javob bera olmagan savollarini to’ldirish imkoniyatini beradi. Mana shuning uchun ham jabrlanuvchining ushbu holatini e’tiborga olgan holda, unga ortiqcha ruhiy shikast yetkazmaslikka harakat qilib, zarur bo’lsa qayta so’roq o’tkazilishi mumkin. Yana shuni e’tiborga olish lozimki, bo’lib o’tgan voqyeani xayolan jonlantirish va u bilan bog’liq hissiyotlarni qayta boshdan kechirish jarayonida jabrlanuvchida fikrlash jarayoni kuchayib, uning aybdorlarni topishga bo’lgan intilishini orttiradi. Mana shuning uchun jabrlanuvchilar ko’pgina hollarda kim va nima uchun ushbu jinoyatni sodir etganligi haqidagi taxminlarni bildiradilar. Tergovchi bu taxminlarning hyech bir asossiz aytilayotganligini bilsa ham, ularni darrov rad qilmasligi lozim. Birinchidan, bu jabrlanuvchi bilan ruhiy aloqa o’rnatishga yordam beradi. Ikkinchidan, jabrlanuvchining taxminlari haqiqatga yaqin bo’lishi mumkin, chunki sudlov ishlari amaliyotida bunday taxminlar to’g’ri chiqqan holatlar oz emas.

Ko’pchilik kriminalistlar jinoyatchining g’ayriqonuniy harakatlari jabrlanuvchiga to’g’ridan-to’g’ri zarar yetkazganligi va ularning shaxsiy manfaatdorliklarini hisobga olib, ularning ko’rsatuvlarini sinchiklab tekshirish lozim degan fikrni bildirganlar.29 Gap shundaki, jabrlanuvchilarning ko’rsatuvlari har doim ham beg’araz hamda xolisona bo’lavermaydi. Buning sabablari juda ko’p bo’lishi mumkin. Masalan, jabrlanuvchi jinoyatchidan o’ziga yetkazilgan azoblar, tahqirlashlar, moddiy va ma’naviy yo’qotishlar uchun o’ch olishga, huquqbuzarning javobgarlikka tortilganligidan maksimal ravishda moddiy zararni undirishga, jinoyatchining qarindosh-urug’lari, do’stlari iltimoslari ta’siri bilan uning aybini yengillatishga, o’zining ba’zi bir g’ayriqonuniy harakatlarini yashirishga harakat qiladi. Tergovchi doimo jabrlanuvchining ko’rsatuvlarida ushbu viktimologik aspektlar bo’lishi mumkinligiga e’tibor qaratishi lozim.

Jabrlanuvchi ko’rsatuvlarining haqqoniy bo’lmasligining yana bir sababi, uning tergovchidan ish to’g’risidagi u yoki bu ma’lumotni olgandan so’ng, ushbu ma’lumotning ta’siriga tushib qolishidir. Bu hollarda jabrlanuvchining ko’rsatuvlarida uning shaxsiy ko’rgan-bilganlari emas, balki eshitgan ma’lumotlari dominantlik vazifasini bajaradi.

Jabrlanuvchi ko’rsatuvlarining ishning asl holatiga to’g’ri kelmasligi ba’zan uning uyalishidan, jinoyatchi yoki o’z harakatlari haqida so’zlashda o’zini noqulay sezishidan kelib chiqadi. Bunga o’xshash voqyealar ko’pincha jinsiy jinoyatlardan jabr ko’rgan shaxslarni so’roq qilganda ro’y beradi. Jabrlanuvchi jinoyatchining yaqinlari, sheriklari, qarindoshlari, do’stlaridan qo’rqqanligi sababli ham uning ko’rsatuvlari haqiqatga to’g’ri kelmasligi mumkin.30

Jabrlanuvchining ko’rsatuvlariga ta’sir o’tkazuvchi faktorlardan biri ularni oldindan ishontirishdir. Bu ko’proq voyaga yetmagan jabrlanuvchilarga xos bo’lib, lekin ishontirishga kattalar ham jalb qilinishi mumkin. Jabrlanuvchilar guvohlardan ko’ra ancha ko’proq ishontirishga moyil bo’lib, bu ayniqsa ularning manfaatlari ko’zlangan ishlarda ko’proq kuzatiladi. Jabrlanuvchi ko’rsatuvlarining to’liq emasligi, noaniqligi ham ushbu ishontirish asosida hosil bo’ladi. Ishontirishning bu kabi salbiy ta’sirini bartaraf etish maqsadida tergovda belgilangan prosessual choralar qo’llanilib, jabrlanuvchiga yo’naltiruvchi savollar berishga yo’l qo’yilmaydi.

Jabrlanuvchining ko’rsatuvlari yana ko’plab subyektiv va obyektiv faktorlarga bog’liq. So’nggi vaqtlarda kriminologik izlanishlarda jinoyat genezisidagi jabrlanuvchining roli, uning jinoyatchi bilan shaxsiy aloqasi va o’zaro munosabatlariga katta ahamiyat berilmoqda.

2002 yilda Qarshi shahri bo’yicha o’rganilgan sud materiallari shuni ko’rsatadiki, har sakkizinchi jabrlanuvchi hyech qayerda ishlamagan, o’n foizdan ortiqrog’i parazit hayot tarzi olib borgan, qirq foizi esa jabrlanuvchining o’zi axloqqa zid yoki noqonuniy hatti-harakatlar sodir etgan.31

Jabrlanuvchilar shaxsiyati va xulq atvoridagi bu kabi xislatlar ularga nisbatan sodir etiladigan og’ir noqonuniy xatti- harakatlarning ko’payishiga sabab bo’lishi mumkin. Ayniqsa, odam o’ldirish, og’ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish jinoyatlari sodir etilganda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va jabrlanuvchining jinoyatga qadar bo’lgan salbiy munosabatlari va ulardagi ruhiy rivojlanishning o’zaro bog’liqligi va aloqadorligini o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Agressivlik, o’z yaqinlarini mensimaslik, ular bilan chiqisha olmaslik, spirtli ichimliklar, narkotik moddalar iste’mol qilishga ruju qo’yish, jinsiy tartibsizlik, tanishlarni tanlashdagi beparvolik kabi holatlar jabrlanuvchilarning ruhiy-axloqiy holatini aniqlashda yetakchi o’rin tutib, turli xarakterdagi jinoyatlar sodir etilishi uchun zamin hozirlaydi. Demak, jabrlanuvchi shaxsini o’rganishda mazkur holatlarga ham yetarlicha e’tibor qaratish o’ta muhimdir.

Jabrlanuvchilarga qarshi qaratilgan va keng tarqalgan g’ayrihuquqiy harakatlar majmui quyidagilardan iborat: tahqirlash, o’ldirish bilan qo’rqitish, shaxsiy mol - mulkiga zarar yetkazish bilan qo’rqitish; jismoniy zo’rlik o’tkazish; shantaj yoki shaxsning obro’-e’tiboriga zarar yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish bilan qo’rqitish; og’dirib olish yoki shunga harakat qilish; shaxsiy mol-mulkni qasddan yo’qotish yoki unga zarar yetkazish; qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini o’g’irlab ketish; jabrlanuvchi va uning yaqinlari, qarindoshlariga nisbatan boshqa g’ayriqonuniy harakatlar sodir etish.

Jinoyatchilar odatda bir turli harakat bilan cheklanib qolmaydilar va bir turli g’ayriqonuniy harakatlari ish bermasa, ular yanada kuchliroq ikkinchi turini qo’llashga o’tadilar.

Jabrlanuvchilarga g’ayriqonuniy harakatlar bilan taz’yiq o’tkazib, ayblanuvchilar boshqa manfaatdor shaxslar ish bo’yicha quyidagi natijalarni kutadilar: vaqtincha ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki qamoqqa olingan shaxsning JPKning 234-moddasiga asosan ozod etilishi; aybdorlarni aniqlashda, ishning asl mohiyatini ochib berishda, jinoyatni aniqlashda yordam beruvchi vosita sifatida ishlatilishi mumkin bo’lgan narsa, buyum, hujjatlarni yo’qotish, o’zgartirish, yashirish; jinoiy jarayonning qonuniy hujjatlariga yolg’on ma’lumotlar va xulosalarning kiritilishini; jinoiy ishni tugatish, oqlash, yengilroq jazo tayinlashga erishish.

2001 yil 18 oktyabrdagi «Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining jinoyat, jinoyat prosessual kodekslari hamda ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish haqida» gi qonun qabul qilindi. Bu qonunga ko’ra jinoyat ishlarini liberallashtirish masalasi ko’tarildi, eng asosiysi yarashuvchilik instituti paydo bo’ldi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, «…jabrlanuvchi bilan yarashuv to’g’risidagi alohida toifadagi ishlarni yuritish tartibining joriy etilishi jinoyat prosessi qonunchiligini takomillashtirishda muhim qadam bo’ldi. Buning zamirida sharqona qadriyatlar, milliy urf-odatlar, adolat hamda kechirimlik va albatta qonun ustuvorligi mavjud»32.

Sud muhokamasining mustaqil va teng huquqli ishtirokchisi bo’lgan fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgar ma’lum prosessual huquq va burchlarga ega.

Fuqaroviy da’vogar bo’lib sud muhokamasida fuqaro, korxona, tashkilot yoki muassasa vakili qatnashishi mumkin. Agar shaxs dastlabki tergovda jinoyat ishi yuzasidan fuqaroviy da’vogar deb topilmagan bo’lsa, sudda sud ajrimi bilan shunday maqomga ega bo’lishi mumkin.

Fuqaroviy da’vogarga ham huquq va burchlari tushuntiriladi. Fuqarolik da’vosi jabrlanuvchi tomonidan berilsa, jabrlanuvchiga fuqaroviy da’vogarning huquq va burchlari tushuntiriladi.

Fuqaroviy da’vogar sud muhokamasida dalillar keltirish, iltimoslar qilish, sud muhokamasida to’liq qatnashish, fuqaroviy da’voni qo’llab-quvvatlash va uni qanoatlantirishni talab qilish, ish materiallari bilan tanishish hamda ish yuzasidan o’z fikrlarini bayon qilish huquqiga ega. Fuqaroviy da’vogar sud tomonidan talab qilingan hujjatlarni taqdim etishga majburdir.

Fuqaroviy da’vogar sud majlisiga kelmasa, da’vo ko’rilmay qoldiriladi. Agar da’voni uning ishtirokisiz ko’rish haqida fuqaroviy da’vogarning iltimosi bo’lsa, prokuror fuqarolik da’vosini qo’llab-quvvatlasa yoki sud o’z tashabbusi bilan da’voni ko’rib hal qilishni lozim deb topsa, fuqaroviy da’vo ko’rib chiqiladi. Agar fuqaroviy da’vo sud muhokamasida hal qilinmay qoldirilsa, manfaatdor shaxs sudga fuqarolik tartibida murojaat qilib, da’voni qo’zg’atish huquqi saqlanib qoladi.

Fuqaroviy javobgar ham sud muhokamasida ishtirok etib, ishni hal qilish vaqtida mustaqil va teng huquqlidir.

Ko’pgina hollarda fuqaroviy javobgar sudlanuvchi shaxs bo’ladi. Jabrlanuvchini moddiy manfaatini yaxshiroq ta’minlash maqsadida fuqaroviy javobgar sifatida sud muhokamasiga sudlanuvchining ota-onasi, qonuniy vakillari, yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, sudlanuvchining jinoiy harakatlari tufayli keltirilgan zarar uchun moddiy javobgar bo’lgan korxona, tashkilot va muassasalar ham fuqaroviy javobgar bo’lishi mumkin. Voyaga yetmaganlar jinoyat ishlari yuzasidan ularning ota-onasi, o’quv yurti, voyaga yetmagan shaxs da’volanayotgan tibbiy muassasa, homiy va vasiylar fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilinishi mumkin.

Fuqaroviy javobgar ayblov va fuqaroviy da’voning mazmunini bilish; da’voga e’tiroz bildirish; tushuntirish berish; o’z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish, birinchi instansiya apellyasiya, kassasiya va nazorat instansiya sudining majlislarida ishtirok etish, sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy da’voga tegishli qismi ustidan shikoyatlar berish; ish bo’yicha keltirilgan shikoyat va protestlardan xabardor bo’lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.

Fuqaroviy javobgar sudning chaqiruviga binoan hozir bo’lish va ularning talablariga asosan fuqaroviy da’voga tegishli bo’lgan dalillar taqdim qilish; haqiqatni aniqlash, dalillarni yo’q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko’ndirishga o’rinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to’sqinlik qilmasligi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.

Fuqaroviy javobgar yoki uning vaqilining sud majlisiga kelmasligi fuqaroviy da’voni ko’rishni to’xtatmaydi. Ishni ko’rish uning ishtirokisiz davom ettiriladi.

Sud muhokamasida fuqaroviy javobgarlarning nomidan ularning vakillari qatnashishga yo’l qo’yiladi. Vakil sifatida ota-onalari, yaqin qarindoshlari, korxona, tashkilot, muassasa vakillari, homiy va vasiylar, advokatlar ham qatnashishi mumkin. Vakillar ko’rsatuv berishdan tashqari barcha harakatlarni bajaradi. Ular sud muhokamasida o’z bilganlari yuzasidan guvoh sifatida so’roq qilinishlari mumkin.


Download 409,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish