Qarama-qarshilikning keskinlashuvi
va inqirozning muqarrarligi
Mamlakatda «real sotsializm» inqirozi keltirib chiqargan qiyinchiliklar va salbiy holatlarni qalin
o‘rmonining orqasida turgan sovet oligarxiyasi ko‘rishni xohlamas edi. Ko‘klarga ko‘tarib maqtash,
ko‘pdan-ko‘p davlat mukofotlari bilan taqdirlash, umrining oxirigacha, ya’ni 1982 yil noyabrigacha
KPSS MKning Bosh kotibi L.I.Brejnevning shaxsiga sig‘inishni qo‘llab-quvvatlash «real
sotsializm»ning vositasi bo‘lib keldi.
L.I.Brejnev haqida esa: «kult bor, ammo shaxs yo‘q» deb aytishardi. Ammo nomenklatura unga
xos bo‘lgan eskilikni yoqlash, ko‘ngilchanlik va bemalollik xususiyatlarini hamda xatolarga va
suiste’mol qilishlarga beparvoligini qadrlar edi. Undan keyin oligarxiyani boshqargan Y.Andropov
«real sotsializm»ning lenincha hayotiyligiga zarracha shubha qilmasdi. U intizomni
mustahkamlash, «sovet xalqi»ni ma’muriy-milliy birlashtirish (ruslashtirish orqali) va mamlakatni
harbiylashtirish uchun jon kuydirdi. Uning qat’iyligi va jamiyatni o‘rganish zaruratini tan olganligi
mamlakatda o‘zgarishlarni kutish sukunatini jonlantirdi, ammo u 1984 yil fevralida olamdan o‘tdi.
Uning vorisi K.Chernenko kasal bo‘lishiga qaramay imkoni boricha «Brejnevcha» yo‘l tutdi, ammo
1985 yil martigacha ham yashay olmadi.
«Tantanali dafnlar besh yilligida» (uchta bosh kotib) oligarxiyaning asosiy quroli - KPSS
hamma narsaga qodirdek tuyulardi. Uning a’zolari soni 19 million kishini tashkil etdi. Siyosiy
byuro siyosatini amalga oshiruvchi yuz minglab partiya qo‘mitalari barcha sovet xo‘jalik va
ijtimoiy tashkilotlarini qamrab olgan edi. Ular 18 millionga yaqin turli boshqaruv tuzilmalari
xodimlari faoliyatini boshqarar va keng omma jumladan kasaba uyushmalari, «ijodiy uyushmalar»
va boshqa ijtimoiy tashkilotlar, hatto filaterist (marka yig‘uvchi) va ovchilarning siyosiy hatti-
harakatlarini ham yo‘lga solib turishardi. Ommaviy axborot vositalari, kino va teatrlarda senzura
hukmronlik qilardi. Radiotelealoqa, ko‘paytiruvchi texnika va kompyuterlardan erkin foydalanishga
yo‘l qo‘yilmasdi.
KPSS bor kuchi bilan hammani yorqin kelajak haqidagi xom xayollarga ishontirish, xalq va
hokimiyat manfaatlari birligini uqtirib xalq faolligini oshirishga harakat qilardi: «xalq va partiya bir
butundir!». Hatto, KGB 80-yillar boshiga kelib turli huquqshunos liberallar, demokratlar,
millatchilar va hokazolarni chegaralash, lager va ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylash yoki
mamlakatdan haydash choralarini ko‘rdi va uning uddasidan chiqdi.
KPSS boshlang‘ich tashkilotlari va ularning faol tarkibi «sotsializm afzalliklari», «sotsialistik
demokratiya» va «sovetcha yashash tarzi»ning ustunligi, «kommunizm quruvchisi»ni tarbiyalashni
targ‘ib qilishni kuchaytirar, mehnat kollektivlarini «jamiyatning asosiy yacheykasi»ga aylantirishga
harakat qilardi. Ijtimoiy birlik manfaatlari uchun tenglashtirish tendensiyalarining qo‘llab-
quvvatlangan tadbirlari o‘tkazilardi. Odamlarga, ularning butun hayoti va faoliyatining mazmuni
«yorqin kelajak» uchun xizmat deb tushunishlarini uqtirardilar.
«Sovet xalqi odamlarning yangi tarixiy jamoasi» sifatida targ‘ib qilindi va uning birligi uchun
hukumat keng integratsiya jarayonini, millatlararo va elatlararo nikohlar va ruslashtirish siyosatini
qo‘llab-quvvatlar, elatlar o‘rtasidagi o‘ziga xoslikni hamda farqlarni kamsitib, ularning ona tilini
o‘rganishlarini va o‘z tillarida kitoblar chop etishni qisqartirib bordi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ilmiy texnika taraqqiyotini jadallashtirish uchun
siyosiy byuro «iqtisodiyot iqtisodli bo‘lishi kerak!» deb jar solar va ishlab chiqarishning ekstensiv
o‘sishidan intensiv o‘sishga o‘tishiga da’vat qilardi. Barcha boshqaruv idoralari tomonidan
rejalashtirish va boshqaruvni yaxshilash, eng yangi sohalarning, brigada va korxonalarni xo‘jalik
hisobiga o‘tkazish va rivojlanishini tezlashtirish, yuksak texnologiyalarni joriy qilish ishchilarning
ishlab chiqarishdan manfaatdorligini oshirish bo‘yicha choralar qabul qilinardi. Asosiy e’tibor
169
importga, qurollarni yangilash uchun yuqori texnologiyalar yaratishga qaratildi. Butun mamlakat
xo‘jaligini markaz boshqarib turar, respublikalar hokimiyatidagilar esa o‘zlaridagi ishlab
chiqarishning ko‘pi bilan 15-20%ini boshqara olishardi, xolos. «Ular Moskvadan so‘ramasdan turib
oddiy mix qoqishni ham uddalay olishmaydi»-ularning konstitutsiyasida «yozilgan» suverenitetini
shunday baholar edi M.Gorbachev.
Ammo ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga muvaffaq bo‘linmadi. 80-yillarga kelib
eskirgan asbob-uskunalar ulushi 40%dan oshdi. Eng yangi mashinalarni yaratish va ishlab
chiqarishga joriy etish uchun SSSRda AQShdagiga ko‘ra 9-10 marta ko‘proq vaqt sarf etilardi.
Sovet ishlab chiqarishida energiya va xom ashyo sarfi G‘arbiy Yevropadagidan 1,5-2 baravar ko‘p,
ammo ishlab chiqarish samaradorligi bir necha barobar past edi. Korxonalarning 25-30%i surunkali
ravishda daromad bo‘yicha rejalarni bajarmas edi. Agrosanoat kompleksining maxsus tarzda tashkil
qilinishiga qaramasdan 70% ga yaqin kolxoz va sovxozlar hatto sovet o‘lchovlari bo‘yicha zarariga
ishlar edi. 80-yillarning o‘rtalariga kelib, neftning dunyo bozoridagi narxlari pasayishi munosabati
bilan sovet budjeti uchun juda muhim bo‘lgan neft eksportidan olinadigan daromad ham ancha
qisqardi,
Sovet iqtisodiyoti harbiyligicha qolaverdi. Eng avvalo, harbiy maqsadlarda, strategik xom
ashyoni qazib olish oshirilar, tadqiqotlarning 4G‘5 qismi harbiy maqsadlarda o‘tkazilar, yangi
harbiy texnologiyalar yaratilar, raketalar va sun’iy yo‘ldoshlar uchirilardi. Ammo SSSR biror
strategik texnologiya bo‘yicha AQShdan o‘zib keta olmadi va faqatgina bir necha yo‘nalish
bo‘yicha tenglikni saqlab qola oldi xolos. «Ular - deb yozadi raqiblar haqida KGB rahbari
V.Kryuchkov - Sovet Ittifoqini lazer texnologiyalari, aviatsiya, harbiy-dengiz floti, oddiy
qurollarning ba’zi turlari bo‘yicha ancha ortda qoldirishdi». SSSR ustunligi u yoqda tursin, hatto
harbiy strategik tenglikni saqlash imkoniyatidan ham mahrum bo‘ldi, AQSH esa sifat jihatidan
yangi qurolni ishlab chiqarishga kirishdi.
Umuman, ishlab chiqarishning yillik o‘sish sur’atlari 13,2 dan 10% gacha pasaya bordi. Yuksak
texnologiyalar o‘choqlari yaratilishidan qatiy nazar, ishlab chiqarish samaradorligi bo‘yicha u
elektron axborot ishlab chiqarishga o‘tgan mamlakatlardan tobora ortta qolib bordi.
Aholini davlat monopoliyasiga asoslangan ekspluatatsiyasi chuqurlashib bordi. Mehnatga haq
to‘lash uning natijalariga umuman mos kelmas edi va ishchilar yaratgan daromadning tobora
kattaroq qismi ijtimoiy iste’mol fondlari tomonidan mehnat samarasiga nomutanosib tarzda
taqsimlanardi. Eng malakali va qobiliyatlilarning bor mahorat bilan mehnat qilishi qiziq bo‘lmay
qoldi, chunki ularning mehnati juda past baholanar edi. «Umuman SSSRda yaxshi ishlash befoyda
edi»,- deb guvohlik beradi V.Pavlov
Yuqori darajada rivojlangan mamlakatlarning «iste’molchilar jamiyati»dan farqli o‘laroq
SSSRda fuqarolik tovarlarini ishlab chiqarish bilan sanoatning atigi 10-15 %i band edi. Buning
natijasida mamlakatda 50 million aholiga jon boshiga hisoblaganda o‘rtacha 9 m2 yashash joyi
to‘g‘ri kelgan va aholining ovqatlanishi ratsion normalaridan ham 40-30-20% kamroq bo‘lgan.
Dori-darmonlar ham yetishmas edi. 80-yillarning o‘rtalariga kelib, hukumatning e’tirof qilishicha,
aholining 40 million nafari qashshoq ahvolda yashagan. SSSRda aholining sog‘liq darajasi va
o‘rtacha umr kechirishi eng rivojlangan mamlakatlarga nisbatan ancha yomon edi. Har yili 120
ming nosog‘lom bolalar tug‘ilardiki, bu aholi genefoni (nasliy aql-zakovati)ga katta zarar yetkazdi.
Neftni eksport qilishdan keladigan daromadning kamaygani sababli import qisqartirildi va
aholiga zarur mollar tanqisligi oshdi, hukumat esa o‘zining xarajatlarini qoplash uchun pul
emissiyasini oshirdi. Bu narxlarning ko‘tarilishiga, olib-sotarlikning avj olishiga va noqonuniy
korxonalar - «yashirin iqtisodiyoti»ning faollashishiga olib keldi.
Ekologik vaziyat ham tobora murakkablasha bordi, tabiatning atom va kimyoviy chiqindilar
bilan ifloslanishining haqiqiy ko‘rsatkichlari yashirilar edi. Yillik ekologik talofotlar SSSRda
tabiatni muhofaza qilish uchun sarflangan xarajatlardan 4-5 marta ko‘p edi. Ekologik ofat
mintaqalari soni 150 dan oshib ketdi. Orol dengizi qurib borar, Baykal va Ladoga ko‘llari
zaharlandi, mamlakatda iste’mol qilinadigan suvning 80% i zarur tozalik standartiga (meyoriy
o‘lchami) javob bermas edi.
Bularning hammasiga qaramasdan SSSRning harbiy xarajatlari Ulug‘ Vatan Urushining eng
qizg‘in paytidagidan ham ko‘proq edi. Sovet rahbarlari «dunyo tarozisi pallasiga o‘zining kuchli
salohiyatini qo‘yganligi»dan maqtanishar edi. Siyosiy Byuro mamlakat zaxiralari hisobidan
170
Angola, Kuba, Nikaragua, Janubiy Yaman, Habashiston rejimlarini saqlab turishga va boshqa
«do‘stlar»ga, hamda o‘nlab xorijiy kompartiyalarga milliardlab so‘m va dollarni jo‘natar edi. Uning
global da’volarini qondirish maqsadida harbiy baza va yo‘llar qurilishi uchun XXR bilan chegara
bo‘ylab qo‘shin saqlash uchun katta xarajatlar amalga oshirildi. Yuzlab sovet kema va atom suv
osti kemalari dengiz va okeanlarni kuzatib yurardi. Yuzlab «yo‘ldoshlar» raqibni nazorat qilardi.
SSSRning boy berilgan ilgarigi ta’sirini tiklash uchun Siyosiy Byuro qarori bilan 1979 yilning
dekabrida Afg‘onistonga sovet harbiy intervensiyasining boshlanishi ko‘p yillik qon to‘kishlarga
olib keldi. Unda 620 ming sovet harbiylari qatnashib, 14,5 ming kishi halok bo‘ldi, bundan bir
necha barobar ko‘p kishi yarador bo‘lib, katta mikdordagi texnika qo‘ldan boy berildi. O‘nlab
milliard dollarlar ko‘kka sovurilib milliondan ortiq afg‘onlar yo‘q qilindi, ammo g‘alabaga
erishilmadi. Bu intervensiya barcha mamlakatlarda norozilik uyg‘otdi. Muvaffaqiyatsizliklar va
obro‘ning to‘kilishidan g‘azabga kelgan sovet militaristlari qurolli kuchlarni ko‘paytirishni talab
qilishar, ogohlantiruvchi yadro zarbasi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlar va «butun mamlakatni harbiy
lagerga aylantirish»ga intilardi. 1984 yilda uchta «operativ-strategik teatrlar»da G‘arbiy, Janubiy va
Uzoq Sharq bosh qo‘mondonliklari tuzildi.
Sovet rahbariyati na XXR bilan aloqalarni yaxshilashning, na Yevropa mamlakatlaridagi «real
sotsializm»ni, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi do‘stona tuzumlarni mustahkamlashning, na
xalqaro tinchlikni saqlashning va na parchalanib borayotgan jahon kommunistlar harakatida o‘z
gegemoniyasini tiklashning uddasidan chiqa oldi.
SSSR ichidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskinlasha bordi. Aholining mamlakat rahbariyatiga
nisbatan ishonchi yo‘qoldi. Ko‘pchilik sotsializmga sodiq qolsada, ammo har bir kishi o‘z foydasi
nuqtai nazaridan amal qilar, ikkilama standart asosida hayot kechirardi. Ko‘pchilik moslashib turib
insoniy or-nomus va erkinlikni tinchlik va mayda imtiyozlarga, fuqaro javobgarligini oddiy, ammo
nisbatan barqaror maishatga almashtirdi.
Bunda xo‘jalikda band bo‘lganlar asosiy qismi uchun ishdan qoniqmaslik, past intizom, ish
vaqti va uskunalardan noto‘g‘ri foydalanish, mahsulot sifatiga befarqlik, qo‘shib yozishlar bilan
«pul ishlash»ga va maoshni talon-taroj qilish yo‘li bilan to‘ldirishga intilishlar xos bo‘ldi.
Sotsiologlarning aniqlashlaricha, mamlakatning atigi 15-17% mehnatkashlari vijdonan mehnat
qilardi.
Tuzum kamchiliklari va dardlaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanuvchilar ko‘payib bordi.
Jinoyatchilik katta sur’atlar bilan o‘sardi. Ichkilikka suyanib qolgan va hafsalasi pir bo‘lganlar soni
oshib ketdi. Ichkilikbozlik umumxalq odatga aylandi.
Majburiy migratsiya va ish xarakteridan, maoshdan norozilik natijasida yillik ishchi kuchining
tashqariga oqib ketishi ishda bandlarning 25-30%ini tashkil etdi. Shu bilan birgalikda korxona va
idoralarda ish vaqtining 15-20%i bekorga sarflanar, millmonlab qalbaki ish bilan bandlar bo‘lib,
aholisi zich joylashgan Janubiy mintaqalarda ish topa olmayotgan ishga layoqatlilar soni ortib
bordi.
Butun mamlakat bo‘yicha ongsiz ommaviy davlat monopoliyasiga asoslangan ekspluatatsiya va
ishchi-xodimlarning bevosita manfaatlarini poymol qilishga nisbatan norozilik avj olib bordi.
Hukumat uni fuqarolar hayotini ma’muriy cheklash orqali bartaraf qilishga urindi, ammo bu
kutilgan natijani bermadi, balki qog‘ozbozlikni yanada kuchaytirdi. Rahbariyatining barcha
bo‘g‘inlarida xato va qiyinchiliklarni yashirish, tartibsizlik va mas’uliyatsizlik, korrupsiya va
poraxo‘rlik orqali mansabparastlik kasaliga giriftor bo‘lishi kuchaydn. Oliy rahbariyatning ta’siri
ham pasaydi, chunki, u Andropov e’tirof etishicha, Sovet jamiyatini yaxshi bilmas edi. Bajarish
uchun hech qanday mablag‘ va vositalar bo‘lmasada buyruqlar tez-tez berilib turar, bajarilishi
mumkin bo‘lganlari ham bajarilmas edi. Bundan tashqari, tashvish bilan Gorbochev tan olganidek,
«butun tuzumda» laganbardorlik, xo‘jako‘rsinchilik, shaxsiy aloqalar va turli rahbarlar atrofida turli
mafiya (klon)lar hukmron edi.
Aholining eng faol qismi o‘zgarishga moil edi. Shuning uchun Andropov mamlakatda
dushmanona kayfiyatdagi yuz minglab odamlar bor va tuzum qotag‘onlar uyushtirishga majbur deb
hisoblar edi. Bu odamlar turlicha harakat qilishardi. «Lenincha g‘oyalar»ga qaytishga da’vat
etishardi, qatog‘onlar tufayli yarim unutilgan va yo‘qolib bo‘lgan o‘z elatlari fuqarolarini yoki tili
va madaniyatining erkinliklarini himoya qilishardi. Tuzum jinoyatlarini fosh etishni va liberal
171
qadriyatlar - inson erkinligi va huquqlarini himoya qilishni talab ettirishardi. Diniy erkinlikni talab
qilishardi, qurollanish poygasiga va Sovet intervensiyalariga nisbatan norozilik bayon qilishardi.
Ustalik bilan amalga oshirilgan ta’qiblar va qatag‘onlarga qaramasdan, Y.Orlov, S.Kovalev,
V.Bukovskiy, V.Chernovil kabi qo‘rqmas kishilar, deyarli hamma respublikalardagi yirik
markazlarda, hamda chet elda faoliyat ko‘rsatishardi. Ularning chiqishlari, mamlakat ichida
yashirin tarzda bo‘lsa ham, keng xalqaro ta’sirga ega bo‘lib, Sovet totalitarizmiga qarshi
kuchlarning birdamligini oshirishga xizmat qildi. A.Soljenitsinning «Gulag Arxipelagi» kitobi va
akademik A.Saxarovning mavjud tuzum va uning agressiyasiga qarshi noroziliklari SSSR haqidagi
xom xayollarga qaqshatqich zarba berdi.
Tarqoq norozilik bayon qilib chiqqanlar guruhlari ko‘p emas edi, ammo butun mamlakat
bo‘yicha norozilar-dissidentlar (ularni shunday atashardi) soni 250 mingtaga yetardi. Ularning o‘z
maqsadlariga erishish yo‘llari turlicha va o‘ta abstrakt (xayoliy) edi. A.Amalrik kabi SSSR
parchalanishini oldindan bilganlar juda kam edi. Ammo ular uning xalqlari sharafini fidoiylik bilan
himoya qilishardi.
Ularning chiqishlari va aholining passiv qarshiligi hamda noroziligining o‘sishi totalitar
(mustabid) rejimni egovlardi. Qiyinchiliklarning o‘sib borayotganini e’tirof etgan Y.Andrapov:
«biz bunday qiyin vaziyatda muammolarni bir urinishda hal etolmaymiz, agar biz barcha yo‘llarni
ochsak va xalq o‘z baxtsizlik va noroziliklarini to‘kib soladigan bo‘lsa, bu oqim bizni yutib
yuboradi va biz uni to‘xtata olmaymiz»-degan edi. Inqirozga endi beparvolik bilan qarab bo‘lmasdi,
ammo uni qanday bartaraf qilish kerakligini ham hech kim bilmas edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |