Kun hadisi
Jannat va jahannam tavsifi haqida
Abu Said bunday deydilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannat ahli eydigan dastlabki taom - nahang jigarining o‘simtasidir!» – dedilar».
Imron ibn Husayn rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannatga nazar solib, uning ahlining aksariyati faqirlar ekanin ko‘rdim, do‘zaxga nazar solib, uning ahlining aksariyati ayollar ekanin ko‘rdim», - dedilar».
Usoma rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannat qopqasi ostonasiga kelib turdim, u erga (birinchi bo‘lib) kirayotgan omma miskinlar bo‘lib, boylar esa, to‘xtatib qo‘yilgan edi. Ammo, do‘zax ahlini do‘zaxga haydashga allaqachonlar amr qilingan bo‘lib, men uning qopqasi ostonasiga kelib turdim. U erga kirayotgan omma ayollar edi»,- dedilar».
Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannat ahli jannatga, do‘zax axli do‘zaxga kiritilgach, o‘limni jannat bilan do‘zax oralig‘iga olib kelib, bo‘g‘izlaydilar, so‘ng: «Ey jannat ahli, o‘lim yo‘qdir, ey do‘zax ahli, endi o‘lim yo‘qdir!» - deb nido qilinadi. Jannat ahli bundan yanada shodu xurram bo‘ladi, do‘zax ahli esa, badtarin g‘amga botadi»,- dedilar».
Abu Said al-Xudriy rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Alloh taolo ahli jannatga: «Ey ahli jannat!» - deb murojaat qiladi. Ular: «Labbay, yo Rabbimiz, xizmatingga tayyormiz!» - deb javob qiladilar. Alloh taolo: «Rozimisizlar?» - deydi. Ular: «Nima uchun rozi bo‘lmaymiz, boshqa bandalaringga qilmagan marhamatingni bizga qilding!» - deydilar. Alloh taolo: «Sizlarga bundan ham ortiqroq marhamat ko‘rsataman!» - deydi. Ular: «Yo Rabb, bundan ortiqroq marhamating qaysidir?» - deydilar. Alloh taolo: «Men sizlardan rozi bo‘lib, bundan buyon qahrimga sira duchor qilmayman!» - deydi».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Horisa Badr jangida shahid bo‘ldi, u o‘shanda yosh yigitcha edi. Uning onasi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, Horisaning mening uchun qanchalik aziz ekanligin o‘zingiz yaxshi bilasiz. Basharti, u jannatga doxil esa, sabr-toqat qilaman, aks holda nima qilishimni ko‘rasiz!» - deb dag‘dag‘a qildi. Janob Rasululloh: «Esing og‘ib qolgan ko‘rinadi, jannat bir emas, bir nechadir. O‘g‘ling hozir jannat ul-Firdavsda dedilar».
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kofirning ikki elkasi oralig‘i chopqir chavandoz uch kunda bosib o‘tadigan masofachalik kengdir»,-dedilar» (yani, jahannam otashida ko‘proq azobu alam chekishi uchun, yana Alloh taolo o‘zi yaxshiroq biladi!)
Sahl ibn Sad rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannatda bir daraxt mavjud bo‘lib, otliq odam yuz yilda ham uning soyasining poyonig‘a etolmaydi!» - dedilar.
Abu Said rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannatda bir daraxt mavjud bo‘lib, chopqir ot mingan chavandoz yuz yilda ham unimg soyasining poyoniga etolmaydi!» -dedilar».
Sahl ibn Sad rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Ummatimdan etmish minggi (Roviy ikkilanib: «Balki, yuz minggi, deb aytgandirlar»,- deydi) so‘roqsiz jannatga kiradi. Ular o‘zaro qo‘l ushlashib, oldinda turgani eng keyinda turgani kirmaguncha kirmaydi (yani, bir-birlarini izzat-ikrom qilib baravar kirishadi). Shunda ularning yuzlari oydin, kechadagi to‘lin oy kabi mahliyo bo‘ladi! - dedilar».
Sahl ibn Sad rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jannat ahli jannatdagi ko‘shklarida osmondagi porloq yulduzlar monand charaqlab o‘tiradilar!» - dedilar».
Abu Said al-Xudriy: «Sharqiy va g‘arbiy ufqqa botayotgan yulduzlarni ko‘rganingizdek (charaqlab o‘tiradilar)»,- deydilar.
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallouh alayhi va sallam bunday dedilar: «Qiyomat kuni Alloh taolo eng ham azob tortadigan do‘zaxiylardan biriga: «Er yuzidagi jamiki narsalar seniki bo‘lgan taqdirda uni gunohlaring evaziga to‘lar edingmi?» - deydir. U: «Ha!» - deb aytadi.
Alloh taolo: «Men sendan, hali sen Odam alayhissalomning pushti kamarida bo‘lgan paytingda bundan osonroq narsani - menga zarracha shirk keltirmaslikni talab qilgan edim, sen bo‘lsang, sarkashlik qilib menga shirk keltirding!» - deydi».
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bandalar do‘zaxdan shafoat tufayli sag‘oriyr unib chiqqani kabi chiqib keladilar»,- dedilar. Men: «Sag‘oriyr nimadir?»-dedim. Janob Rasululloh: «Zag‘obiysdur (bodringdir)»,- dedilar. Dastlab so‘zni to‘g‘ri ayta olmadilar, chunki tishlari tushgan edi».
Abunnumon: «Men Amr ibn Dinorga «Sen Jobir ibn Abdullohning «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Bandalar do‘zaxdan shafoat tufayli chiqib keladilar»,- der edilar» deganini eshitganmisan?» degan edim, u: «Ha!» - deb javob qildi»,- deydilar.
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir qavm, do‘zax alangasi ularni siypalagach, tashqariga chiqib, so‘ng jannatga kiradilar. Shunda jannat ahli ularni ko‘rib «Jahannamiylar!» deb ataydi»,- dedilar».
Abu Said al-Xudriy rivayat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ahli jannat jannatga, ahli do‘zax do‘zaxga kiritilgach, Alloh taolo: «Qalbida xardal urug‘ichalik iymoni bo‘lganlarni do‘zaxdan chiqaringlar!» - deydi. So‘ng, ularni badanlari kuyib ko‘mirga aylangan holda chiqarishib, xayot daryosiga tashlaydilar. Shunda ular seldan so‘ng qoladigan loyqadan unib chiqadigan urug‘ niholidek navnihol bo‘lib chiqadilar. Urug‘ning buralib-buralib chiqayotgan sarg‘ish niholini sira ham ko‘rmaganmisizlar?» - dedilar».
Numon ibn Bashir al-Ansoriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni eng ham azob tortadigan do‘zaxiyning miyasi oyoqlari ostidagi otash tufayli qozon yoki qumg‘onda qaynayotgan suv kabi qaynab turadi»,- dedilar».
Adiy ibn Hotim rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam do‘zax haqida gapirdilarda, alangadan pana qilgandek yuzlarini qo‘llari bilan to‘sib turib: «Yo parvardigoro, do‘zax otashidan o‘z panohingda asragin!» - dedilar. So‘ng, bizga: «Yarimta xurmo sadaqa qilib bo‘lsa hamki, do‘zax otashidan o‘zingizni saqlang, agar shuni ham topolmasangiz, bir og‘iz yaxshi gap ayting!» - dedilar».
Abu Said al-Xudriy rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning amakilari Abu Tolib haqlarida eslab bunday deganlarini eshitganman: «Shoyadki, shafoatim naf bersayu, u kishiga do‘zax otashining to‘piqlarigagina chiqadigan sayozroq joyidan nasib etsa! Shunda u kishining faqat miyalarigina qaynaydi».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Alloh taolo qiyomat kuni jamiki insonlarni (mahsharga) to‘plagach, ular: Bizni bu makonimizdan xalos qilib, o‘zga yaxshiroq joy ato etishi uchun rabbimizdan shafoat tilaylik!» - deyishadi. So‘ng, Odam alayhissalomning qoshlariga borib: «Alloh taolo sizni o‘z ilgi bilan yaratib, o‘z ruhidan jon ato etgandir, sizga farishtalarning sajda qilishlarini amr qilgandir, rabbimizdan bizga shafoat tilab bering!» - deb aytishadi. Odam alayhissalom ularga: «Men sizlar o‘ylaganchalik xuquqga ega emasman» - deb qilgan gunohlarini eslab gapiradilarda: «Nuhning huzurlariga boringlar, u kishi Alloh taolo yuborgan birinchi payg‘ambar bo‘ladilar!» - deydilar. Ular Nuhning qoshlariga boradilar. U kishi ham: "Men sizlar o‘ylaganchalik huquqga ega emasman» - deb qilgan gunohlari haqida eslaydilarda: «Ibrohimning qoshlariga boringlar, Alloh taolo u kishini «halilim» (do‘stim) deb atagan!»- deydilar. Ular Ibrohimning huzurlariga borganlarida, u kishi ham: «Men sizlar o‘ylaganchalik huquqga ega emasman»-deb qilgan gunohlarini eslaydilarda: «Musoning qoshlariga boringizlar, u kishi bilan Alloh taolo so‘zlashgandir!» - degaylar. Ular Musoning huzurlariga borgaylar. U kishi ham: «Men sizlar o‘ylaganchalik huquqga ega emasman»-deb qilgan gunohlarini eslaydilar, so‘ng: «Isoning qoshlariga boringlar!» - deydilar. Shunda ular Isoning huzurlariga boradilar.
U kishi ham: «Men sizlar o‘ylaganchalik huquqga ega emasman» - deb qilgan gunohlarini eslaydilarda: «Muhammad sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga boringlar, chunki Alloh Taolo u zotning sobiq hamda kelgusi gunohlarini mag‘firat qilgandir!» - deydilar. Shundan so‘ng, ular mening huzurimga keladilar. Men rabbimdan izn so‘rayman, rabbimni ko‘rgach, unga sajda qilaman. Rabbim meni o‘zi xohlagancha sajdada qoldiradi. So‘ng, menga: «Boshingni ko‘targin, so‘ragin, so‘raganing beriladi, so‘zlagin, so‘zingga quloq solinadi, shafoat tilagin, shafoat qilinadi!»- deyiladi. Shunda men boshimni ko‘tarib, rabbimni o‘zi menga o‘rgatgan hamdlarni aytib olqishlayman. Shundan keyin, shafoat tilayman, Alloh taolo menga muayyan qavmlarga shafoat qilish huquqini beradi. So‘ng, ularni do‘zaxdin chiqarib, jannatga doxil qildiraman. Keyin, Alloh taoloning dargohiga qaytib borib, toki Quron hukmi bilan hibsga olinganlardan (Alloh taoloning o‘zigina shafoat qila oladiganlardan) boshqa birorta ham odam do‘zaxda qolmaguncha uzoq sajda qilib turaman».
Imron ibn Husayn rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qavm Muhammad sallallohu alayhi va sallamning shafoati bilan do‘zaxdan chiqarilib, jannatga kiritiladi, ularni jahannamiylar deb atashadi»,- dedilar».
Anas ibi Molik rivoyat qiladilar: «Ummu Horisa Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldi. (Uning o‘g‘li) Horisa Badr jangida daydi o‘q tegib shahid bo‘lgan edi. U «Yo Rasululloh, Xorisaning mening uchun qanchalar aziz ekanligin yaxshi bilasiz, basharti u jannatga doxil bo‘lsa, unga yig‘lab aza tutmayman, aks holda nima qilishimni ko‘rasiz!» - dedi. Janob Rasululloh «Esing bormi o‘zi, jannat bir emas, bir nechta, hozir o‘g‘ling Firdavs ul-Alodadir!» -dedilar. So‘ng, yana bunday deb qo‘shib qo‘ydilar: «Alloh taoloni deb tong saharlab yo‘lga chiqish yoki tun qorong‘usida qaytish bu dunyo va undagi jamiki narsalardan ham afzalroqdir! Bir dona o‘q-yoyingiz yoki bir oyog‘ingizning kafti siqqudek jannatdagi joy bu dunyo va undagi jamiki narsalardan ham afzalroqdir! Agar jannat ayollaridan biri (ro‘molini tortib) er uzra o‘z jamolini namoyon qilsa, jannat bilan er orasini munavvaru muattar qiladi, uning ro‘moli bu dunyo va undagi jamiki narsalardan ham afzalroqdir!»
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Birorta ham odam, ko‘proq shukr qilsin degan maqsadda, gunoh qilgan bo‘lganida bo‘lgan do‘zaxdagi o‘rni ko‘rsatilmay turib, jannatga kiritilmaydi va birorta ham odam, ko‘proq hasrat nadomat cheksin degan maqsadda, savob ishlar qilgan bo‘lganida tushishi lozim bo‘lgan jannatdagi o‘rni ko‘rsatilmay turib, do‘zaxga kiritilmaydi!» - dedilar».
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Yo Rasululloh, qiyomat kuni sizning shafoatingizga erishish baxtiga qanday odamlar sazovor bo‘ladi?» - dedim. Janob Rasululloh: «Yo Abu Hurayra, sening hadis tinglashga ishtiyoqing baland ekanligini ko‘rib, bu hadisni sendan ilgari hech kim so‘ramasa kerak deb o‘ylagan edim! Qiyomat kuni mening shafoatimga erishish baxtiga muyassar bo‘ladigan shaxs - jondilidan xolisona «La ilaha illallohu» degan shaxsdir»,- dedilar».
Abdulloh (ibn Masud) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Men do‘zaxdan eng keyin chiqadigan shaxsni ham, jannatga eng keyin kiradigan shaxsni ham bilaman. (Qiyomatda) bir odam do‘zaxdan zo‘r-bazo‘r emaklab chiqib keladi. Alloh taolo unga: «Borgin, endi jannatga kirgin!» - deydi. U borib, jannat odamga to‘la ekan, degan xayolda qaytib keladida: «Yo rabb, jannat to‘la ekanku!» --deydi. Alloh taolo yana: «Borgin, jannatga kirgin!»-deydi. U yana borib, jannat odamga to‘la ekan, degan xayolda qaytib keladida: «Yo Rabb, jannatga borib qaragan edim, to‘la ekan-deydi. Alloh taolo uchinchi bor: «Borgin, jannatga kirgin, senga bir dunyo va undan o‘n barobar ziyod joy mavjuddir (yoki «Senga o‘nta dunyo sig‘adiganchalik joy bordir»)!» - deydi. U esa: «Podshoh bo‘la turib meni masxara qilyapsanmi (yoki «Meni ustimdan kulyapsanmi)?!» - deydi».
Abdulloh ibn Masud: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shu gaplarni aytayotib kulib qo‘ydilar, shunda men u zotning oziq tishlari ko‘rinib ketganining shohidi bo‘ldim. Aytadirlarki, mazkur banda jannat ahli aro eng tuban shaxs ekan». Haras ibn Navfal aytadilarki, Ibn Abbos Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Abu Tolibga biror-bir manfaat etkaza oldingizmi» - degan ekanlari (yani, Janob Rasulullohdan: «Amakingiz Abu Tolibga Alloh taolodin rahmat tilab iltijo qilganingizning biror-bir manfaati bo‘ldimi?» - deb so‘rayaptilar).
Do'stlaringiz bilan baham: |