Madaniy kommunikatsiya. Madaniyat boyliklaridan foydalanish ularni o‘zlashtirishni, ya'ni shaxs va jamiyatning ma'naviy va amaliy mulkiga aylantirishni nazarda tutadi. Shu sababli yuqorida zikr etilgan predmetlilikni avloddan-avlodga qoldirish, idrok etish va anglab yetish borasidagi faoliyat madaniyatning muhim elementi hisoblanadi. Madaniyatning har qanday predmeti matnni eslatadi. Bu matn belgilarning tasodifiy va mantiqsiz to‘plamiga emas, balki fikrga aylanishi uchun uni kimdir o‘qishi talab etiladi. Bilim, tajriba va fikr almashish madaniyat borlig‘ining zaruriy shartidir. Madaniy predmetlilikni yaratishda inson o‘z ma'naviy kuchlari va qobiliyatini «moddiylashtiradi», «predmetga aylantiradi». Madaniy boylikni o‘zlashtirishda esa inson madaniy predmetlilikni «moddiylikdan chiqaradi», uning ma'naviy mazmunini aniqlaydi va uni o‘z mulkiga aylantiradi. Shu sababli madaniyatning borlig‘i madaniy hodisalarni yaratuvchilar va ularni idrok etuvchilarning muloqotini talab qiladi. Madaniyatlar muloqoti o‘zaro aloqa qilish, madaniy predmetlilikni tushunish, unga baho berish shakli hisoblanadi va madaniy jarayon markazidan o‘rin oladi.
Madaniy jarayonda muloqot tushunchasi keng mazmun kasb etib, bu madaniy boyliklarni yaratuvchi va undan foydalanuvchining muloqoti, avlodlar muloqoti, xalqlarning o‘zaro aloqa qilish va til topish shakli sifatidagi madaniyatlar muloqotidir. Madaniy tafovutlar – jahon xalqlari betakror tarixining qonuniy natijasi, tarixiy jarayonning rang-barangligi manbaidir. Savdo-sotiq va yaxshi qo‘shnichilikning rivojlanishi, aholi migratsiyasiga qarab madaniyatlarning o‘zaro aloqasi muqarrar tarzda kengayadi. U turli madaniyatlar bir-birini boyitishi va rivojlanishi manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bunda madaniyatlarning o‘zaro aloqasi shakli, uning yo‘nalishi qanday, degan savolga javob topish muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy sivilizatsiya doirasida mavjud bo‘lgan madaniyatlarning o‘zaro aloqasi ayniqsa samarali va shikastsiz hisoblanadi. Turli sivilizatsiyalarga mansub madaniyatlarning o‘zaro aloqasi esa doim ham ijobiy xususiyat kasb etavermaydi. Masalan, yevropacha va noevropacha madaniyatlar, Sharq va G‘arb sivilizatsiyasi madaniyatlarining o‘zaro aloqasi turli ssenariylarga muvofiq amalga oshirilishi mumkin: G‘arb sivilizatsiyasi Sharq sivilizatsiyalarini o‘z ichiga olishi, G‘arb sivilizatsiyasi Sharq sivilizatsiyalariga kirishi, ikkala sivilizatsiyaning birgalikda mavjudligi (Yaponiya). yevropa mamlakatlarida fan va texnika misli ko‘rilmagan sur'atlarda rivojlanishi, yer kurrasi aholisi uchun normal yashash sharoitlarini ta'minlashga bo‘lgan ehtiyoj an'anaviy sivilizatsiyalarni modernizatsiya qilish muammosini kun tartibiga qo‘ydi. Ammo modernizatsiya qilishga urinishlar aksariyat mamlakatlar uchun samarasiz tugadi. An'anaviy islom madaniyatlarini modernizatsiya qilish oqibatlari ayniqsa shikastli bo‘ldi.
Bu madaniyatlar muloqoti amalda mumkin emas yoki an'anaviy sivilizatsiyalarni modernizatsiya qilish faqat aholining qadriyatlarga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga va dunyoqarashning yalpi inqiroziga sabab bo‘ladi degan ma'noni anglatmaydi. yevropacha sivilizatsiya jahon madaniy jarayoni uchun andoza bo‘lishi kerak va o‘zga madaniyatlarning yevropacha andozaga mos bo‘lmagan jihatlari soxta yoki tasodifiydir degan tasavvurdan voz kechish lozim. Ammo turli madaniyatlarning o‘ziga xosligini mutlaqlashtirish ham yaramaydi. Har bir madaniyat o‘z madaniy o‘zagini saqlagan holda, sirtdan ta'sirlar natijasida muttasil o‘zgaradi, ularni har xil ko‘rinishda moslashtiradi. Inson huquqlarini himoya qilish, odamlarni zarur moddiy ne'matlar bilan ta'minlovchi ilg‘or texnologiyalar keng miqyosda amalga joriy etilishi, tibbiy xizmat ko‘rsatishning tarqalishi, ta'lim va madaniyat institutlarining rivojlanishi, faol madaniy aloqalar – bularning barchasi turli madaniyatlarning yaqinlashuvi va yevropacha sivilizatsiya ijobiy ta'sirining dalilidir.
Madaniyat o‘z tarkibiy elementlarining yaxlitligi bilan ajralib turadi. Bu yaxlitlik uning tizimliligi, qadriyatlar ierarxiyasi, darajalari va subordinatsiyasi mavjudligi bilan ta'minlanadi. An'ana madaniyatning muhim birlashtiruvchi mexanizmi hisoblanadi. Madaniyat tushunchasining o‘zi «xotira» kabi an'ananing mavjudligini nazarda tutadiki, uni yo‘qotish jamiyat halokati bilan barobardir. An'ana tushunchasi madaniyatning madaniy o‘zak, endogenlik, o‘ziga xoslik, madaniy meros, madaniy dinamika kabi omillarini o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |