Federatsiya – siyosiy sub'ektlar (shtatlar, yerlar, federatsiya sub'ektlari va sh.k.), o‘z konstitutsiyalari, qonunchilik, ijro va sud organlariga ega davlatlar uyushmasi. Ularning mustaqilligi markaz bilan federatsiya tarkibiga kiruvchi sub'ektlar o‘rtasida vakolatlarning taqsimlanishi bilan belgilangan chegaralarga muvofiq cheklanadi. Davlatlararo birlashmaning alohida shakli konfederatsiya bo‘lib, u mustaqil davlatlar muayyan o‘zaro maqsadlarga erishish uchun tuzgan doimiy uyushmadir.
Forobiy fikricha, davlat jamiyatning tayanchidir. U jamiyatning mukammaligi va mukammal emasligi haqidagi g‘oyaga tayanadi. mukammallik “...shunday davlat vositasida qo‘lga kiritiladiki, u ezgu an'analar, odamlar va yaxshi axloqni tarqata olsin” va jamiyatda bu xislatlarni barqaror eta olsin. Bunday davlat bo‘lmasa fozila, ezgu xislatlar odamlarda uzoq saqlanmaydi va barqaror bo‘lmaydi. Forobiy nazarda tutgan davlat, mustabidlikka emas, balki tiklanish va faoliyatida xalqning istak va irodasi bevosita rol o‘ynaydigan davlatdir. Xalq irodasiga asoslanmagan davlat ideal davlat emas. Demak, davlat – jamiyatning tayanchi, xalqning irodasi va xohishi uning shakllanishi uchun sharoit yaratadi.
Hozirgi davlatlarning aksariyati o‘z faoliyatini konstitutsiyaga muvofiq amalga oshiradi. Konstitutsiya – siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tuzum asoslarini, fuqarolarning huquqlari va burchlarini, asosiy davlat organlarini tarkib toptirish mexanizmi va ularning faoliyat tamoyillarini, saylov tizimi asoslari va hokazolarni mustahkamlovchi davlatning asosiy qonuni. Konstitutsiya boshqaruv va davlat qurilishi shaklini belgilaydi.
Huquqiy davlatda konstitutsiya nafaqat fuqarolar va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi normalarni, shaxs huquqlari va erkinliklarini belgilaydi, balki hokimiyatni cheklaydi. Konstitutsiyada inson huquqlarining davlat qonunlaridan ustunligi mustahkamlanadi. Huquqiy davlat rivojlangan fuqarolik jamiyati mavjudligi bilan tavsiflanadi. Har bir individning erkinligi boshqa odamlarning erkinligi va huquqlari bilan cheklanadi. Qonunning ustunligi va huquqning umumiyligi, hokimiyat, qonunchilik, ijro va sud tarmoqlariga bo‘linishi huquqiy davlatning muhim belgilari hisoblanadi.
Siyosiy tizim mamlakatning siyosiy hayotida ishtirok etuvchi turli-tuman partiyalar, harakatlar, tashkilotlar, institutlar, diniy muassasalar va ta'sir guruhlari majmuini ham o‘z ichiga oladi. Siyosiy tashkilotlar davlat tuzilmalarining shakllanishiga ta'sir ko‘rsatadi, o‘z faoliyati dasturlarini belgilaydi, ijtimoiy birliklar va guruhlarning manfaatlarini tegishli shiorlar, ijtimoiy loyihalarda ifoda etadi va ularni amalga oshirishda qonuniy vositalar bilan ishtirok etadi. Ularning faoliyati o‘z guruhlarining o‘zgalarning manfaatlariga zid bo‘lgan yoki ularni kamsitadigan manfaatlarini ro‘yobga chiqarish zaruriyati bilan belgilanadi. Shu sababli partiyalar va harakatlar hokimiyat obro‘siga tayanadi. Hokimiyatning aralashuvi ziddiyatlarni tartibga solish, manfaatlarni muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |