Iqtisodiy sohaga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjud. U tor ma’noda «turli predmet va xizmat turlarini ishlab chiqarish, taqsimlash, almashtirish va iste’mol qilish» deb tushuniladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, «jamiyatning iqtisodiy soha»si tushunchasi «bazis» tushunchasiga mos keladi. Keng ma’noda esa iqtisodiy soha deganda barcha ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni tushuniladi: ishlab chiqarish usuli, ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining birligi, shuningdek iqtisodiyotning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro ta’sirlari yig‘indisi. O‘ta keng kategorial ma’noda sotsiumning iqtisodiy sohasi «tabiat bilan insonlar o‘rtasida individ va kishilar guruhining ongli faoliyati orqali o‘zaro aloqalarini» aks ettiradi.
Jamiyatning siyosiy sohasi (yoki sodda qilib aytganda - siyosat) sotsium tuzilmasining asosiy qismlaridan biridir. Keng ma’noda «siyosat» va «siyosiy soha» tushunchalari bir-biriga mos keladi. Tor ma’noda siyosat deganda odamlarning, siyosiy kuchlarning hokimiyatga egalik qilishi, uni saqlab turish, mustahkamlash va amalga oshirishga qaratilgan ongli xatti–harakati tushuniladi.
Jamiyatning ma’naviy sohasi ko‘pincha madaniyat bilan tenglashtiriladi. Bunday tenglashtirish unchalik to‘g‘ri emas, chunki madaniyat faqatgina ma’naviy bo‘lmasdan moddiy xususiyatga ham egadir. Buning ustiga, madaniyat integral xususiyatga ega bo‘lib, jamiyatning hamma tomonlari (iqtisodiyot sohasi iqtisodiy va moddiy madaniyatni, siyosat sohasi siyosiy madaniyatni o‘z ichiga oladi va boshqalar)ga kirib boradi. Moddiylik va ma’naviylik bir-biriga qarama-qarshi tomonlar (antitez) bo‘lmasdan, ular bir-birga o‘zaro ta’sir qiluvchi va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi ijtimoiy rivojlanish omillaridir. U yoki bu xalq ma’naviyatining shakllanishi, shu xalqning yashaydigan tabiiy-iqlimiy sharoitlari, ularning u yoki bu darajada rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi.
Hozirgacha, bizga ma’lum bo‘lgan 2,5-3 ming yildan beri falsafa va boshqa turli aniq fanlar - turli ilm sohalari, ulargacha esa mifologiya va din ham insonni turli tomondan, turli vositalar, yo‘llar bilan o‘rganib ularning har biri insonni o‘zicha, o‘ziga xos jihatdan izohlab, tushuntirib kelishadi. SHular asosida inson to‘g‘risida turlicha tasavvurlar, turli xil ta’limotlar, turli-tuman nazariya konsepsiya paydo bo‘ladi.
Dastlab inson to‘g‘risida mifologik qarashlar, tasavvurlar paydo bo‘ladi. Bu tasavvur va qarashlarga ko‘ra, inson o‘zini tabiatdan hali to‘liq ajralmagan, o‘zini tabiatning bir qismi deb, tabiat hodisalarini tabiat bilan bo‘lgan munosabatlarini hayoliy, ya’ni fantastik holda tushunadi.
Jamiyatning rivojlanib borishi bilan inson haqidagi tasavvurlar yanada rivojlanishi tufayli diniy qarashlar paydo bo‘lib, shakllanib boradi. Diniy qarashlarga ko‘ra, din insonni xudo yaratganini, uni olamdagi hamma tirik mavjudotlardan yuqori turuvchi oliy mavjudot – mukarram zot, deb tushuntiradi. Shu bilan birga, din xudoning irodasiga bo‘ysinishi, xudo nimani xohlasa inson shuni qilishini uqtiradi.
Inson to‘g‘risidagi diniy qarashlarga ko‘ra, xudo insonning hamma faoliyatlarini oldindan belgilab qo‘yishi, uning taqdiri oldindan ma’lumligi aytiladi. Islom dini nuqtai nazaridan esa inson Olloh tomonidan loydan yaratilgan bo‘lib, unga Olloh nafasi orqali jon ato qilgan. Inson hamma tirik mavjudotlarning sarvari, u Ollohning erdagi xalifasidir, u hatto farishtalardan ham yuqori turadi. Insonga Olloh haqni tanishi uchun ongni, aqlni ato qilgan. Insonning hayoti «Bu dunyo» va «U dunyo»dan iborat. Inson «Bu dunyo»da vaqtinchalik, omonat yashaydi. «U dunyo»da esa inson bog‘iy yashaydi. «Bu dunyo»- o‘tkinchi, «U dunyo» abadiy dunyodir. Qiyomat kuni jami inson qaytadan tiriladi.
Inson «Bu dunyo»da qilgan yaxshi ishlari, olgan savoblari uchun «U dunyo»da taqdirlanadi, ya’ni «jannatga tushadi». Aksincha, «Bu dunyo»da qilgan gunohlari, yomon ishlari uchun «U dunyo»da jazolanadi, ya’ni «do‘zax»ga tashlanadi va h.k.
Lekin ko‘pchilik mutafakkirlar inson bilan hayvonlarni ajratib turadigan muhim farq bu - insonning ongi, insonda ongning mavjudligi, deb tushuntiradilar. Bunday yondashuv ma’lum darajada to‘g‘ri. Biroq inson bilan hayvonlar o‘rtasidagi bu farq ulardagi asosiy va muhim farqlardan faqat bittasidir, xolos. Bunda boshqa muhim farqlarni ham hisobga olish zarur. Masalan, ko‘pchilik mutafakkirlar va faylasuflar insonni hayvonlardan farq qildiruvchi muhim belgi – bu insonga xos til, nutq tili, degan fikrni ham bildirishgan.
Ba’zi mutafakkir faylasuflar insonni hayvonlardan farq qildiruvchi muhim omil, bu - madaniyatdir, deyishadi. Madaniyat faqat insoniyatgagina xos bo‘lib, u insonning inson sifatida shakllanishi va rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Boshqa bir guruh mutafakkir faylasuflar esa insonni hayvonlardan ajratuvchi muhim farq - bu insonga xos ahloqdir, deyishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |