Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” tragediyasida vatanparvarlik va milliylik motivlari.
Xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning ma’naviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun bo‘lib keldi.
Jaloliddin Manguberdi shaxsi, uning taqdiri hozirgi kungacha hayratga solib kelyapti. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida qatnashadi va o‘zining jasur jangchi, iste’dodli sarkardalik qobiliyatini namoyish etadi. Mo‘g‘ul istilochilarining haybatidan cho‘chigan otasi Muhammadshoh dushmanga qarshi kurashish o‘rniga, go‘yo mamlakat xalqi hayotini saqlab qolish bahonasida Samarqandni tashlab orqaga chekinadi. Kaspiy dengizi bo‘yidagi Obeskun shahriga yo‘l oladi, u yerdan panoh topadi. O‘g‘li Jaloliddinning da’vat-u undovlari ham foyda bermaydi. Yosh sarkarda kuchli mo‘g‘ul qo‘shiniga qarshi bir o‘zi kurashga otlanadi. O‘ziga yaqin xon-u beklar va lashkarboshilarning boshini qovushtirib jangga kiradi. Jaloliddin o‘z qo‘shini bilan eng kuchli mo‘g‘ul lashkarlarini yengib, dushmanga qiron keltiradi, umrining oxirigacha Vatanimiz hududini yovdan tozalashga harakat qiladi. Mohir sarkarda, haqiqatgo‘y, vatanparvar Jaloliddin o‘z davrida, keyingi davrlarda tarixchi olimlar, shoir va adiblar tomonidan sharaflandi.
Taniqli yozuvchi Maqsud Shayxzoda “Jaloliddin Manguberdi” tragediyasini 1944- yilda, ikkinchi jahon urushining qizg‘in bir davrida yaratdi. Asar o‘tmishda chet el bosqinchilariga qarshi xalqimiz olib borgan mardonavor kurashning yorqin sahifalarini sahna asari shaklida yoritish va uni xalqimizning fashizm bilan olib borgan kurashi o‘rtasidagi mushtaraklikni ko‘rsatish borasida muhim targ‘ibiy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etdi. Tragediya mazmuni bilan tanishar ekanmiz, unda M.Shayxzodaning shoirlik, zukko olimlik mahorati to‘liq namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Asar she’riy shaklda yozilgan. Bu usul esa spektakldagi voqealarni aniq-oydin, personajlar xarakterini ta’sirchan, jozibador tasvirlash imkonini bergan. Tragediya matni bir nafasda o‘qiladi va u kishiga chuqur ta’sir qiladi, epizodlar va eng murakkab sahnalar ham o‘quvchi ongiga borib yetadi. Asarning bosh qahramoni Jaloliddin Manguberdi obrazi, uning insoniy qiyofasi – halol-pokligi, dushmanga shafqatsizligi, mardona xarakteri o‘quvchida ham, tomoshabinda ham zo‘r taassurot qoldiradi. Asar o‘zining falsafiy ruhi va badiiy tasvirdagi til jozibadorligi bilan kishi e’tiborini tortadi. Tragediyada asar qahramoni tarixiy haqiqat va badiiy to‘qimaning o‘zaro munosabati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, muallifning tarixiy shaxs va uning badiiy obrazi tasviri hayotiy ko‘rinish olgan. Jaloliddin Manguberdi xatti-harakati, uning gap-so‘zlari, muomala tarzi tarixiy muhit bilan uyg‘un ravishda namoyon bo‘ladi. Jaloliddinning otasi Muhammadshoh, amir Badriddin, Yaroqbek kabi Vatanga xiyonat yo‘liga o'tgan kimsalarga nafratli murojaati, onasi va singlisi Sultonbegimlarga nisbatan mehribonona muomalasi aks etgan sahna epizodlari nihoyatda ta’sirchan, hayotiy chiqqan.
Tragediyada Jaloliddin Manguberdi qiyofasi ko‘proq asardagi boshqa obrazlar orqali ochilgan. Jumladan, zolim Chingizxon, o‘z yurtiga xiyonatkor Shoh Muhammad, olchoq amir Badriddin bilan bo‘lgan muloqotda uning mard, yurtiga vafodor, bosqinchi va xiyonatkor kishilarga nafrati haddan ziyoda inson sifatida namoyon bo‘ladi, ayni paytda Temur Malik, Muhammad Nasaviy, Elbors cho‘ponlar bilan so‘zlashlari xalqparvar, elga g‘amxo‘r yurt rahbari, volidasi va singlisi Sultonbegim bilan qilgan muloqotida mehribon farzand va tug‘ishgan inisi uchun qayg‘uradigan kishi qiyofasida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Vatanimizning ming yillik tarixi el-yurtimizni bosqinchi, yovuz kuchlardan himoya qilish, millatimizning ozodligi va or-nomusini asrash yo‘lidagi buyuk voqealarni, buyuk shaxslarning jasorati vaA marligini asrlar davomida o‘z yorqin xotirasida saqlab kelmoqda. Jalolidin Manguberdi – ona Vatan himoyachisi, jasur sarkarda va davlat arbobidir. U o‘zidan o‘chmas iz qodirgan xalqimizning milliy qahramonidir. Jaloliddin Manguberdining xalqimiz oldida qilgan mardonovor jasorati barchamiz uchun sharaf va g‘urur bag‘ishlaydi. Bu buyuk siymo hayoti haqida juda ko‘plab asarlar yozilgan. Shunday asarlardan biri Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi hisoblanadi. Mazkur asar II jahon urushi davrida yozilgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha, Manguberdining kishida hayajonli faxr tuyg‘usini junbushga keltira oladigan qahramonliklari aks etgan mazkur drama urushga ketayotgan askarlarga maxsus namoyish etilib, frontga jo‘natilgan ekan. Bu esa askarlarda jangovar ruh va shijoat uyg‘otib, dushmanga nafratni kuchaytirgan. Ana shunday vatanparvarlik tuyg‘usining kuchayuviga sabab bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz, xususan, Jaloliddin Manguberdining jasoratlari asrlar o‘tsa hamki, o‘z qadr-qimmatini va ahamiyatini yo‘qotmaydi. Maqsud Shayxzoda qalamiga mansub dramada ham Sulton Jaloliddinning vatan uchun qilgan xizmatlari aks etgan. Dramada vatanparvarlikka, millatparvarlikka chorlovchi motivlari juda ko‘p. Asarda Jaloliddin quyidagicha ta’riflanadi. Jaloliddin zamonadagi voqealarni chuqur o‘ylovchi siyosiy va harbiy arbob sifatida fikr yuritadi. U otasining uni valiahdlikdan mahrum etish haqidagi qaroridan zarracha afsuslanmaydi:
Kishi tug‘ilmaydi boshda toj bilan,
Tug‘ilar erklikka ehtiyoj bilan…
El-o‘lka sog‘ bo‘lsin, toj kelib-ketar…
Odamlar o‘ylarki bo‘lmasa tojim,
Qalandar bo‘lurman, qolmas ilojim.
Jaloliddin taxtga egalik qilish uchun emas, balki, saltanat butunligi, el osoyishtaligi uchun kurashadi. Jaloliddin va uning safdoshlari yovni yanchishga, vatan tuprog‘ini xalos etishga jahd-u jadal qiladilar, janglarda ko‘p fidokorlik ko‘rsatadilar.
G‘urbatlarga yo‘l olmoq ulug‘ musibat
G‘urbatda ham armondir: Vatanga xizmat!
Bir bo‘lsaydi saltanat, el-urug‘lar bir,
Dahshat sochib bo‘lardik jangda olamgir.
Mangulikdan joy olgan – yashar abadiy,
Men-ku mangu berdiman,olam biladi.
Ko‘klardanmi, suvdanmi, yo yer tagidan,
Balki sahro bag‘ridan, tog‘ etagidan.
Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda,
Yurt shaydosi ko‘milmas g‘urbatda, go‘rda.
Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal
Kim yurtdan yovni quvsa- mendurman o‘shal!
Bu so‘zlarda Jaloliddin xarakteriga xos bo‘lgan mardlik va el-yurtga sadoqat ro‘yirost bo‘rtib turibdi. Jaloliddin obrazini mardlik va sadoqat timsoli sifatida tasavvur etgan Maqsud Shayxzoda, el-yurt daxlsizligi uchun kurashgan, o‘z jasorati bilan o‘zgalarni kurashga ilhomlantirgan odam xalq xotirasida mangu yashaydi, degan g‘oyani ilgari suradi. Jaloliddin obrazini ulug‘vorlik va chin insoniylik xislatlarini kitobxon tasavvurida yaqqol jonlantiradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, asar so‘ngida sulton Jaloliddin yurtni g‘animlarda qutqara olmasa ham, yuksak vatanparvarlik ko‘rsatib barchaga o‘rnak bo‘la olgan. Umuman olganda dramada Jaloliddin tomondan aytilgan har bir so‘z o‘zida vatanparvarlik va millatsevarlikni aks ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |