1.CHingizxon va Xorazmshoh o’rtasidagi munosabat.
Movarounnahr va Xurosonni mo’g’ullar tomonidan bosib olinishi.
Xorazmshohning jahongirlik borasidagi uzoqni ko’zlovchi maqsadlari Xitoyni fath etishni ham nazarda tutardi. Ammo Xitoy allaqachon Chingizxon tomonidan zabt etilganli haqida xabar yetgach, Sulton Alouddin Muhammad bu ma'lumotning to’g’ri-noto’g’iligini tekshirish niyatida Chingizxon huzuriga elchilar yubordi. Elchilar mish-mishlarning ayni haqiqat ekanini tasdiqlashdi.Chingizxon bu elchilikka javoban ketma-ket ikki marta elchilar jo’natdi. Ikkinchi gal elchilar katta savdo karvoni bilan birga yo’lga chiqqan edilar. Karvon chegara shahar O’trorga yetib kelganida shahar hokimi, Sulton Alouddin Muhammadning tog’avachchasi Inolchiq G’oyirxon elchilarni josuslik va aholio’rtasida vahimali gaplar tarqatishda ayblab, hibsga oladi va butun karvon ahlini qatl etadi. Qirg’indan omon qolgan yagona tuyakashdan yuz bergan fojia xabarini eshitgach, Chingizxon Inolchiqni topshirishni talab qilib yana elchilar jo’natdi. O’z qarindoshi va katta amirlaridan birini dushmanga topshirish xorazmshohning sha'ni va nufuziga to’g’ri kelmas, qolaversa, bu ish oson ham emas edi. Sulton mo’g’ul elchisini qatl etish, ikkala hamrohining esa soqolini kesib tashlashni amr etadi.
Chishizxon tezdan g’arbga yurish hozirligini ko’ra boshladi.Mazkur elchilar almashish davrida xorazmshohning mo’g’ullar bilan birinchi, ma'lum ma'nodagi tasodifiy to’qnashuvi yuz berdi. Manbalardagi ma'lumotlarga ko’ra, Sulton Alouddin Muhammad mo’g’ul qo’shini ta'qibiga uchragan merkit qabilasining qochoqlar yurtiga qochib borganini eshitib, 60 ming kishilik qo’shin bilan Samarqanddan yo’lga otlanadi va Irgiz daryosidan kechib o’tib, To’rg’oy cho’lidagi (hozirgi Qozog’iston hududida) jang bo’lib o’tgan joyga yetib keladi. Merkitlar batamom qirib tashlangan edi. Bir yarador jangchi mo’g’ullar jang maydonini yaqinda tark etishganini ma'lum qiladi. Xorazmshoh keyingi kuni tongda ularga yetib oladi. Chingizxoining to’ngich o’g’li Jo’chi (Jo’ji) otasining xorazmliklar bilan jang qilishni taqiqlaganini aytib, jangdan bosh tortishga harakat qiladi, ammo xorazmshoh «Chingizxon senga men bilan olishishni buyurmagan bo’lsa ham, Alloh taolo menga sen bilan urushishni amu etadi», deya jang boshlaydi. Kunning oxiriga borib har ikkala qo’shinning o’ng qanoti dushmanning chap qanoti ustidan g’olib chiqadi. Xorazmshoh qo’shinining o’ng qanotiga esa ushbu jangda yosh Jaloliddin Manguberdi rahnamolik qilgan. U qurshovga olina boshlagan otasiga yordamga yetib kelishga ham ulgurib, dushman hamlasini daf qiladi. Tunda mo’g’ullar yoqilgan gulxanlarni qoldirib, o’zlari yashirincha janggohni tark etadilar.Asosiy urush harakatlari esa 1219 yilning erta kuzida boshlandi. Xorazmshohning bemulohaza qarori bilan qo’shin turli shaharlarga tarqatilib, shaharlar o’z holiga tashlab qo’yilgan bir sha'roitda, garchi himoyachilar qattiq qarshilik ko’rsatgan bo’lsalarda, mo’r-malaxdek yopirilgan mo’g’ullar shahar va qishloqlarni birin-ketin ishg’ol eta boshladilar. 1220 yilning o’rtalariga kelib butun Movarounnahr, keyingi ikki yil mobaynida Xuroson, Eron va boshqa o’lkalar bosib olindi. Zabt etilgan shaharlar va ularning aholisini bir-biriga o’xshash achchiq qismat kutardi: mo’g’ullar aholini shahar chetidagi ochiq maydonga haydab chiqib, hunarmandlar, yosh xotin-qizlar va bir qism bolalarni qullikka yoki boshqa shaharlar qamalida tirik himoya devori sifatida ishlatish uchun haydab ketishar, qolganlarni esa yoppasiga qilichdan o’tkazardilar. Bo’sh qolgan shaharlar mo’g’ul askarlari tomonidan bir necha kun davomida talanib, so’ngra yer bilan yakson qilinardi.Qattiq qarshilik ko’rsatilgan hollarda mo’g’ullar shafqatsiz o’ch olardilar. Masalan, Buxoro shahrini olishganidan so’ng mo’g’ullar aholini qirg’inbarot qilib, xalq ko’z o’ngida ayollarning nomusiga tegib, so’ng shaharga o’t qo’ydilar. Pishiq g’ishtdan qurilgan bir necha binoni hisobga olmaganda, butun shahar yonib kulga aylandi. Xurosonga qochib borgan bir buxorolikdan bo’lgan voqealarni so’rab surishtirishganida u shunday javob beradi: «Keldilar, titdilar, yendirdilar, o’ldirdilar, xaydadilar, ketdilar».Yoki Termizni olaylik. Mo’g’ullar bu yerda qatl uyushtirib bo’lganlaridan so’ng bir ayolni uchratib qolishadi. U ayol omonlik so’rab yalinib -yolvoradi va buning evaziga marvarid va'da qiladi. Mo’g’ullar marvaridni talab qilganlarida ayol uni yutib yuborganini ma'lum qiladi. Mo’g’ullar uning qornini yorib, qimmatbaho toshni oladilar. Shunda Chingizxon barcha asrlarning qornini yorib ko’rishga farmon beradi. Gurganj (Ko’hna Urg’anch) himoyachilari istilochilarni beayov savalab, mingdab qurbonlar berishga majbur etishgan edi, dushmanning o’chi ham dahshatli bo’ldi: mo’g’ullar Amudaryoga qurilgan to’g’onni buzib, shaharni suvga bostirdilar. Tarixi qadar qadim madaniyatga ega bir azim shahar batamom yer yuzidan supurib tashlandi. O’tror, Xo’jand, Marv, Naso (Niso), Toliqon va boshqa shaharlardagi xunrezlik va vayronagarchiliklar ham yuqoridagilarga o’xshash bo’lgan. Samarqand taslim bo’lganidan so’ng Chingizxon xorazmshoh Alouddin Muhammadning qo’shin to’nlab, qarshilik ko’rsatishiga yo’l bermaslik va uni tiriklayin qo’lga tushirish maqsadida sarkardalari Jebe va Subutoyni 20 ming kishilik qo’shin bilan xorazmshohning ketidan yubordi. Ularning ta'qibiga uchragan Sulton Alouddin Muhammad Xuroson va Eron orqali o’tib, Kaspiy dengizidagi orollardan biriga kelib qoladi. Bor-budidan mosuvo bo’lib, g’am-alam ostida og’ir xastalikka chalingan Sulton Alouddin Muhammad shu yerda 1220 yil dekabrda olamdan o’tdi. Nihoyat, Jaloliddin Manguberdi uchun mustaqil ravishda harakat qilish imkoniyati paydo bo’lgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |