Surxondaryo vohasi. Surxon vohasi O‘zbekistonning janubida joylashgan juda qadimiy va boy tarixga ega bo‘lgan viloyat sanaladi. Surxondaryo viloyati 1941 yil 6 martda tashkil topgan. Hududi 20,1 ming km2 aholisi, 1 mln 850 mingdan ortiq, markazi Termiz shahri. Surxon vohasida 30 dan ortiq elat va millat vakillari istiqomat qiladi. Vohada o‘zbek xalqining qo‘ng‘irot, juz, jaloyir, nayman, do‘rmon, qatag‘on, xitoy, kenagas, qorluq, saroy kabi urug‘ va elatlari istiqomat qiladi. Surxon vohasi insoniyatning ilk vakillari yashagan hududlardan biri hisoblanadi.
Teshiktosh g‘oridan topilgan neandertal bolaning suyak qoldiqlari voha hududida odamlar o‘rta paleolit davridan beri yashab kelayotganligidan dalolat beradi. Surxon vohasi hududi Janubiy O‘zbekistonda ilk o‘troq dehqonchilik xo‘jaligi qaror topgan makon hamdir. Xususan, Sopollitepada olib borilgan arxeologik izlanishlar vohada o‘troq dehqonchilik xo‘jaligi tarixining to‘rt ming yillik o‘tmishga borib taqalishini isbotladi.
Surxon vohasida bronza davridayoq shaharsozlik an’analari shakllana boshlagan. Jarqo‘ton xarabolari Markaziy Osiyoda shakllangan ilk shaharning o‘rni bo‘lib, uch yarim ming yillik tarixga ega.
Surxon vohasi dehqonchiligida sun’iy sug‘orish tizimi ham bir muncha erta vujudga kelgan, miloddan avvalgi bir ming yillikka oid qadimgi Bandixon kanali vohada sun’iy sug‘orish inshoatlarining ilk temir davridayoq qurila boshlaganligini ko‘rsatadi.
Surxon vohasi hududi ilk davlatchilik an’analariga ham poydevor bo‘lgan makon sanaladi. Miloddan oldingi VIII-VII asrlar oralig‘ida shakllangan Qadimgi Baqtriya podsholigining o‘zagi ham aynan Surxon vohasi hududlarida ildiz otgan. Surxon vohasi hududlari tarixning turli davrlarida Baqtriya, Tohariston, Chag‘oniyon va boshqa shunga o‘xshash jarangdor nomlar bilan atalib, insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan. Zardo‘shtiylik dini ilk tushunchalarining shakllanishi, olovni muqaddaslashtirish jarayonlari ham aynan Surxon vohasi hududlari bilan bog‘liq. Qadim Baqtriya hududlarida miloddan avvalgi III-II asrlarda mahalliy madaniyat bilan qadim yunon madaniyatining o‘zaro omuxtalashib, ellinlashtirish jarayoni yuz berganligini ko‘ramiz. Qudratli Kushonlar saltanati davrida Baqtriya madaniyati bilan qadim hind madaniyati an’analalari o‘zaro uyg‘unlashib, insoniyat svilizatsiyasini yanada boyitdi. Hindistonda shakllangan buddaviylik ta’limoti yuksalishida ham Baqtriyalik rohiblarning alohida xizmatlari bor. Buddaviylik dinini Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga yoyilishida ham qadim Baqtriya hududlari muhim o‘rin tutgan. Ilk o‘rta asrlar davrida vohaga xioniylar, toharlar, eftaliylar, turkiy qavmlar va arablarning kirib kelishi voha aholisi etnik tarkibida muhim o‘zgarishlar yasagan va mintaqada kechgan etnomadaniy jarayonlarga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgan.
Surxon vohasi hududiy joylashuviga ko‘ra, janubdan Amudaryo orqali Afg‘oniston, g‘arbdan Turkmaniston, Sharqdan esa Tojikiston hududlari bilan chegaradosh bo‘lib, uning aholisi uzoq davrlik tarixi mobaynida qo‘shni hududlardan ko‘chib o‘tgan etnik guruhlar hisobiga boyib borgan. Shu tufayli ham Surxon vohasi aholisi o‘zining urug‘-qabila tarkibi jihatidan rang-barangligini saqlab qolgan.
Surxon vohasi aholisining qadim ajdodlari jug‘rofiy – hududiy va tabiiy sharoitlarga moslashib o‘ziga xos turmush tarzini shakllantirganlar. Tabiiy sharoit va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish aholining turmush tarzi, madaniyati va shuningdek, milliy his-tuyg‘ularida ham o‘ziga xos xususiyatlarni yuzaga keltirgan. Ushbu xususiyalardan kelib chiqqan holda aholiniing xo‘jalik faoliyati moddiy madaniyati, ma’naviyati, urf-odatlari, marosim va an’anaalari shakllangan. Surxon vohasi aholisi turmush tarzining o‘ziga xos jihatlari arxeologik va etnografik tadqiqotlarda o‘z ifodasini topgan. Ushbu tadqiqotlar jarayonida voha aholisining nihoyatda boy etnik tarixga ega ekanligi isbotlangan. Chunki voha aholisi o‘zining turmush-tarzi, xo‘jalik faoliyatidagi an’analar, uy-joylari, kiyinish madaniyati, urf-odatlari va xalq og‘zaki ijodi durdonalarining o‘ziga xos jihatlari bilan respublikaning boshqa hududlaridan ajralib turadi. Surxon vohasi aholisi turmush-tarzini o‘rganish yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar vohaning alohida etnografik makon ekanligidan dalolat beradi. Surxon vohasini etnografik jihatdan o‘rganish XIX asrning ikkinchi yarmida rus va ingliz sayyohlari, harbiylari, Sharqshunoslari va havoskor etnograflar tomonidan olib borilgan tadqiqotlardan boshlangan va ular o‘zlarining kuzatishlarini ilmiy asarlari hamda esdaliklarida bayon qilishgan. Surxon vohasi aholisi turmush-tarzini etnografik jihatdan o‘rganishda ayniqsa B.X. Karmishevaning xizmatlari kattadir. Ayniqsa, mustaqillik yillarida vohani etnografik jihatdan o‘rganish uchun qulay imkoniyatlar yaratildi. Xususan vohada yuz bergan etnomadaniy jarayonlar, voha aholisining moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganish yuzasidan bir qator tadqiqotlar amalga oshirildi. Surxon vohasi etnografiyasini o‘rganish nafaqat respublika miqyosida balki xorijiy davlatlar olimlarining ham tadqiqotlarida o‘z ifodasini topmoqda. 2001 yilda YUNESKO Boysunni “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy qadriyatlar makoni” sifatida e’tirof etdi. Vaholanki ushbu yuksak e’tirofga dunyodagi 19 ta hudud sazavor bo‘lgan xolos.
2002 yildan boshlab esa, Boysunda “Boysun bahori” ochiq folklor festevali o‘tkazila boshlandi.
2009 yil 25 avgustda Surxon vohasiga tashrif buyurgan Respublikamizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov Surxon vohasining nihoyatda qadimiy tarixga ega ekanligini insoniyat svilizatsiyasi taraqqiyotida voha alohida o‘rin tutganligini ta’kidladi. Shuningdek, voha aholisining turmush tarzi, moddiy-madaniyati, urf-odatlari va xalq og‘zaki ijodi an’analarining o‘ziga xosligini hamda bu hududda etnografik manbalarning juda yaxshi saqlanganligini e’tirof etib, “Surxondaryo – etnografik makon” degan yuksak bahoni bergan edilar. Haqiqatdan ham Surxon vohasida etnografik manbalar nihoyatda ko‘p va o‘ziga xos xususiyatlarini hanuzgacha saqlab qolganligi ayni haqiqatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |