Ichanqal’a to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni 26 ga. Qadimda ikki qatorli mudofaa devor bilan o‘rab olingan, devor o‘z navbatida aylana shakldagi kunguralar bilan o‘rab olingan, ular o‘rtasidagi oraliq – 30 m.
Shaharning paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixini o‘rganish maqsadida M.Mambetullaev shaharning bir necha joyida tadqiqot ishlarini olib bordi, natijada 10 ta qurilish davri mavjudligi aniqlandi.
Mudofa devorining etti joyida kesish ishlari olib borilib, natijada devor qurilishi tarixi oydinlashdi.
I qurilish davrida ikki qatorli devor paxsadan qurilib, uning balandligi – 0,85 m, yo‘lak kengligi – 2,50 m. Bu qurilish davri miloddan avvalgi VI-V asrlarga oid, II urilish davrida paxsa devor ustiga xom g‘ishtli devor tiklangan, hajmi (40x40x10 sm, 41x41x12 sm) yo‘lak kengligida o‘zgarish sezilmaydi, qo‘sh devor ko‘tarilishi davom etadi, tashqi tomondan qo‘shimcha devor qurilishi olib borilgan, natijada devor qalinligi 7 m bo‘lgan (mil.av. IV-III asrlarga oid).
III–qurilish davri – Xivada madaniy hayot yuksaladi, g‘arbiy devor markazida ark qad ko‘taradi, bu rivojlanish milodiy IV asrgacha davom etadi. Tashqi tomondan devorga qo‘shimcha devor qurilishi davom etib, uning qalinligi 9 metrga etadi. Tashqi devordagi kungurda ham ta’mir ishlari olib borilgan, natijada to‘g‘riburchakli kungur aylana shaklga aylanib qolgan. Demak, antik davrda Ichanqal’a savdo hunarmandchilik markazi bo‘lishi bilan birga harbiy chegara vazifasini ham bajargan.
Xazorasp – Xorazm vohasining janubiy darvozasi bo‘lib, eng qadimiy shaharlardan biridir. YOdgorlik tekislikka qurilgan, uning rejalashtirilishi to‘rt tomoni teng (10,8 ga), qadimda ikki qatorli devor bilan o‘rab olingan, ular o‘rtasida kengligi 2,10 m bo‘lgan yo‘lak o‘tgan. Shaharning janubiy-Sharqiy burchagida ark joylashgan (hajmi 40x40 m). YOdgorlikning qurilish tarixi to‘g‘risida yagona ilmiy fikr hanuzgacha mavjud emas, bunga arxeologik qazish ishlarining eng qadimiy madaniy qatlamgacha olib borilmaganligidir.
1958-1960 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi xodimlari, 1997, 2000, 2003 yillarda Xorazm Ma’mun akademiyasining arxeologiya guruhi xodimlari Xazoraspning bir necha joyida tadqiqotlar olib borilgan, afsuski bu tadqiqotlar tugallanmay qolib ketgan.
Devor va kungurlar saqlanib qolgan, balandligi turlicha, ya’ni 5-14 m. Janubiy devor mahalliy aholi tomonidan buzib tashlangan, bu devorda bitta kungur saqlanib qolgan, g‘arbiy, shimoliy va Sharqiy devorlarda kungurlar yaxshi saqlangan, ular o‘rtasida oraliq 10–55 m.
Shimoliy-g‘arbiy qismi ichki qismidan eng qadimgi paxsa devor topildi, unda to‘g‘ri burchakli kungur mavjud.
Qal’aning masjid qismida, shimoliy-g‘arbiy, g‘arbiy qismda mudofaa devorini kesish ishlari olib borildi. Natijada shaharning qurilish tarixini mil.av. VII asr bilan belgilash imkonini berdi. Tadqiqotchi Q.Sobirov Bo‘ston shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Simpoziumda qilgan ma’ruzasida Xazorasp yoshini miloddan avvalgi VII-VI asrlarga oidligini qayd etgan edi. Xullas Xazorasp qal’asida keng miqyosda tegilmaydigan er qatlamigacha arxeologik tadqiqotni olib borish zarur, bu albatta kelajakka oid masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |