JAHON QADIMGI SIVILIZATSIYASIDA O'ZBEKISTONNING O'RNI. AVESTO QADIMGI TARIXIY MANBAA.
Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan pragmatik ochiq siyosat tufayli yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi tobora ortayotgani bir qator xalqaro reyting koʻrsatkichlarida hamda nufuzli anjumanlarda eʼtirof etilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etib, oʻzbek tilida nutq soʻzlagani unutilmas tarixiy voqea boʻldi. Eng muhimi, Oʻzbekiston rahbari xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etdi, mamlakatimizni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Aslida keyingi yillarda yurtimizda tashkil etilayotgan nufuzli xalqaro konferensiyalar, forumlar, madaniy tadbirlar Oʻzbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoning, balki dunyoning zamonaviy madaniy-maʼrifiy markazlaridan biriga aylanib borayotganini anglatadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda.
Insoniyatning ilk tamadduni bilan tengdosh boʻlgan diyorimizda miloddan keyingi davrda ikkita ulkan uygʻonish toʻlqini joʻsh urganiga tarix guvoh. Lekin, bugungi zamonaviy ilm-fan yutuqlari aynan bizning hududda kechgan buyuk renessans tufayli yuzaga kelgan kashfiyotlar asosiga qurilganini hamon dunyo ahliga bor mahobati bilan koʻrsata olganimiz yoʻq.
Qolaversa, Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlidagi qulay geografik joylashuvi tufayli xalqaro savdo, madaniy, ilmiy va aql-zakovat almashinuvida muhim boʻgʻin boʻlib xizmat qilgan. Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalari oʻrtasidagi muloqot rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan.
Afsuski, Markaziy Osiyo xalqlarining bugungi jahon taraqqiyotidagi ulushi bor koʻlami bilan hali ham toʻliq oʻrganilmagan. Ayniqsa, Oʻzbekistonimizning bebaho madaniy merosini dunyo ahli uchun deyarli ochilmagan xazina sifatida baholash mumkin.
Bu haqda gap ketganda, Prezidentimizning Parij va Samarqand shaharlarida BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan oʻtkazilgan uchrashuvlardagi xulosalarni eslash oʻrinli. Xususan, Samarqanddagi uchrashuvda xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilishiga kelishilgandi. Yurtimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini roʻyobga chiqarish, taʼlim va fan, atrof-muhit muhofazasi sohalarida muhim oʻzgarishlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar ijobiy natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgandi.
Bugungi kunda 195 ta mamlakat aʼzo boʻlgan YUNESKO tashkiloti 1945-yildan buyon taʼlim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga koʻmaklashib kelmoqda. Oʻzbekiston bilan YUNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021-yilgacha hamkorlik dasturi doirasida mamlakatimizda bir qator loyihalar amalga oshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |