Jahon banki: O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2020-yilda 1,5 foizga o‘sadi
Jahon banki jahon iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, dunyo iqtisodiyoti 2020-yilda Ikkinchi jahon urushidan beri rekord darajada — 5,2 foizga pasayadi.
Shuningdek, Jahon banki Markaziy Osiyo mintaqasiga oid prognozlarini ham bergan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2020-yilda 1,5 foiz, 2021-yilda esa 6,6 foizga o‘sadi.
Bank hisobotida qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi xomashyo mahsulotlari narxining tushib ketishi, global va mintaqaviy qiymat zanjirida uzilishlar paydo bo‘lishiga olib kelgani Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ta’kidlanishicha, mintaqa mamlakatlarida koronavirus tarqalishining kengayishi ichki talabning qisqarishini kuchaytirdi, ta’minotdagi uzilishlarni chuqurlashtirdi va iqtisodiy faoliyatning katta qismi to‘xtashiga, valyutalarning nisbiy zaifligi qarz xarajatlari oshishiga va eksportning keskin pasayishi to‘lovlar balansidagi zo‘riqish kuchayishiga olib kelgan.
Qayd etilishicha, ushbu inqirozga javoban mintaqadagi ko‘plab mamlakatlarning markaziy banklari pul-kredit tizimini qo‘llab-quvvatlamoqda, hukumatlar o‘z mamlakatlarining valyutalarini barqarorlashtirish va o‘zgaruvchanlikni kamaytirish maqsadida valyuta bozorlariga kirib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, mintaqa iqtisodiyoti 4,7 foizga pasayishi kutilmoqda, retsessiya deyarli barcha mamlakatlarga ta’sir qiladi. Ushbu prognoz yilning ikkinchi yarmi boshida hukumatlar tomonidan joriy etilgan cheklov choralarini bosqichma-bosqich bekor qilishiga asoslangan. Pandemiya ta’sirini bosqichma-bosqich yumshatish va savdo va investitsiyalarni tiklashni o‘z ichiga olgan ssenariyga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2021-yilda tiklanib, 3,6 foiz o‘sish kutilmoqda.
“Mintaqa iqtisodiyoti savdo va moliyaviy oqimlar, jumladan, pul o‘tkazmalari uchun ochiqligi bilan ajralib turadi va shu bois global inqirozlarning nojo‘ya ta’siri oldida himoyasizdir. Bundan tashqari, mintaqaning energiya manbalarini eksport qiluvchi mamlakatlar, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon iqtisodiyotiga neft narxlarining past darajada saqlanib turishi ta’sir qilishi kutilmoqda”, — deyiladi hisobotda.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida xususiy iste’mol va sarmoyalar to‘xtaydi, natijada Markaziy Osiyoda iqtisodiy faollik 2020-yilda 1,7 foizga pasayishi kutilmoqda. Yevropa hududi yoki Rossiya bilan savdo va moliyaviy aloqalar, jumladan, pul o‘tkazmalari orqali chambarchas bog‘liq mamlakatlar bundan eng ko‘p jabrlanadi.
Avvalroq O‘zbekiston S&P Global Ratings kredit reytingi prognozida “barqaror”dan “salbiy”ga o‘zgargani haqida xabar berilgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |