Goratsiy (m.o. 65) Vergiliyning zamondoshi va do‘sti, Avgust davrining ikkinchi ulug‘ shoiri Kvint Goratsiy Flakk miloddan oldingi 65 yilda Italiya janubidagi Vinuziya shaharchasida tug‘ilgan. Uning otasi soliq yig‘uvchi bo‘lib, Apuleyada uncha katta bo‘lmagan mulkka egalik qilgan. Goratsiy avval Rimda, keyin Afinada saboq oladi, o‘tmishdagi ulug‘ yunon shoirlarining asarlarini qunt bilan o‘rganadi. O‘zining aytishicha ilk she'rlarini yunon tilida yozgan. Uning dastlabki she'rlariyoq kitobxonlarga, shu jumladan Vergiliyga manzur bo‘ladi. Aynan Vergiliy uni adabiyotning atoqli homiysi Silniy Metsenat bilan tanishtiradi. Shoir sevgi-muhabbat, do‘stlik, hayot oqimining tez oqarligi haqida yozdi. Avgustning muruvvati va Metsenantning himmatlari tufayli Goratsiy tez orada muhtojlik tashvishlaridan qutulib, dorilamon hayot kechira boshlaydi.
Goratsiy she'riyatning turli janrlarida ijod qildi: oda, satira, madhiya, nomalar shular jumlasidan. Shoir ijodida san'at va she'riyatning jamiyatdagi o‘rni masalalariga katta e'tibor qaratilgan. “Avgustga noma”da she'riyat insonni shakllantirishi, unga taskin berishi, dardiga davo bo‘lishi haqida so‘z yuritilsa, “She'riyat san'ati haqida” nomasida asarni qanday qurish va so‘z boyliklaridan umumli foydalanish, xarakterlarni qanday yaratish haqida maslahatlar beradi. Uning mashg‘ur “Haykal o‘rnatdim men” qasidasida ijodkor va she'riyatning umriboqiyligi mavzusi qalamga olingan. Goratsiyning ijodiy me'rosi bizgacha deyarli to‘la holda yetib kelgan.
Ular quyidagilar:
“Epodlar” deb ataluvchi 17 she'rdan iborat bitta to‘plam.
“Satiralar” deb ataluvchi 18 she'rdan iborat ikkita to‘plam.
“Qasidalar” deb nomlanuvchi 103 she'rdan iborat to‘rtta to‘plam.
“Nomalar” deb ataluvchi 23 she'rdan iborat ikkita to‘plam.
“Bayram madhiyasi” she'ri.
Goratsiy ijodida favqulotda o‘rin tutadigan shoh asari shubhasiz, uning “Qasidalar”idir. To‘rt majmuadan iborat bo‘lgan qasidalarning birinchi uch qismini shoir miloddan avvalgi 23 yilda, to‘rtinchi qismini 13 yilda nashr qildiradi. Shoirning o‘zi to‘rtala to‘plamga kirgan asarlarining barchasini “qo‘shiqlar”, “she'rlar” deb atagan bo‘lsa ham, antik davrda “qasida” nomi bilan mashhur bo‘lgan. “Qasidalar” muallifi qadimgi yunon shoirlari ixtiro etgan rang-barang va murakkab she'riy vaznlardan ustalik bilan foydalangan va shu orqali Rim she'riyatining shaklini boyitib, unga turli-tuman go‘zal va nozik taronalar bag‘ishlagan. Qasidalar mazmun jihatidan ham, janr jihatidan ham benihoyat xilma-xildir. Goratsiy ijodining butun mazmuni – xoh “Epodlar” da bo‘lsin, xoh “Satiralar”da bo‘lsin, xoh “Qasidalar”da bo‘lsin – asosan shod-xurramlikni, yor-do‘stlikni, may va ishq-muhabbatni targ‘ib qilishdan iboratdir. Uning fikricha inson uchun bularning birontasidan saqlanishning hech qanday zaruriyati yo‘q. Goratsiy lotin tilida mutlaqo yangi lirika yaratdi. Qasidalardagi fikriy teranlik, shakliy rang-baranglik, uslubining nafisligi, ixchamligi, sodda va ravonligi – ulug‘ shoir tomonidan Rim she'riyatiga kiritilgan yangiliklarning yorqin namunasidir. Shoir o‘z ijodiga yakun yasab, “Qasidalar” uchinchi majmuasining “Haykal” nomli mashhur 30- qasidasida Rim she'riyatining taraqqiyoti yo‘lidagi buyuk xizmatlarini, inchunin, lirik shoir sifatida abadiy barhayot qolajagini e'tirof etar ekan, g‘urur bilan yozilgan bu so‘zlarda hech qanday mubolag‘a bo‘lgan emas. Ulug‘ rus shoiri A.S.Pushkinning mashhur “Haykal” she'rining yaratilishiga Goratsiyning “Haykal o‘rnatdim men” (“Exegi monumentum”) qasidasi turtki bo‘lgan. Ruschada uni “Pamyatnik nerukotvornыy”, “Poxvala pissam” deya atashgan. Antik davrning bu qasidasidan ilhomlangan M.Lomonosov, G.Derjavin, V.Kapnist, A.Vostokov, S.Tyutchev kabi XVIII asr mualliflari ham haykal mavzusida o‘z qasidalarini yozishgan. Ammo faqat Pushkinning qasidasi davrlar osha sevib o‘qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |