QADIMGI RIM ADABIYOTI
REJA:
1. Rim adabiyotining taraqqiyot bosqichlari
1.1 Birinchi Rim shoirlari
1.2 Plavt ijodi
2. Ichki urushlar davri adabiyoti
2.1 Sitseron
3. Rim adabiyotining “oltin davri”. Goratsiy ijodi.
3.1 Vergiliy – Rimning ulug‘ shoiri
3.2 Goratsiy ijodi
3.3 Ovidiy ijodi
4. Imperia davri. Rim adabiyoti.
Tayanch so‘z va iboralar: lotin tili, Liviy Andronik, Plavt, Sitseron,notiqlik, Avgust davri, Goratsiy, “Qasidalar”, Vergiliy, “Eneida” dostoni, Ovidiy, “Metamorfozalar” dostoni
Rim adabiyotining taraqqiyot bosqichlari. Miloddan oldingi IV asrning oxiri – III asrning boshlarida Rim davlati Italiya yerlarining asosiy qismini egallab, qulchilik asosiga qurilgan demokratik polis tuzumini joriy etdi va bir necha asr davomida jahongirlik siyosatini olib bordi. Birin-ketin Sitsiliya, Karfagen, Makedoniya (m.o. 148 y), Yunoniston (m.o. 146 y), Ispaniyaning bir qismini o‘zlariga tobe qildilar va Kichik Osiyoning g‘arbiy qirg‘oqlarida mustahkam o‘rnashib oldilar. Shunday qilib, II asr o‘rtalarida Rim dunyoning eng qudratli davlatiga aylandi. Yunon xalqi inqirozga yuz tutgan bir davrda, O‘rta yer dengizining g‘arbiy qirg‘og‘ida antik dunyo adabiyotining ikkinchi tarmog‘i – Rim adabiyoti paydo bo‘la boshladi. Mazkur adabiyot lotin tilida yaratildi. Rim adabiyoti yunon adabiyoti erishgan barcha yutuqlardan, va shu bilan birga, ellinizm davri adabiyotining bu xazinaga qo‘shgan qator yangiliklardan to‘la-to‘kis foydalanib, ham shaklan, ham mazmunan yana bir daraja yuqori bosqichga ko‘tariladi va, keyinchalik, yangi dunyo Yevropa adabiyotiga kuchli ta'sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan qudratli bir adabiyotga aylandi. Uyg‘onish davrining ijodkorlari, XVII asr yozuvchilari o‘z faoliyatlarida asosan Rim adabiyoti namunalariga taqlid etadilar. G‘arbiy Yevropada XVIII asrga qadar antiklik Rim davri bilan bog‘liq holda talqin etildi. Yunonlarning odat-taomillari, asbob-anjomlari, kiyim-kechaklari rimliklarning turmushiga juda tez kira boshladi. Rimning madaniy hayotida yunonlarning xizmati singmagan deyarli hech qanday soha bo‘lmagan deyish mumkin. Hattoki birinchi Rim shoiri Liviy Andronik (m.av.284-204 y) ham yunonistonlik bo‘lgan. Yunon maktablarida izohli o‘qishda asosan Homer dostonlaridan foydalanilgan. Shu bois Liviy Andronik “Odisseya” dostonini lotin tiliga tarjima qilgan. Mazkur tarjima Rim adabiyotining birinchi yozma yodgorligi bo‘lishi bilan birga, qariyb ikki asr davomida maktablarda asosiy o‘quv kitobi bo‘lib xizmat qilgan.
XVII asr klassitsizm tragediyalariga xos bo‘lgan “libos” Esxil, Sofoklga qaraganda ko‘proq Rim dramaturgi Seneka ijodi ta'sirida shakllangan bo‘lgan bo‘lsa, mazkur davr Yevropa eposi Homer dostonlari ta'sirida emas, Vergiliyning “Eneida”si asosida yaratildi.
Rim she'riyatining oltin asri m.o. I asrning o‘rtalaridan melodiy I asrning boshlarigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Rim tarixining muhim voqealari sodir bo‘ldi. Fuqarolar urushi davomida m.o. 31- yili Aksium yaqinidagi jangda siyosiy arbob va sarkarda Mark Antoniyning qo‘shini, keyinchalik Avgust faxriy unvonini olgan Oktavian askarlari tomonidan tor-mor etildi. Oktavian Avgust Rim imperiyasining yagona hukmdoriga aylandi.
Rim adabiyotining bu davrida publitsistika gullab-yashnadi, buyuk Rim shoirlari – Goratsiy, Vergiliy, Ovidiylarining she'riy asarlari yozildi. Goratsiy lirikasi, Vergiliy va Ovidiyning epik dostonlari Rim she'riyatining oltin meros bo‘lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |