OLTINCHI MA’RUZA
XIX ASR OXIRI VA XX ASR JAHON ADABIYOTI
REJA:
1. Geografiyasi, muammolari va o‘ziga xosligi
1.1 Adabiyotda yangi ijtimoiy muammolalarning paydo bo‘lishi
1.2 O.Kont va I.Tenning pozitivizm falsafasi
2. E.Zolya va aka-uka Gonkurlar naturalizmi
2.1 Dekadentlik adabiyoti. Impressionizm. Simvolizm va uning
vakillari.
2.2 B.Shou ijtimoiy dramalari.
3. Modernizm. Modernizm tarixi va taraqqiyot bosqichlari, yo‘nalishlari
3.1 M.Prust. Vaqt haqidagi doston.
3.2 Modernizm va Kafka ijodi
3.3 J.P.Sartr va ekzistensializm
4. A.Kamyu va absurd falsafasi
5. A.de Sent –Ekzyuperi “Kichkina shahzoda”si.
Tayanch so‘z va iboralar: O.Kont, I.Ten, pozitivizm falsafasi, E.Zolya, aka-uka Gonkurlar, dekadent, naturalizm, impressionizm, simvolizm, ijtimoiy drama, modernizm, F.Kafka, J.P.Sartr, ekzistensializm, A. Kamyu, absurd falsafasi, Sent –Ekzyuperi.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida bir qancha G‘arbiy yevropa mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yangi iqtisodiy, siyosiy o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazdi. Monopolistik birlashmalar paydo bo‘la boshladi. Angliya, Fransiya, Germaniya va AQSh davlatlari Afrika, Osiyo va Tinch okeani havzasida bosqinchilik urush siyosatini olib bordi. Moliyaviy kapital salmog‘i ortib bordi. yetakchi kapitalistik davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ziddiyatlar oxir-oqibat Birinchi jahon urushiga olib keldi. Shu bilan birga bu davr sinfiy ziddiyatlarning kuchayishi, ishchilar xarakatining jonlanishi, kasaba uyushmalarni tashkil etishga bo‘lgan harakatlar bilan xarakterlanadi.
XX asr boshlaridagi adabiy jarayonlar ham murakkab sharoitda rivojlandi. Ko‘plab G‘arb mamlakatlari adabiyotida XIX asr oxiri XX asr boshlarida tanqidiy realizm asosiy yo‘nalishlardan biri edi. Ushbu yo‘nalish taraqqiyoti mamlakatlarning o‘ziga xos rivojlanish yo‘li, milliy xususiyatlari bilan belgilanadi. Fransiya, Angliya kabi mamlakatlarda tanqidiy realizm XIX asr adabiyotidagi klassik realizm an'analarini davom ettirgan bo‘lsa, bir qator mamlakatlar, jumladan, AQSh va Lotin Amerikasi adabiyotida u romantizm negizida shakllandi. Realist yozuvchilar ijodida ijtimoiy tengsizlik, mavjud tuzumni tanqid qilish va ziyolilarning jamiyatdagi o‘rni masalalari asosiy o‘ringa ko‘tarildi. Ular o‘ziga xos tasvir usullaridan unumli foydalandilar. Masalan, Haynrix Mann ijodida hajv-grotesk kuchli bo‘lsa, Marten dyu Gar, Tomas Mann asarlarida chuqur psixologik tasvir, Bernard Shou va Anatol Fransda esa kinoya, piching bo‘rtib turadi. Tanqidiy realistlar ijtimoiy-psixologik roman, ijtimoiy-psixologik drama, ilmiy-fantastik, ijtimoiy-utopik, tarixiy roman, drama janrlarida barakali ijod qildilar.
Realistik adabiyot o‘zida yangi, murakkab unsurlarni mujassamlashtirdi. Siyosiy g‘oyalar T.Drayzer, E.Sinkler, B.Brext asarlari ijobiy qahramonlarining qiyofasi va badiiy tuzilmasiga o‘z ta'sirini o‘tkazgan bo‘lsa, D.Dos Passos ijodida shakliy o‘zgartirishga qaratilgan intilishlarning natijalari namoyon bo‘ldi. G.Xauptman asarlarida simvolizm, neoromantizm va realizm unsurlari uyg‘unlashib ketgan bo‘lsa, S.Sveyg, L.Feyxtvangerlarga Z.Freyd falsafasi katta ta'sir ko‘rsatdi. Ko‘plab ijodkorlar ichki monologlardan keng foydalan boshlagan bo‘lsa, ba'zilari bir asarda turli vaqt qatlamlarini mujassamlashtirdilar, ong oqimini qo‘lladilar.
She'riyatda poetik lug‘atni yangilash borasida izlanishlar davom ettirildi, psixologizm yanada chuqurlashtirildi, she'rga nasr unsurlarini olib kirish jarayoni namoyon bo‘ldi. XIX asrning 60-70 yillarida Fransiyada paydo bo‘lgan naturalizm ( “natura” lot. – tabiat) asr oxiri va XX asrning boshlaridagi adabiy jarayonga o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Naturalizm negizida Ogyust Kont, Ippolit Ten, Gerbert Spenserning pozitivizm(pozitivizm falsafasida: hamma haqiqiy, pozitiv bilimlar aniq fanlarning mahsulidir, falsafa esa bunday bilimlarni bera olmaydi, shuning uchun uning keragi yo‘q, degan g‘oyaga asoslangan sub'ektiv idealistik oqim) falsafasi va estetikasi yotadi. Kont pozitivizm falsafasi yordamida fan yutuqlarini o‘rganishga, uni hamma narsadan yuqori qo‘yishga intilgan va faktlarga suyangan holda ijodkor oldida turgan asosiy masala faqat voqealarni qayd etishdan iborat, deb ko‘rsatgan. Uning “ijtimoiy hodisa insoniy hodisa sifatida fiziologik hodisa qatoriga qo‘shilishi kerak” degan tezisi, fiziologik omilni ustun qilib qo‘yadi. Ippolit Tenning “irq, muhit va vaqt” tezisi ham Kont ta'limotiga asoslangan. Kont pozitivizmi zamonninng tarixiy, badiiy-estetik qarashlariga, ayniqsa, naturalizm adabiyotiga katta ta'sir ko‘rsatdi. Fransiyada aka-uka Edmon(1822-1896) va Jyul(1830-1870)Gonkurlar, E.Zolya, K.Gyuisman singari vakillari bo‘lgan ushbu adabiy yo‘nalish keyinchalik Germaniya, Angliya, AQShda keng tarqaldi. Zolyaning fikricha, yozuvchi kuzatuvchi, ya'ni tajribachidir. San'atkor asosiy diqqat e'tiborini turmush qanday bo‘lsa, uni o‘sha holatda berishga, ya'ni olim sifatida dalillarni o‘rganish va ularni tasvirlashga, ayniqsa, inson xulq-atvorini patologiya bilan bog‘liq holda tadqiq etishga qaratishi kerak. Gonkurlarning “Jermini Lyaserte”, “Aka-uka Zemganno”, Zolyaning “Tuzoq”, “Hamal” romanlarida naturalizm estetikasi o‘z amaliy ifodasini topdi.
Naturalistlar tabiat qonuniyatlarini insonlar jamiyatiga tatbiq etib, insonlar va boshqa tirik organizmlar o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, degan g‘oyani ilgari surdilar. Hayotda hamma yashash uchun kurash olib boradi, shunday ekan, hayvonlar o‘rtasidagi tabiiy tanlash qonuniyatiga insonlar ham bo‘ysunadilar. Naturalistlar insonning shakllanishida muhit va irsiyatning ta'siri katta deb bilib, inson hayot oqimiga qarshi turishga ojiz, degan xulosaga keladilar. Pozitivistlar adabiyot, san'at, ijtimoiy fanlar, matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi aniq fanlardan farqlanmaydi, shuning uchun ularni o‘rganishda bir xil mezonlardan, ya'ni ilmiy uslub, tajribalardan foydalanish zarur, degan fikrda bo‘lganlar. Emil Zolya(1840-1902) adabiyotda naturalizm nazariyasini ishlab chiqdi ( “Eksperimental roman”, 1879).
Do'stlaringiz bilan baham: |