Seneka (taxm. m.av. 4 – milodiy 65 y.y) Lutsiy Anney Seneka I asrda yashab ijod qilgan Rim faylasufi, yozuvchisi, taniqli davlat arbobi. Ispaniyalik taniqli tarixchi Senekaning farzandi bo‘lgan Lutsiy siyosatga erta kirib kelgan. Saroy fitnalarida ishtirok etganliga uchun sakkiz yilga Korsika oroliga surgun qilingan. Oroldan qaytarilgach, bo‘lajak imperator Neronga murabbiy etib tayinlangan. Neron taxtga o‘tirgandan so‘ng(54 y.) juda katta nufuzga ega bo‘ldi, bavlatni boshqarishda bevosita ishtirok etdi, dunyo-dunyo boylik orttirdi. Imperatorga qarshi uyushtirlgan fitnada qatnashganlikda ayblanadi va shogirdi bo‘lgan Neronning buyrug‘iga binoan o‘zini o‘ldiradi. U o‘z dunyoqarashi bilan stoiklar oqimining yirik namoyandalaridan hisoblanadi. Stoitsizm miloddan avvalgi IV asrda Yunonistonda paydo bo‘lgan va keyinchalik Rimda taraqqiy etgan buyuk ta'limotlardan. Uning vakillari xudojo‘ylik, kamtarlik, taqdirga bo‘ysunish, erkinlik va tenglik, o‘tkinchi dunyo lazzatlariga hirs qo‘ymaslik, komillikka intilish kabi g‘oyalarni ilgari surishgan. Senekaning falsafiy, axloq-odob mavzuida yaratilgan “Muruvvat haqida”, “Baxtli hayot haqida”, “Lutsiyga axloq haqida nomalar” kabi dunyoga mashhur risolalari hamda “Aqldan ozgan Gerkules”, “Troyalik ayollar”, “Medeya”, “Fedra”, “Edip”, “Agamemnon”, “Fiest”, “Gerkules Etada”, “Finikiyalik ayollar” va “Oktaviya” kabi o‘nta tragediyasi saqlanib qolgan.
Shoirning deyarli barcha tragediyalari uning falsafiy dunyoqarashlari, ma'naviy va axloqiy e'tiqodlariga asoslangan bo‘lib, stoiklar falsafasi tarannum etiladi.
Seneka dramaturgiyasining xususiyatlari “Medeya” tragediyasida aniq- ravshan namoyon bo‘ladi. Asar buyuk yunon tragediyanivisi yevripidning “Medeya”siga taqlidan yozilgan bo‘lsada, ular o‘rtasida katta tafovut mavjud. yevripidning asarida Medeya o‘z farzandlarini sevgan mehribon ona, vafodor rafiqa sifatida tasvirlanadi. Medeyaning ruhiy iztiroblari shu qadar teran va chuqur tavsif qilinadiki, tomoshabin va o‘quvchida achinish va xayrixohlik uyg‘otadi. Senekaning tragediyasi qahramoni esa, bemehr, qahri qattiq ona, o‘ziga qarshi bo‘lgan har qanday narsani yanchib tashlashga qodir, insoniylik qiyofasini yo‘qotgan yovuz jodugar. Asarda o‘z ifodasini topgan g‘oya – dunyoning bevafoligini uqtirish, ehtiroslarga berilishning ayanchli oqibatlarini ko‘rsatish va har qanday hirsni jilovlab turish zarurligini targ‘ib etish, qahramonning qilmishlarini qattiq qoralashdan iborat.
Seneka axloqiy-falsafiy mavzularda bir qator risolalar yozgan. U ko‘plab ma'naviy bilimlardan, kundalik hayotiy jarayonlarda naf keltirishi mumkin bo‘lgan ta'limotlarni ajratib olgan. Senekaning fikricha, falsafa – dilning malhamidir. Uning yozishicha, donishmandlar ana shu malham bilan o‘z ruhlarini davolaydilar, o‘zgalarning qalbida ham himmat, muruvvat, qadr-qimmat, sadoqat, iroda, matonat hislarini tarbiyalaydilar. Stoitsizm ta'limotining tarafdori sifatida u ushbu ta'limot qoidalariga amal qilgan holda, chinakam baxtni moddiy boylikda emas, balki ruhiy osoyishtalikni izlashda, deb xisoblagan. Senekaning asarlari Yevropada o‘rta asrlar va Uyg‘onish davridan boshlab keng yoyildi va shuhrat qozondi. Uning tragediyalar Uyg‘onish davri yozuvchilariga, ayniqsa fransuz klassitsizmi vakillariga katta ta'sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, Kornel, Rasin kabi fransuz tragediyanavislarining asarlarida bu o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Xullas, Rim adabiyoti yunon adabiyoti erishgan barcha yutuqlardan va, shu bilan birga, ellinizm davri adabiyotining bu xazinaga qo‘shgan qator yangiliklaridan to‘la-to‘kis foydalanib, ham shakl, ham mazmun jihatidan yana bir daraja yuqori bosqichga ko‘tariladi va, keyinchalik, yangi dunyo Yevropa adabiyotiga kuchli ta'sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan qudratli bir adabiyotga aylanadi. Darhaqiqat, Uyg‘onish davrining qalam ahllari, XVII asr yozuvchilari o‘z faoliyatlarida yolg‘iz Rim adabiyoti namunalariga taqlid etadilar. Faqat XVIII asrga kelib, burjua gumanistlari (Lessing, Gyote, Shiller) bevosita yunon adabiyotiga murojaat qila boshlaydilar. Binobarin, qariyb besh asr davomida Yevropa xalqlari badiiy ijodining shakllanishida asosiy rolni yunon adabiyoti emas, balki Rim adabiyoti o‘ynaydi.
Rim adabiyoti namoyandalarining asarlaridan namunalar o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. Bu borada Oybek, E.Vohidov, Muxammad Ali, S.Xo‘jaev tomonidan qilingan tarjimalar ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |