Fransuz romantizmi. 1789-1794-yillarda sodir bo‘lgan fransuz inqilobi natijasi paydo bo‘lgan fransuz romantizmi adabiyoti ikki bosqichni bosib o‘tdi. Birinchi bosqich 1800-1810 yillarni, ikkinchi bosqich 1820-40 yillarni o‘z ichiga oladi. Lekin J.Sand, V.Gyugo singari romantiklar ijodi mazkur davriylashtirish chegarasidan chetga chiqadi. Tasviriy san'atda esa romantizm 1860 yillargacha saqlanib qoldi.
Birinchi bosqichda yaratilgan asarlarda keskin syujet kuzatilmaydi. Yozuvchilarning e'tibori kuchli his-tuyg‘u, ehtiroslarni tasvirlashga qaratiladi. Shu bois yevropa mamlakatlari romantiklarining sevimli yozuvchisi bo‘lgan Shekspir Fransiyada ajabtovur vaziyat va o‘xshashi yo‘q tuyg‘ular tasvirchisi sifatida talqin etilgan. 1796-yili Jermena de Stal “Tuyg‘ularning alohida shaxslar va xalqlar saodatiga ta'siri” nomli traktatini e'lon qiladi. Bu davrda muhabbat mavzusidan tashqari ozodlik mavzusi ham muhim o‘rin tutadi. Erkka intilish ham kuchli ehtiros darajasini olishi mumkin.
B.Konstanning “Adlf” romanlari Shatobrianning “Atala”, “Rene” qissalari ana shu mavzuga bag‘ishlangan.
Mavjud ijtimoiy tuzumni inkor etish va ozodlikka intilish tabiat, ayniqsa yovvoyi tabiat tasviriga qiziqishning ortishiga olib keldi. Bu borada tabiat tasviri, sevgi va yolg‘izlik mavzulari singari fransuz romantizmining asosiy jihatlariga aylandi. Amerikadagi hindu qabilalarining hayoti, ekzotik Sharq o‘lkalaridagi mahalliy peyzaj tasviri nursiz real borliqqa qarshi qo‘yiladi. Fransuz romantizmining har ikki davri uchun ham xarakterli bo‘lgan orientalizm (Sharq mavzusiga murojaat) paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, bu davrda san'at, ayollar erki mavzulari J. De Stalning “Korinni”, “Delfina” romanlari orqali talqin etildi.
Ikkinchi bosqichda his-tuyg‘ular, qahramon iztiroblari tahlili o‘rnini o‘tkir syujet egallaydi. 1830-yillardagi ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar dramatik turning rivoj topishiga sabab bo‘lgan. V.Gyugo, Lamartin, Myusse lirikasida inson ruhiy olami tasviri asosiy o‘rin egalladi. Mazkur bosqichda tarixiy roman va drama paydo bo‘ldi. A. De Vinining “Sen - Mar”, V.Gyugoning “Parij Bibi Mariyam ibodatxonasi”, “Xo‘rlanganlar”, “Kulgich odam”, “To‘qson uchinchi yil” romanlari, V.Gyugo, A de Myusse va A.Dyuma (otasi) ning tarixiy dramalari ikkinchi bosqichda yaratilgan. Fransuz romantizmidagi tarixiylik o‘ziga xosdir. Ijodkorlar uchun tarixiy haqiqatdan ko‘ra sodir bo‘layotgan voqea-xodisaning ruhiy-ma'naviy mohiyati muhimdir.
Fransuz romantizmining ikkinchi bosqichida yevropa romantiklarining ko‘plab asarlari tarjimalari paydo bo‘ldi: Shlegelning “Dramatik san'at va adabiyot haqida ma'ruzalar”i Bayron she'rlari, fransuz romanchiligiga katta ta'sir ko‘rsatgan V.Skott romanlari, Gofman ertak va novellari shular jumlasidandir. Aslida nemis adabiyoti va falsafasiga bo‘lgan qiziqish birinchi bosqichda J. De Stalning “Germaniya haqida” (1813) kitobidan so‘ng paydo bo‘lgan.
Bu davrda tasviriy san'atda David (1748-1825), Jeriko (1791-1824), E.Delakrua (1796-1863) singari rassomlar ijodida romantizm yo‘nalishida eng sara asarlar yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |