IKKINCHI MA’RUZA
MIF, MIFOLOGIYA VA BADIIY IJOD
REJA:
Mif va uning paydo bo‘lishi.
Mif va ertak.
Mif va badiiy adabiyot.
Qadimgi xalqlar miflari va ularning o‘ziga xosligi.
Qadimgi yunon miflari.
Mifologik maktab.
Folklor, mif va yozma adabiyot mushtarakligi.
Tayanch so‘z va iboralar: Mif. Mif va badiiy ijod. Mif va ertak. Qadimgi xalqlar miflari. Mif va jahon adabiyoti. Mifologik maktab: aka–uka Grimmlarning “Nemis mifologiyasi” asari. Mif, folklor va zamonaviy adabiyot munosabatlari.
Mif (yunoncha mythos – rivoyat, hikoya, masal) – xalq xalq og‘zaki ijodining eng qadim davrlarida paydo bo‘lib, odamlarning olam haqidagi o‘sha paytdagi tasavvurlarini aks ettiradi. Ammo shunchaki aks ettirmaydi, balki konkret obrazlar vositasida bo‘rttirib aks ettiradi. Ko‘plab miflab jam bo‘lib mifologiya tushunchasini bildiradi. Miflar olam va odam haqidagi rivoyatlar, ammo ular zamonaviy inson tushunchasidagi san'at hodisasi bilan bir hodisa emas. Miflar o‘z vaqtida odamlarning tafakkur shakli hisoblanib, miflar vositasida ular atrof javonibni, olamu odamni, tabiat hodisalarini bilishga urinishgan. Miflar vositasida “olam yoki odam qanday yaralgan, nega kunduzi quyosh chiqib kechqurun botadi, shamol qaerdan paydo bo‘ladiyu chaqmoq nima o‘zi?” degan savollarga javob izlangan. Deylik, yunonlar chaqmoq chaqishini Zevsning, dengizdagi dahshatli dovullarni Poseydonning g‘azablangani bilan izohlaganlar, inson taqdiridagi turfa evrilishlarda ilohlarning aralashuvini ko‘rganlar. Mifologiya esa miflarni o‘rganuvchi fan hisoblanadi. Sodda til bilan aytganda, ertalab quyosh chiqadi, odamlar uyg‘onishadi. Kechqurun quyosh botganda, odamlar uyquga tolishadi. Osmonda esa yulduzlar paydo bo‘ladi. Har doim shunday bo‘lgan. Qadimda ham, hozir ham shu hodisalar takrorlanadi. Lekin qadimda bu hodisalarga boshqacha qarashib, quyoshning chiqishi va botishi, dengiz suvlarining ko‘tarilishi va tushishi, suv toshqini, quyosh va oyning tutilishi, vulqonlar otilishini tushunmoqchi bo‘lishgan. Tushunish va tushuntirish yo‘lidagi urinishlar miflarni paydo qilgan. Mif haqiad rus olimi A.F. Losev o‘zining “Filosofiya. Mifologiya. Kultura”7 kitobida mifni qadimiy odam uchun g‘oya yoki tushuncha emas, balki reallik, hayotning o‘zi deb ataydi. Miflar hamma xalqlarda bor. Ular qaerdadir bir-birlaridan farq qilsa, qaerdadir o‘xshaydi, qaerdadir syujet chiziqlari kesishadi, ыaerdadir biron bir detal mushtarak chiqadi. Xo‘sh, nima uchun? Albatta, bu borada xalqlarning geografik jihatdan joylashuv o‘rni, turmush tarzi va darajasi ko‘p narsani belgilab beradi. Masalan, dengiz bo‘yida yashagan xalqlarning miflarida suv, baliq, kit kabi atributlarning qatnashishi, voqealar ularning ishtirokida sodir bo‘lishi tabiiydir. Xuddi shunday, Avstraliya miflarida kenguri va itning ko‘p uchrashi ham geografik joy bilan bog‘liq hodisa. Bir xil turmush tarzi, bir xil muammolar ham mushtarak miflarni, ulardagi o‘xshash syujet chiziqlarini paydo qilgan. Ayni paytda, xalqlarning bir-birilaridan ta'sirlanishi, bir-biridan o‘rganish faktini ham inkor qilmaslik kerak. Masalan, rim miflarida yunon miflarining, yunon miflarida esa shumer miflarining izlari bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |