III. BITIRUVCHILARNI YAKUNIY ATTESTATSIYADAN OZOD ETISH 36. Fanlarni ijobiy o'zlashtirayotgan bitiruvchilar yakuniy attestatsiyadan xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo'limlari buyruqlari asosida quyidagi hollarda qisman yoki butunlay ozod etiladilar:
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash va Xalq ta'limi vazirliklari tomonidan tasdiqlangan yakuniy attestatsiyadan ozod qilish mumkin bo'lgan kasalliklarga asosan;
xalqaro va respublika miqyosida o'tkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli ko'rik-tanlovlarida bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestatsiya davriga to'g'ri kelsa. Bunda bitiruvchi shu kunlardagi yakuniy attestatsiyadan ozod etiladi.
37. Bitiruvchi yillik ijobiy baholarga ega bo'lgan holda sog'lig'i tufayli yakuniy attestatsiyadan ozod etilgan taqdirda xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo'limlari quyidagi hujjatlarga asoslangan holda buyruq qabul qiladi:
maktab joylashgan hududdagi davolanish muassasasi tibbiy-nazorat komissiyasining maktab shifokori, qishloq joylarda esa tuman bosh pediatri bilan kelishgan holdagi tibbiy xulosalari;
maktab pedagogika kengashining qarori va direktorning rasmiy xati, o'zlashtirish tabeli (ushbu ko'rsatilgan hujjatlar direktor imzosi va maktab muhri bilan tasdiqlanadi).
38. Bitiruvchilarning yashash joyi o'zgarishi (Respublikadan tashqariga chiqish) munosabati bilan shu holatni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlari bo'lsa, (bu holat mart-aprelь-may oylarida yuzaga kelsa) bunday bitiruvchilarga yakuniy attestatsiyadan muddatidan ilgari o'tishlariga Qoraqalpog'iston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasining buyrug'i bilan ruxsat beriladi.
Bunday hollarda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan fanlardan yakuniy attestatsiya, qolgan fanlardan esa sinovlar mazkur nizom talablari asosida o'tkaziladi. Yakuniy attestatsiya va sinovlar maktab direktori tuzgan muvaqqat yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan va u tasdiqlagan jadval asosida o'tkaziladi.
39. Yakuniy attestatsiya davrida kasal bo'lgan va yakuniy attestatsiya jarayoni tugashigacha tuzalib kelgan bitiruvchilar maktab direktorining buyrug'iga ko'ra qoldirilgan fanlardan yakuniy attestatsiya tugagandan so'ng ikki hafta o'tgach yakuniy attestatsiyadan o'tadilar.
O'quvchilarning salomatligi bo'yicha jismoniy tarbiya mashg'ulotlaridan ozod etilishlari, ularning maktabni bitirishlariga ta'sir ko'rsatmaydi.