NATIJA ERGASH GAPLI QO’SHMA GAP
reja:
1. Natija ergash gapli qo’shma gapning ta'rifi.
2. Natija ergash gapli qo’shma gapning boshqa ergash gaplardan
farqi.
3. Natija ergash gapli qo’shma gaplarda izohlanuvchi (olmosh)
so’zlar.
4. Natija ergash gapni bosh gapga biriktiruvchi vositalar va
komponentlarning o’rinlashish tartibi.
5. Natija ergash gapli qo’shma gapga doir tahlil namunasi.
Bosh gapdagi ish-harakat yoki voqeaning xulosasini anglatadigan ergash gaplar natija ergash gap deyiladi. Masalan, Otimni bu buyuk odam shunday mehr bilan aytdiki, uning ojizona yotganiga achinib, ko’zimdan yosh chiqib ketdi (Asq.M.) gapida ikkinchi komponent birinchi komponent orqali berilgan hukmdan kelib chiqqan xulosani – natijani anglatgan.
Natija ergash gap mazmun va grammatik shakllanishi jihatidan qisman aniqlovchi, o’lchov-daraja ergash gapli qo’shma gaplarga o’xshasa-da, ular o’zaro quyidagicha farqlanadi: aniqlovchi ergash gapli qo’shma gaplarning bosh gapidagi izohlanuvchi so’zlar (masalan, shunday) predmetga bog’lanadi; o’lchov-daraja ergash gapli qo’shma gaplarning bosh gapidagi izohlanuvchi so’zlar (masalan, shunday, shunchalik) sifat, ravish bilan ifodalangan bo’lakka – belgi, miqdor ifodalovchi so’zga bog’lanadi; natija ergash gapli qo’shma gaplarnnig bosh komponentidagi izohlanuvchi so’zlar (masalan, shunday, shunchalik) bosh gap kesimi orqali ifodalangan harakatga bog’lanadi. Boshqacha aytganda, aniqlovchi ergash gap bosh gapdagi biror bo’lakning (predmetning) belgisini, o’lchov-daraja ergash gap bosh gapdagi harakatning belgi-xususiyatini va uni hajm-miqdor jihatdan darajasini; natija ergash gap bosh gapdagi harakatdan kelib chiqadigan xulosani ifodalaydi. Qiyoslaylik: Shunday odam haqida xabar keltirdimki, uning har bir so’zi gavhardir – har bir so’zi gavhar odam haqida xabar keltirdim (aniqlovchi ergash gapli qo’shma gap). U shunchalik (shunday) go’zal ediki, falak bunday jamolni ko’rmagan edi ("K.D".) – uning jamoli falak ko’rmagan darajada go’zal edi (o’lchov-daraja ergash gapli qo’shma gap). Qalandarov shunday baqirdiki, Saida ung’aysizlanib ketdi (A.Q.) gapida esa birinchi gapdagi voqelik tufayli yuz bergan xulosa anglashiladi (natija ergash gapli qo’shma gap).
Natija ergash gap bosh gapdagi shunday, shunaqanggi, shuncha, shu qadar, shunchalik, chunon, biram, bir kabi so’zlarning ma'nosini aniqlashtiradi (Bu so’zlar ba'zan ishtirok etmasligi ham mumkin): Saidaning ta'bi ochildi, shu qadar ochildiki, azoyi badani kelida tuyil-ganday bo’lsa ham, o’rnidan turib o’tirdi (A.Q.). Barzuya... unga shunchalik yaxshiliklar qildiki, ular oxiri aka-ukaday bo’lib qoldilar. ("K.D".) Agar bir odam bu ishdan xabar topsa, bizning birodarligimiz shunday buziladiki, uni hech narsa bilan tiklab bo’lmaydi. ("K.D".)
Natija ergash gapli qo’shma gaplarning ergash gap qismida natija ma'nosini ta'kidlab ko’rsatish uchun natijada, oqibatda kabi so’zlar qo’llanilishi mumkin: Zambarakning gumburlashidan haybatli bir guvil-lash hosil bo’ldiki, natijada bu yerda to’pning ovozi butkul eshitilmay qoldi (O.).
Natija ergash gaplar fikr ifodalashi jihatidan ikki holatni ko’rsatadi:
1) Natija ergash gapdagi fikr aniq bo’ladi: bosh va ergash gaplarning fe'l kesimlari o’tgan yoki hozirgi zamon shaklida bo’ladi: U shunday kinoyali harakatlar ko’rsatdiki, odamlar kulgidan ichaklari uzilayozdi (O.).
2) Ergash gapdagi fikr noaniq (mo’ljallangan, tahmin qilingan, maqsad qilingan) bo’ladi. Bunda bosh gapdagi fe'l kesim buyruq-istak yoki kelasi zamon shaklida bo’lib, ergash gapning fe'l kesimi buyruq maylida qo’llanadi: Hamkorlikda shunday hosil yetkazaylikki, "balli" desin butun odamzod (G’.G’.).
Natija ergash gap bosh gapga quyidagi vositalar bilan birikadi:
1. -ki: Dul shunday yog’diki, yer birpasda oppoq bo’ldi.
2. -gan edi. Bunda biriktiruvchi ohang ham rol o’ynaydi: Zumrad belini siqib tugmalangan kalta nimchasining cho’ntagidan xil-xil ipak turlangan koptokni chiqarib yerga bir urgan edi, u bo’y barobar sapchib ketdi (O.). Hamidullo stolning ustida turgan grafinni olib yerga urgan edi, uning mushtday keladigan shisha tiqini otilib ketib, qishmatbaho bufetining toshoynasini chil-chil qildi (A.Q.).
Natija ergash gapli qo’shma gaplarda bog’lovchilar bosh gap tarkibida bo’ladi va bosh gap doimo birinchi o’rinda keladi.
Tahlil namunasi: Sidiqjon shunday kattiq kuldiki, burchakdagi kulcha bo’lib yotgan mushuk shoshib o’rnidan turdi va Sidiqjoiga qarab "miyov" dedi (A.Q.)
1) ikkita gapdan tuzilgan,
2) birinchisi bosh gap, ikkinchisi natija ergash gap bo’lib: a) bosh gapdagi shunday so’zini aniqlashtirgan, b) shunday so’zi fe'l kesimga bog’langan, v) ergash gap bosh gapga -ki vositasida birikkan va ikkinchi o’rinda kelgan. Qo’shma gapda aniq voqea ifodalangan,
3) chizmasi: sunday -ki,
Do'stlaringiz bilan baham: |