1.Hikoya – kichik hajmli badiiy asar.
Boshlang’ich sinflarda badiiy asar turlaridan hikoya, she’r, ertak, masal, masal va topishmoqlar amaliy ravishda o’rganiladi. Bulardan tashqari, ilmiy-ommabop maqolalar ham o’qitiladi. Turli janrdagi badiiy asarlar ko’rinishi jihatidan o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, o’quvchilarga ta’siri ham har xil bo’ladi.
Hikoya epik turning kichik hajmga ega bo’lgan janrlaridan biri bo’lib, o’ziga xos imkoniyat va qamrovga, badiiy tasvir vositalariga ega ekanligi bilan kichik janrlar – pamflet, feleton, ocherk, novelladan farq qiladi. Bu farq birinchi galda asarning yuksak badiiyligida, inson hayotiga oid qisqa voqelikni ko’rimli tarzda ifodalay olishida namoyon bo’ladi. “Kratkiy slovar”da aytilishicha, hikoyada qisqa epizodda inson hayotining eng muhim, tipik ko’rinishi ochib beriladi va bu holat uning butun hayotiga tegishli ko’zgu bo’lib qoladi. Hikoya – qissa, roman kabi janrlardan shu bilan farq qiladiki, unda tasvirlangan voqeagacha nima bo’lgan, qanday bo’lgan, kim bo’lganligi to’g’risida ma’lumot berilmasligi ham, ayrim detallar orqali ishora qilinishi ham mumkin.
Hikoya tasvir ko’lami, syujeti va kompozitsion qurilishining nisbatan soddaligi, bayonning odatda bitta shaxs tomonidan (avtor yoki hikoyachi) olib borilishi jihatidan farq qiladi. Hikoya shakliy tomondan asosan nasriy bayonga asoslanadi. Shu bilan birga ayrim voqealar she’riy usulda hikoya qilinishi ham mumkin. Voqelikning she’riy yo’l bilan hikoya qilishning ilk namunalarini A.Navoiy, Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Hamza Hakimzodalar ijodida uchratamiz. XX asrning 60-yillariga kelib A.Muxtor tomonidan “she’riy novellalar” ham yaratildi.
“Hikoya” atama sifatida kengroq ma’noda biror voqeani gapirib berishni ham anglatadi. So’zlab berilgan bunday hayotiy voqelik qamrovining kengligi, muammoning muhimligi, hajmi, unda ishtirok etuvchilarning salmog’i jihatidan hatto qissa yoki romanga xos bo’lishi ham mumkin. Bunday hollarda “hikoya” termini “janr” ma’nosida tushunilmaydi.
Hikoya romandan ham qiyin va mas’uliyatli janrdir, - deb yozadi Xuan Rulfo (Norvegiya adabiyotshunosi). Chunki, hikoyada juda katta voqealarni ham lo’nda tarzda bayon etish, o’zini chegaralab, qisqalikka intilish kerak bo’ladi. Boshqalar 200 sahifada aytmoqchi bo’lganini hikoyachi 5-6, nari borsa 10 sahifaga sig’dirishi kerak. Buning uchun yozuvchidan juda katta mahorat talab qilinadi. Hikoyada aniq maqsad qisqa, lo’nda bayon qilinadi. Yozuvchi har qancha intelektual salohiyat egasi bo’lmasin, o’quvchiga o’z hukmini o’tkazishga, ularni o’zi istagandek yashashga majbur qilishga haqqi yo’q. Ijodkor buni anglab yetsa bas.
Hikoya mazmunan boshlang’ich sinf o’quvchilari uchun mos janr hisoblanadi. Kichik yoshdagi o’quvchilarni qaxramonning xatti-harakati, tashqi ko’rinishi, tasviri, voqea-hodisalar haqidagi hikoyalar ko’proq qiziqtiradi. Shuning uchun hikoya bilan tanishtirish uning syujetini tushuntirishga bog’lab olib boriladi.
Boshlang’ich sinflarda hikoyani o’qishga bag’ishlangan izohli o’qish darslarida o’qilgan hikoya mazmunini ochish, lug’at ustida ishlash, o’qilgan matnni qayta hikoyalash asosiy ish turlaridan hisoblanadi. Hikoya mazmuni savollar asosida tahlil qilinadi. So’roqlardan ikki maqsadda hikoya mazmunini tahlil qilish hamda dalillar, xulosalar, mulohazalarni taqqoslash voqea – hodisalar, xatti-harakatlar o’rtasidagi bog’lanishlarni aniqlash va umumlashtirish uchun foydalaniladi.
Hikoyani o’qish jarayonida o’quvchilar ma’nosini tushunmaydigan so’z va iboralar ma’nosini tushuntirish ham muhim, aks holda, ular hikoya mazmunini tushuna olmaydi. So’z ma’nosini tushuntirishga ko’p vaqt sarflamay, asar mazmunini tushunishga zarur bo’lgan so’zni uzoq berish bilan tushuntiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |