Mashina detalining aniqligi deganda uning geometrik to‘g‘ri prototipiga yaqinlashish darajasi tushuniladi. Mashina detallarini absolyut aniq, ya’ni uni geometrik tasavvurdagisiga to‘liq mos tayyorlash amalda mumkin emas, chunki tayyorlash jarayonida albatta geometrik to‘g‘ri prototipidan ma’lum chetga chiqishlari vujudga keladi. Shuning uchun detalni xizmat vazifasini xarakterlovchi barcha sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha ro‘xsat etiladigan chetga chiqishlar (dopusklar) o‘rnatiladi. Tayyorlash jarayonida vujudga kelgan chetga chiqishlar o‘lchanganidan keyin detalning xizmat vazifasidan bog‘liq ro‘xsat etiladigan chetga chiqishlari bilan taqqoslanadi. SHuning uchun ham aniqlik o‘lchovi sifatida nazariy qiymatidan chetga chiqish kattaligi qabul qilingan.
Shunday qilib aniqlik o‘lchovi bo‘lib, bir tomondan o‘rnatilgan ro‘xsat etiladigan chetga chiqish bo‘lsa, ikkinchi tomondan real detalning ma’lum yaqinlashish darajasida o‘lchab olingan haqiqiy chetga chiqishlari xizmat qiladi.
Konstruktor har bir detalni ishlab chiqish bochqichida uning xizmat vazifasidan bog‘liq ravishda aniqlik ko‘rsatkichlariga ro‘xsat etiladigan chetga chiqishlar (dopusklar) o‘rnatadi. Masalan, har bir o‘lchamlarning ro‘xsat etiladigan chegaraviy qiymatlarini o‘rnatadi. Ruxsat etiladigan chegaraviy qiymatlar - bu eng katta va eng kichik chegaraviy o‘lchamlari ayirmasi bo‘lib, dopusk deb ataladi. Funksional, konstruktorlik va texnologik dopusklar farqlanadi.
Funksional dopusk detalni ro‘xsat etiladigan ekspluatatsion chetga chiqishlarini inobatga olgan holda o‘rnatiladi va u Tf berilgan o‘lchamning eng katta Tfmax va eng kichik Tf min ro‘xsat etiladigan chetga chiqishlari ayirmasiga teng (4.1-rasm). Funksional dopusk ekspluatatsion Tek va konstruktorlik Tk dopusklardan tashkil topadi.
Ekspluatatsion dopusk Tek detalni uzoq muddat ishlashi talabini qondiruvchi aniqlik zahirasini xarakterlaydi.
Konstruktorlik dopuski Tkturli xatoliklarni (detallarni tayyorlash, yig‘ish, rostlash va b. xatoliklarini) kompensatsiyalaydi. Konstruktorlik va funksional dopusk bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, mashinani tayyorlash va ekspluatatsiya qilish sarf-xarajatlari tahlili asosida konstruktor tomonidan o‘rnatiladi.
Texnologik jarayonlarni amlaga oshirishda olinadigan oraliq o‘lchamlarga tayinlanadigan dopusklar texnologik dopusklar deb ataladi.
Texnologik dopuskni o‘rnatish detalga ishlov berish jarayonida sodir bo‘ladigan xatoliklardan bog‘liq murakkab jarayondir. Texnologik dopusk konstruktorlik dopuskidan kichik bo‘lishi uchun, bunday xatoliklarni minimumga keltirish kerak bo‘ladi. Konstruktorlik va texnologik dopusklar orasidagi nisbat tahlili texnologik jarayonning mukammallik darajasi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.