Innovatsion rivojlanish vazirligiga (I.Abduraxmonov) sunʼiy intellekt sohasida ilmiy-texnik tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga (Sh.Sadikov) sunʼiy intellekt asosidagi dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy qilish uchun texnologik sharoitlarni yaratish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son farmoni bilan tashkil qilingan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga (A.N.Aripov) (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtirish komissiyasi) Dasturni hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va qoʻllash bilan bogʻliq boshqa tashabbuslarni kompleks muvofiqlashtirish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
Muvofiqlashtirish komissiyasi (A.N.Aripov) yetakchi xorijiy mutaxassislar va kompaniyalarni jalb qilgan holda 2021-yil 1-dekabrga qadar yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash uchun kiritsin.
Belgilansinki:
sunʼiy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan ushbu maqsadlar uchun alohida ochiladigan hisob raqami orqali amalga oshiriladi;
sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllovchi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni maqsadli moliyalashtirish Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobidan Muvofiqlashtirish komissiyasi ishchi organining xulosasiga koʻra amalga oshiriladi;
Innovatsion rivojlanish vazirligi Muvofiqlashtirish komissiyasining xulosasiga koʻra, davlat ilmiy dasturlari boʻyicha ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun moʻljallangan Davlat byudjeti mablagʻlari doirasida Jamgʻarmaga sunʼiy intellekt sohasida ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni hamda ushbu sohani rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga mablagʻlarni yoʻnaltirish huquqiga ega.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi negizida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil qilinsin.