220. O‘tish qiyin bo‘lgan joylarda va noqulay ob-havo sharoitida HLni ko‘rikdan o‘tkazish ikki kishi
tomonidan bajarilishi, bunda ularning biri elektr xavfsizligi bo‘yicha kamida II guruhga ega bo‘lishi kerak. Boshqa
hollarda II guruhga ega bo‘lgan shaxs ko‘rikdan o‘tkazishni yakka o‘zi o‘tkazishi mumkin.
Kunning qorong‘u vaqtlarida ko‘rikni sim ostida yurib o‘tkazish taqiqlanadi.
Shikastlangan joyni izlash paytida HLni ko‘zdan kechiruvchi shaxslarda nosozlik topilgan joylarga o‘rnatish
uchun ogohlantiruvchi plakatlar bo‘lishi kerak.
221. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan HLning uzilib yerda yotgan simlariga 8 metrdan kam masofaga
yaqinlashish taqiqlanadi. Bunday sim yaqinida odamlar va hayvonlarning yaqinlashishini oldini olish uchun
nazoratchilar imkoni bo‘lgan hollarda ogohlantiruvchi plakatlar qo‘yishi va bu haqda elektr tarmoqlari
korxonasiga xabar berishi hamda ta’mirlash brigadasi yetib kelguncha kutib turish zarur.
222. Kuchlanish ostidagi 6 — 35 kV HLning temir-beton tayanchlariga, ularda izolyatorlarning ishdan
chiqishi, simlarning tayanchga tegib turishi va boshqa sabablar natijasida yerga tok o‘tayotganlik alomati sezilsa
(namlikning yerdan bug‘lanib ko‘tarilishi, tayanchda va tayanchning yerga kirgan joyida elektr yoyining hosil
bo‘lishi va boshqa belgilar), tayanchlarga 8 metrdan kam masofaga yaqinlashish man etiladi.
223. HLning transport magistrallari (temir yo‘llar, kema qatnovchi daryolar va kanallar) bilan kesishgan
uchastkalarida ish olib borish uchun vaqtincha transport harakatini to‘xtatish yoki transport harakati tufayli HLda
olib borilayotgan ishlarni to‘xtatib turish talab qilinsa, naryad beruvchi shaxs ish joyiga transport magistrallari
harakati xizmatining vakilini chaqirishi kerak. Bu vakil zarur muddatga transport harakati to‘xtatib turilishini
ta’minlashi yoki tarmoqda ishlayotgan brigadani yaqinlashayotgan transport to‘g‘risida ogohlantirishi shart.
Transportni o‘tkazib yuborish uchun halaqit berayotgan simlar xavfsiz balandlikka ko‘tarib qo‘yiladi.
224. HLning asosiy va qishloqlararo yo‘llar bilan kesishgan yoki bevosita yaqinlashgan uchastkalarida ish
olib borilganda, transport haydovchilarini ogohlantirish yoki transport harakatini to‘xtatish uchun Davlat
avtomobil nazorati bilan kelishilgan holda ish bajaruvchi asosiy va boshqa yo‘llarga signal beruvchilarni qo‘yishi,
shuningdek, “Ta’mirlash ishlari” yo‘l belgisini o‘rnatishi zarur. Zarur bo‘lganda, Davlat avtomobil nazoratining
vakili chaqirtirilishi lozim.
Signal beruvchilar HL bilan yo‘lning kesishgan yoki yaqinlashgan joyidan har ikki tomonda 100 metr
uzoqlikda turishlari va ularda kunduzi qizil bayroqchalar, kechasi esa qizil chiroqlar bo‘lishi kerak.
225. Barcha turdagi tayanchlarga yoki kronshteynlarga o‘rnatilgan, shuningdek, tortilgan troslarga osilgan
barcha xildagi yoritgichlarni tozalash va lampalarini izolatsiyalovchi bo‘g‘ini bo‘lgan teleskopik minoradan turib
almashtirish ishlari simlardan kuchlanishni olmasdan turib, farmoyish bo‘yicha bajarilishi mumkin.
Yerga ulagich simi yog‘och tayanch bo‘ylab tushirilmagan va faza simidan pastda o‘rnatilgan yoritgichlarda
bunday ishlar tayanchdan turib yoki yog‘och narvonni qo‘yib bajarilishi mumkin.
Ishni ish bajaruvchi elektr xavfsizligi bo‘yicha kamida II guruhga ega bo‘lgan bir yoki bir nechta brigada
a’zolari bilan birga bajarishi zarur.
226. Yerga ulagich simi tayanch bo‘ylab tushirilgan yog‘och tayanchlardagi, temir-beton va metalldan
yasalgan tayanchlardagi va kronshteynlardagi yoritgichlarni izolatsiyalovchi bo‘g‘ini bo‘lmagan teleskopik
minoradan yoki tayanchdan turib yoxud yog‘och narvonni qo‘yib tozalash va lampalarini almashtirish naryad
bo‘yicha, tayanchga osilgan barcha simlardan kuchlanishni olib tashlab, ularga yerga ulagich o‘rnatilgandan
keyin bajarilishi zarur.
Ushbu bandda va mazkur Qoidalarga 10-ilovaning
225-bandida
ko‘rsatilgan ishlarni bajarishda
yoritgichlarga faqat ish bajaruvchi yoki elektr xavfsizligi bo‘yicha kamida III guruhga ega brigada a’zosi
ko‘tarilishiga ruxsat etiladi.
227. Gazorazryadli lampalarning ishga tushirish-rostlash apparatlarida ishlaganda, uni yoritgichning
umumiy sxemasidan o‘chirishdan oldin simni tarmoqdan uzib, statik kondensatorlarini (zaryadsizlovchi
qarshiliklar bo‘lishidan qat’iy nazar) zaryadsizlash zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: