5. O’zbekistonda isteʼmolchi talabini qondirish va unga ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish yo’nalishlari
Mamlakatimizda valyuta siyosatini liberallashtirish, real bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda narxni shakllantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, sog’lom raqobat va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2020 yil 1 yanvar holatiga 33 905,8 ming kishini tashkil etib, 2019 yil boshidan 650,3 ming kishiga yoki 2,0 % ga o’sdi. Bundan kelib chiqish mumkinki, mamlakatimizda potensial iste’molchilar miqdori o’sib bormoqda. Bu o’z navbatida ushbu potensial iste’molchilar talabini qondirish uchun tegishli choralar ko’rish zarurligini bildiradi.
2019 yilda aholi jon boshiga umumiy daromadlari 10,3 mln. so’mni, nominal o'sish sur'ati 119,7 % ni, real o'sish sur'ati esa 104,5 % ni tashkil etgan. Bundan o’z-o’zidan iste’molchilarning talabida ham o’sishlar kuzatilishi mumkinligidan dalolat beradi.
Hisob-kitoblarga ko’ra, jahon bo’ylab oshib borayotgan talabni qondirish uchun 2050 yilgacha hozirgiga qaraganda 70 foiz ko’p oziq-ovqat ishlab chiqarilishi lozim.
Ammo aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O’zbekistonning qishloq xo’jaligi eng islohot talab qiladigan sohalaridan biri bo’lib qolayotgani ayon.
Markaziy Osiyoda, jumladan O’zbekistonda narxning ko’tarilishi eng avvalo qishloq xo’jaligi yoki oziq-ovqatlarni ishlab chiqarish faktorlariga qaram bo’ladi. Ishlab chiqarish esa, eng avvalo suv muammolariga bog’liq. Ma'lumki, O’zbekiston suv ta'minoti muammolariga ega. Suvning asosiy qismi daryoning yuqori qismidagi mamlakatlarda - Tojikiston, Qirg’iziston va qisman Qozog’istonda jam bo’lgan. Global iqlim o’zgarishi tufayli O’zbekistonda suv miqdori tobora kamayib boradi. Bu esa, albattaki, ilk navbatda qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni pasaytiradi. Iqlimning o’zgarishi don, suv va go’sht mahsulotlari miqyosiga ham salbiy ta'sir ko’rsatadi. Shunday ekan, O’zbekistonda kelajakda kundalik oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashuvi va boshqa mintaqalardan importning ko’payishini kutsak bo’ladi.
Albatta, vaziyatdan foydalanib, ba'zi Markaziy Osiyo mamlakatlari narx-navolarni ko’tarib yuborishlari mumkin. Shuning uchun mahsulotlar oldi-sotdisi mintaqa davlatlari darajasida nazorat qilinishi kerak. Ammo, mintaqa mamlakatlarining bir birini siyosiy jihatdan yoqtirmasligi inobatga olinsa, narxlarni nazorat qilish juda qiyin bo’ladi. Boshqa tarafdan, demografik o’sishni ham hisobga olish kerak. Markaziy Osiyoda tug’ilish darajasi eng yuqori bo’lgan mamlakatlar bu - O’zbekiston va Tojikistondir. Demak, bu mamlakatlarning oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyoji tobora ortib boraveradi. Narx- navolarning ko’tarilishi bojxona to’lovlari va chegaradan o’tishda to’siqlarni kuchaytiradi. Bu, o’z navbatida, kichik-kichk janjallarni keltirib chiqarishi va aholini boshqa mintaqalarga ko’chishga majburlashi mumkin. Kontrabanda va soya iqtisodi ham kuchayadi.
Mintaqada narxlarning ko’tarilishini, iste’molchilar talabini qondirish uchun eng avvalo suvni tejaydigan resurslardan foydalanishga o’tish zarur. Suvdan kam foydalanish va tejash kerak. Daryo bo’yida joylashgan qo’shni davlatlar o’rtasida suvdan foydalanish bo’yicha bitimlar imzolanishi kerak. Buning uchun mamlakatlar bir-biriga yon berishlarga borishlari, mojarodan cheklanishlari va siyosiy ambitsiyalardan voz kechishlari zarur. Bundan tashqari, aholi o’sishini nazorat qilish kerak. Paxta kabi suv ko’p talab qiladigan mahsulotlardan voz kechib, oziq-ovqat yetishtirishga asosiy e'tiborni qaratish zarur. Ana o’shandagina chetdan keltiriladigan mahsulotlarga ehtiyoj kamayadi. Ya'ni poliz mahsulotlari, meva-sabzavotlarni yetishtirishga ko’proq e'tibor qaratish kerak. Ularni chetga sotish hisobiga boshqa mahsulotlarni keltirish mumkin bo’ladi. Yana go’sht va sut mahsulotlarini ko’paytirish haqida ham jiddiy o’ylab ko’rish kerak. Xulosa qilib aytganda qishloq xo’jaligida iste’molchi talabini qondirish ko’p tarmoqli bo’lishi zarur. Buning uchun nima ekishni va nima ishlab chiqarishni fermerlarning o’ziga qo’yib berish lozim. Davlat oziq-ovqat zaxirasi haqida o’ylaydigan bo’lsa, uni fermerlarni biror narsani yetishtirishga majburlash o’rniga soliq va kredit tizimlarini yaxshilashi zarur. Xullas, ma'muriy buyruqbozlik tizimidan voz kechish va iqtisodiy ta'sir vositalarini ishlab chiqish zarur.
O’zbekistonda iste’molchi talabiga ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish maqsadida quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
1. Iste’molchilar xohish-istagi. Aholining milliy urf-odatlari, an’analari, yashayotgan makonining tabiiy iqlim sharoiti, madaniyat darajasi va ular bilan bog’liq xaridorlar xohish-istagi, muayyan sharoitdagi moda ta’siri talabni vujudga keltiradi. Kiyim tayyorlanayotgan xom-ashyoning o’zgarishi, tikilayotgan kiyim texnologiyasi, modelining o’zgarishi kabilar ta’sirida ma’lum bir tovarlarga talab o’zgaradi. Natijada, yangi turdagi tovarlarga talab kuchayadi.
Ushbu holatda iste’molchilar talabini nazorat qilishi uchun avvalambor taklif hajmini talab hajmiga tenglashtirish lozim. Shundagini bozor muvozanati yuzaga keladi. Aks holda, talab ko’p taklif kam bo’lgan holatda iste’molchi yutkazadi.
2. Aholi tarkibidagi o’zgarishlar. Aholi tarkibi o’ziga xos talabni shakllantiradi. Hozirgi O’zbekistonda aholi tarkibida 15 yoshgacha bolalar katta salmoqqa ega. Agar keksalar, qariyalar ko’paysa, meditsina xizmati kabi tovarlarga talab o’sadi. Bu holda avvalgi, yoshlar salmog’i ko’p bo’lgan sharoitdagi talab, albatta, o’zgaradi.
Mamlakatimizda aholi soni yiliga o’rtacha 2 foizga yoki 600 mingga oshishini hisobga olsak yillik ishlab chiqarish hajmini ham shu maromda amalga oshirib boorish zarur. Aks holda, bu aholi o’rtasida tabaqalanishni oshirib yuborishi, mavjud talabni qondirish imkoniyatini pastlatishi mumkin.
3. Aholi pul daromadlarining o’zgarishi. Aholi pul daromadlarining o’sishi tovarlarga miqdoriy talablarning ko’payishigagina olib kelmay, mebel televizor, maishiy xizmat jihozlari va texnikasi hamda yuqori sifatli oziq-ovqatlarga bo’lgan talabni kuchaytiradi. Agar aholi pul daromadlarining o’zgarishi asosida iste’mol tuzilishida o’zgarish bo’lib, ular ish haqlarining 14% dan ko’p qismiga oziq-ovqat xarid qilinsa, u holda arzon oziq-ovqatlarga talab kuchayib, sifatli uy-ro’zg’or tovarlariga talab pasayadi. Bu mamlakat esa kambag’al deb e’tirof etiladi;
Aholi pul daromadlari o’zgarishi natijasida uning iste’mol talabida ham o’sish yoki tushish kuzatiladi. Bunda hollarda ishlab chiqarish hajmini aholi daromadi o’sishi bilan bir maromda bo’lishini ta’minlab borishga erishish zarur.
4. O’rnini bosuvchi tovarlar bahosining o’zgarishi. Masalan, saryog’ bahosining o’zgarishi margarinning bahosini o’zgarishiga olib keladi. Saryog’ bahosining o’sishi uni o’rnini bosuvchi margaringa bo’lgan talabning ko’payishiga olib keladi.
5. Bir birini to’ldiruvchi tovarlar bahosining o’zgarishi. Bozorda benzin bahosining ko’tarilishi avtomobillarga bo’lgan talabni qisqarishiga yoki kamroq benzin iste’mol qiluvchi avtomobillarga talabni ortishiga olib keladi. Yoki fotoplyonka narxining o’sishi uni ishlatish uchun zarur to’ldiruvchi fotoapparatlarga bo’lgan talabni ma’lum darajada kamayishiga olib keladi;
6. Bozor miqyoslari. Ma’lumki, bozorlar o’z ko’lamiga binoan mahalliy, regional, milliy va jahon bozorlariga bo’linadi. Bozor miqyoslari qanchalik kattalashsa, ma’lum tovarlarga bo’lgan talab shunchalik o’sadi, talab ham o’z navbatida o’z hajmini kuchaytiradi;
7. Pulning qadrsizlanishining kutilishi bo’yicha shov-shuvlar insonlar o’rtasida ma’lum tovarlarga talabni kuchaytiradi. O’tish davrida talab hajmini aniqlash va u to’g’risida ma’lum bir hisob-kitoblar qilish juda murakkab va qiyindir.
8. Reklama ham talab darajasiga ta’sir qiladi. Radio, televidenie, matbuotdagi reklamalar hamda tovarning yuqori sifatli va xaridorni jalb etuvchi shaklda o’ralishi, qadoqlanishi, jilo berilishi hamda uning muayyan afzalliklari va qayerda sotilishi kabi axborotlar mazkur tovarga talabni kuchaytiradi.
Ushbu holat ma’lum bir turdagi tavorlar o’rtasida sodir bo’lib, bu barcha turdagi tovarlarga birday ta’sir qilmaydi. Bunday holatda iste’molchilar tomonidan asosan bir turdagi tovarlga ehtiyoj oshib boradi.
Xulosa
Insonlar ehtiyoji, ularning iste’molini qondirish borasidagi talabga aylanadi. Talabning asosi ehtiyojdir. Bozor pul bilan ta’minlanmagan ehtiyojga ahamiyat bermaydi. Demak, har qanday tovarga yoki xizmatga tug’ilgan ehtiyoj, albatta, sotib olish quvvatiga ega bo’lishi lozim. Pul bilan ta’minlangan ehtiyoj talabga aylanadi va xaridorlarning u yoki bu tovarni sotib olishga tayyorligini bildiradi. Bozorda xaridorlar u yoki bu tovarga talab bilan, sotuvchilar esa, tovar taklifi bilan o’zaro uchrashadilar.
Iste’molchi – bozor mexanizmining asosiy subyektlaridan biri bo’lib uning bozordagi iqtisodiy ahamiyati va roli juda muhim hisoblanadi. Aynan iste’molchilarning u yoki bu tovarni sotib olishiga bo’lgan talabi bozor talabini keltirib chiqaradi, narxlar muvozanatini, real sotuv xajmini belgilab beradi.
Iste’molchining talabiga ta’sir etuvchi quyidagi asosiy omillarnig sanash mumkin:
iste’molchilar xohish-istagi;
aholi tarkibidagi o’zgarishlar
iste’molchining pul daromadlarini o’zgarishi;
o’rnini bosuvchi tovarlar bahosining o’zgarishi;
bir birini to’ldiruvchi tovarlar bahosining o’zgarishi;
bozor miqyoslari;
pulning qadrsizlanishining kutilishi bo’ychia shov-shuvlar.
Ma’lumotlarga ko’ra, 2019 yilning yanvar-dekabr holatiga aholi umumiy daromadlari 344,7 trln. so’mni, nominal o'sish sur'ati 121,9 % ni tashkil etdi.
Iste’mol narxlarining o’zgarishi sababli o’tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o’sish sur’ati 106,5 % ni tashkil etdi. 2019 yilning yanvar-dekabr holatiga aholi jon boshiga umumiy daromadlari 10,3 mln. so’mni, nominal o'sish sur'ati 119,7 % ni, real o'sish sur'ati esa 104,5 % ni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga o’rtacha umumiy daromadlari bo’yicha Toshkent shahrida (20037,5 ming so’m) hamda Navoiy (16372,4 ming so’m), Buxoro (12723,5 ming so’m), Xorazm (10821,1 ming so’m) va Toshkent viloyatlarida (10401,5 ming so'm) o’rtacha respublika darajasidan yuqori ko’rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi.
Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko’rsatkichlari esa Qoraqalpog'iston Respublikasi (7753,1 ming so'm) hamda Farg'ona (7907,4 ming so’m) va Namangan (8035,1 ming so'm) viloyatlarida qayd etildi (15-rasm).
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o’sishi Toshkent shahriga (10,0 %) to’g’ri keladi. Shuningdek, Navoiy (7,2 %), Namangan (6,1 %) viloyatlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi (6,1 %) hamda Surxondaryo (5,3 %), Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida (4,6 %) aholi jon boshiga umumiy daromad ko'rsatkichlarining real o'sishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan.
Aholi daramodlarining o’sishi o’z navbatida iste’molchilar talabini oshishiga olib keladi. Shu sababli ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqish jarayonida axolining real hamda nominal daromadlari o’zgarishi dinamikasiga ham alohida e’tibor qaratish zarur.
Hisob-kitoblarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2020 yil 1 yanvar holatiga 33 905,8 ming kishini tashkil etib, 2019 yil boshidan 650,3 ming kishiga yoki 2,0 % ga o’sdi. O’sish darajasi yiliga o’rtacha 2,0 % ni tashkil qilmoqda. Bundan kelib chiqish mumkinki, mamlakatimizda potensial iste’molchilar miqdori doimiy o’sish harakteriga ega. Bu o’z navbatida iste’molchi talabi doimiy o’sib borishini anglatadi. Bunda ushbu potensial iste’molchilar talabini doimiy qondirib borish uchun quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
1. Mamlakatda bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayonlarini jadallashtirish, mavjud muammolarni, to’siqlarni bartaraf etish;
2. Bozorda erkin raqobat prinsiplarini keng joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqish;
3. Ishlab chiqarishni har tomonlama qo’llab quvvatlash;
4. Aholining kam daromadli qatlamini himoyalash, ularning bandligini oshirish;
5. Mamlakatga to’g’ridan-to’gri xorijiy investitsiyalarni kengroq jalb qilish, ochiq bozor siyosatini yuritish;
6. Xorijiy sarmoyadorlarga barcha shart-sharoitlarni yaratib berish, ularda mulkka egalik huquqlarini to’lqi kafolatlash;
7. O’zbekiston bozoriga TMKlar kirishini qo’llab-quvvatlash, ularni mamlakat bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirish (top-100 TMKlar va banklarga alohida e’tibor qaratish lozim) kerak;
8. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozim;
9. Iqtisodiyotga davlat aralashuvini keskin kamaytirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish;
10. Xususiylashtirish amaliyotini jadallashtirish, jumladan yirik monopol korxonalarni xususiylashtirish, dunyoning rivojlangan kompaniylarining O’zbekiston bozoriga kirish cheklovlarini qisqartirish yoki umuman olib tashlash va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |