TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI ILMIY AXBOROTLARI
2020/2
Shuning uchun bu tushunchalarni o‘quvchilarga tushuntirish uchun ba’zi tavsiyalarni
bersak. Ravshanki, har qanday ilmiy tushunchani ham hayotdan olingan misollar orqali
tushuntirish barcha uchun qulaydir. Ayniqsa, ehtimollar nazariyasi fanining asosiy
tushunchalari sanalgan tajriba, sinash, elementar hodisa va elementar hodisalar fazosi kabi
tushunchalarni o‘quvchilarga juda yaxshi tushuntirish kerak, chunki bu tushunchalar fanning
asosini tashkil qiladi.
Bu ishni bajarish uchun darsda, masalan, “Aqliy hujum” metodidan foydalangan holda,
talabalarga quyidagi birinchi savol berilishi kerak: Tajriba deganda nimani tushunasiz? Bu
savolga talabalardan javoblarni tinglash kerak.
Tabiiyki, hali fan haqida tasavvurlar unchalik shakllanmagan bo‘lgani uchun talabalar
maktab davridagi fizika va kimyo darslarida amalga oshirgan tajriba (laboratoriya) ishlari
haqida yoki biror ishni amalga oshirish kabi javoblar berishi mumkin. Javoblarning to‘g‘ri yoki
noto‘g‘riligi muhim emas. Iloji boricha to‘rt-beshta javob eshitish maqsadga muvofiq.
Tajriba tushunchasiga keyinroq ta’rif berish sharti bilan keyingi savol o‘rtaga
tashlanadi: Sinash deganda nimani tushunasiz? Bu savolga ham o‘quvchilardan javoblarni
tinglash kerak. Sinash bu tajriba, ishga kirishdagi sinov muddati va yoki imtihon kabi javoblar
berilishi tabiiy. Boshqa javoblar bo‘lgan taqdirda ham ularni inkor etmagan holda navbatdagi
savol beriladi: Hodisa nima? Bu savolga ham javoblarni tinglab bo‘lgandan so‘ng, o‘qituvchi
uchala tushuncha bilan birga elementar hodisalar fazosi tushunchasiga ham o‘zining ta’rifini
berib, bu tushunchalar ehtimollar nazariyasining asosini tashkil qilishini tushuntirishi kerak.
Yuqoridagi tushunchalar uchun tavsiya etiladigan ta’riflar:
Tajriba – biror jarayon uchun bajarilishi kerak bo‘lgan shartlar majmuyi.
Sinash – tajriba shartlarini to‘liq bir marta amalga oshirish.
Elementar hodisa – sinashning har qanday natijasi.
Elementar hodisalar fazosi – mumkin bo‘lgan barcha elementar hodisalar to‘plami.
Yuqoridagi tushunchalarga soddadan murakkabga tomon bir necha misollar keltiraylik.
Misol:
Tanga tashlash (aniqrog‘i, bitta tangani bir marta tashlash) tajribasini
o‘rganaylik.
Ko‘rinib turganidek, bu yerda shart bitta tangani bir marta tashlashdan iborat.
1-sinash: Bitta tanga olamiz va uni bir marta tashlaymiz. Ya’ni tajribaning shartlarini
to‘liq bir marta amalga oshiramiz.
Elementar hodisa: Tanga qaysidir tomoni bilan, masalan, gerbli tomoni bilan tushdi.
2-sinash: Yana tangani olamiz va uni bir marta tashlaymiz. Ya’ni tajribaning shartlarini
to‘liq bir marta amalga oshiramiz.
Elementar hodisa: Tanga qaysidir tomoni bilan, masalan, gerbli tomoni bilan tushdi.
3-sinash: Yana tangani olamiz va uni bir marta tashlaymiz. Ya’ni tajribaning shartlarini
to‘liq bir marta amalga oshiramiz.
Elementar hodisa: Tanga qaysidir tomoni bilan, masalan, raqamli tomoni bilan tushdi
va hokazo.
Bundan ko‘rinib turibdiki, tajriba shartlari o‘zgarishsiz bo‘lgani holda sinovlar yetarlicha
ko‘p marta o‘tkazilishi mumkin. Natijalar esa ushbu tajriba uchun faqatgina ikkita elementar
hodisani takrorlayapti. Bular tanganing gerbli tomoni bilan tushishi va raqamli tomoni bilan
tushishi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasligi hammaga tushunarli.
154
Do'stlaringiz bilan baham: |