ILMIY AXBOROTNOMA TARIX 2020 - yil, 2 - son
7
shudgorlash ishlari borasidagi ko‘rsatmalar, o‘tgan yilgi kamchiliklar, bu yilgi vazifalar o‘z ifodasini
topgan va bunday maqolalar odatda shu mavsumga yaqin sanalarda e’lon qilingan. Ularda xalq
xo‘jaligining muhim sohalaridagi ishlarning holati va qishloq xo‘jaligi xodimlarining navbatdagi vazifalari
haqida xabardor qilinadi.
Gazeta bosh maqolalarida oktyabr voqealari inqilobiy hodisa sifatida talqin etilib, tarixan
qonuniyatli yuz berganligi, partiya va sovet hokimiyati yuritayotgan siyosat to‘g‘ri ekanligi, uning
proletariat dohiylari belgilagan bosh yo‘ldan og‘ishmay, to‘siq va kamchiliklarni bartaraf etib
borayotganligi ta’kidlab borilgan. Ularda o‘rnatilgan senzura nazorati tufayli butun tizimning kamchiliklari
haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas edi. Shu tufayli barcha ko‘rsatilgan muammolar alohida tasodifiy
holatlar sifatida, quyi tashkilotlarning, alohida mas’ul shaxslarning, “dushman” larning ayblari sifatida
ko‘rsatilgan. Masalan, mansabdor shaxslar va muassasalarning fosh etilgan yirik jinoyatlari, shuningdek,
qidirib topilgan “dushman”lar masalalari publitsistik shaklda tahlil etilgan. O‘rta Osiyo suv idoralari yo‘l
qo‘ygan xatolar, unda pul isrofgarchiligi[26, 35], Donbas ko‘mir konining shaxta rayonidagi
mutaxassislarning ishlari[51] haqidagi bosh maqolalar shular jumlasidan edi. Bulardan tashqari, o‘tgan
yillarda erishilgan yutuqlar sarhisobi ko‘rinishidagi[36], atoqli sanalar munosabati bilan, masalan, fevral
inqilobining “haqiqiy” inqilobga vosita sifatidagi talqini[28, 49], ishchi-dehqon soqchilik xizmatining o‘n
yilligi[43], 8 mart xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar[48], 18 mart Parij kommunasi va
MOPR – jahon inqilobchilariga yordam kuni[33, 52] targ‘ib etilgan tahririyat (bosh) maqolalari ham berib
borilgan. Yana sovet davlatining xalqaro maydondagi o‘rni va rolini, o‘zini o‘zi himoya qila olishini,
ta’minlay olishini, adolatli va tinchlikparvar siyosat tarafdori ekanligini ko‘rsatish, uqtirish maqsadida
tashqi siyosat masalalari ham gazeta bosh maqolalarining diqqat markazida bo‘lgan. Bunda nafaqat sovet
davlatining xorijiy davlatlar bilan munosabatlari[31, 32], shuningdek, turli mamlakatlarda yuz berayotgan
jarayonlar[37, 38], qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyalar kabi xalqaro masalalar[54, 55] talqinini ham
kuzatish mumkin.
Sovet davri matbuoti bosh maqolalari maqsad yo‘nalishiga ko‘ra shartli ravishda tezkor,
umumsiyosiy va targ‘ibot maqolalariga bo‘lingan. Ularning har biri bo‘lim sarlavhalarida ifodalangan
o‘ziga xosliklarga ega.
Tezkor bosh maqolalar ayni vaqtda eng muhim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan: xo‘jalik, siyosiy
va h.k. Ularda u yoki bu sohadagi ishning holati batafsil tahlil qilingan, kamchiliklar ochilgan, ilg‘orlar
tajribasi asosida bu vazifalarni yechishning yo‘llari va usullari qayd etilgan. U yoki bu xo‘jalik-siyosiy
kampaniyasining taqdiri haqida partiya va davlat tashvishlari – bunday bosh maqolalarga xos xususiyat
bo‘lgan. Bu guruhga gazetada muayyan material yoki materiallarning (masalan, mavzuiy qator, maqsadli
son) e’lon qilinishi bilan bog‘liq holda yoziladigan bosh maqolalar kiritilgan.
Umumsiyosiy maqolalar atoqli sanalar, ichki va xalqaro hayotning taniqli voqealari bilan bog‘liq
holda nashr etilgan.
Targ‘ibot bosh maqolalari turli aniq vaj-sabablar bo‘yicha markscha-lenincha ta’limotni,
vatanparvarlik, baynalmilallik, kommunistik axloq g‘oyalarini, fan va texnikadagi yangi yutuqlarni
ommalashtirishga qaratilgan[5].
Shu tariqa, sovet davrida bosh maqolaga maxsus vazifalar yuklangan bo‘lib, ular o‘zida partiya
ko‘rsatmalarini ommaga, ularning ijrosi qaratilgan o‘quvchilar doirasiga tushunarli shaklda yetkazishga,
gazetaning siyosiy yo‘lini, ayni paytning muhim masalalari bo‘yicha uning fikrini ifodalashga xizmat
qilgan. Bosh maqolada alohida dolzarb mavzular, vazifalar aniq va lo‘nda ilgari surilib, ularning siyosiy
mohiyati sovet tuzumi qarashlari talqinida ochib berilishi va asoslanishi, keltirilgan umumlashtirish, xulosa,
dalillari bilan sovet davrida jamiyat oldiga qo‘yilgan vazifalarni, ko‘tarilgan muammo va masalalarni,
jamiyat hayotidagi ular bilan bog‘liq real holatlarni tadqiqotchi tomonidan tadqiq etish imkonini beradi.
Gazeta materiallarining alohida janrlarini asosiy manba sifatida o‘rganilishi bilan ijtimoiy fanlar sohalarida
tadqiqotlar uchun masalalar doirasi birmuncha kengaydi. Bu jarayon gazeta materiallarining manba sifatida
chuqur o‘rganilishiga, davriy matbuotning hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarini, uning ta’sir
auditoriyasini, davriy jihatdan uning mavzu mundarijasini, bajargan ijtimoiy, mafkuraviy vazifalarini
yanada aniqlashtirishga hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |