O‘quvchilarning uy insholarini tashkil etish
. Insholar inson tafakkurini charxlash, dunyoqarashini
kengaytirish, fikrlarini, qarashlarini qat’iylashtirish va ma’naviyatni shakllantirish omili hisoblanadi.
Maktab adabiy ta’limining barcha bosqichida o‘quvchilarga insho yozdirish shart. O‘quvchining
fantaziyasi, xayolot olami kattalarnikidan boy va keng. O‘quvchining bu imtiyozlaridan uning o‘zi uchun
foydalanish kerak. O‘quvchining hayotiy tajribasi kattalarnikiga nisbatan ancha kam, atrof-muhitga
munosabati ham sodda va jo‘nroq. O‘quvchini ijodkorlikka yo‘naltirish uning ruhiyatini bezovta qila
oladigan, qiziqtiradigan mavzuda yozishga, eng muhimi, tuyg‘ularini, munosabatini so‘z bilan ifodalab
berishga qiziqish uyg‘otilganda engil amalga oshadi [4.72].
Bola ko‘pincha yozishga arziydigan salmoqli gapi yo‘qligidan yomon yozadi. Maqsad sinfdagi
barcha o‘quvchilarni badiiy ijodkor qilish emas. Muhimi, o‘quvchida ijodkorlik tuyg‘usi paydo bo‘lsa,
darsda o‘rganganlariga munosabat bildirishga odatlansa, unda insonlik, shaxslik kurtaklari shakllanadi.
O‘quvchini faqat o‘zi yaxshi bilgan narsasi haqida yozishga o‘rgatish kerak. Yaxshi bilmagan,
tushunmagan mavzu haqida yozishdan azobli narsa yo‘q. Bolaga bunday topshiriq berish unda quruqlik,
yuzakilikni tarbiyalash demakdir. O‘quvchi shaxsida ijodkorlikni, bezovta, uyg‘oq qalbni tarbiyalash
uchun, avvalo, unda atrof-muhitga, tabiatga, hayvonot va nabotot olamiga, insonga kuchli qiziqish
uyg‘otiladi. Bolani o‘zi yaxshi bilmaydigan, yaxshi ko‘rmagan, qiziqmagan mavzuda yozishga majbur
qilmagan ma’qul [4.64].
Boshlang‘ich sinflar adabiy ta’limida uyga insho yoki bayon yozishga berilsa, o‘sha kuni o‘quvchi
boshqa o‘quv fanlari bo‘yicha oshiqcha yuklamalardan halos etilishi kerak. Chunki insho va bayon yozish
aqliy zo‘riqish va ancha vaqtni talab qiladi. Ta’limning yuqori bosqichlarida ham o‘quv fanlari muallimlari
bir-birlari bilan doimiy aloqa bog‘lab turishlari, uy vazifalarini berishda bir-birlari bilan kelishishlari
o‘quvchining uyga berilgan topshiriqlarni tayyorlashdagi vaqtini nazorat qilish imkonini beradi. Bundan
tashqari, maktabda dars jadvallari ham shundoq tuzilishi kerakki, uy vazifalari bir kunda 3-4 tadan
oshmasligi maqsadga muvofiq keladi. Sinflar yuqorilab borgani sari uy vazifalarining soni oshmay
mazmuni chuqurlashadi. Talab doirasi kengayadi. Bundan tashqari boshlang‘ich sinflarda rasmlar,
kuzatishlar asosida ham insholar yozdirish mumkin.
Dunyo ta’lim tizimidagi barcha jihatlarni ko‘r-ko‘rona ko‘chirish o‘rniga ular erishgan yutuqlarning
o‘zbek o‘quvchisi milliy xususiyatlari, ruhiy o‘ziga xosligiga mos keladigan tomonlarini o‘zlashtirish
kerak. Aks holda, chet el pedagogikasidagi tashqi jihatlargina o‘zlashtirilib, qilingan harakatlar samarasiz
ketadi. Tajriba almashishlar ko‘rsatdiki, chet el ta’lim tizimida har qanday o‘quv fani bo‘yicha esselar
yozish etakchilik qiladi [4.24].
Do'stlaringiz bilan baham: |