Aleksandr Hamilton (1757-1804) qarashlari butunlay boshqacha siyosiy dunyoqarashga asoslangan. Uning siyosiy nazariyasi negizida odamlarni «yuqori» va «quyi» (boy va kambag‘al) tabaqalarga bo‘lish yotadi. A.Hamiltonning fikricha, davlatning asosiy vazifasi xususiy mulkni xalqdan himoya qilishdir. Shu sababli u odamlarning huquqlari ularning mol-mulkiga mos ravishda taqsimlanishi lozim, deb hisoblaydi. A.Hamilton demokratiyaga qarshi edi, u konstitutsiyaviy monarxiya uchun kurashdi, talablari inobatga olinmagandan so‘ng cheklanmagan vakolatga ega bo‘lgan, umrbod saylanadigan prezidentlik hokimiyati o‘rnatish g‘oyasini qattiq turib himoya qildi. Uning taklifi asosida 1787 yilgi Konstitutsiyada ikki palatali qonun chiqaruvchi organ mustahkamlab qo‘yildi.
XIX asrning birinchi yarmi - Evropaning lider mamlakatlarida industrial sivilizatsiyaning uzil-kesil shakllanish davri. Ushbu davr asosiy siyosiy mafkuralarning uzil-kesil shakllanishi, ijtimoiy-siyosiy hodisalarni o‘rganishga yangi metodologik yondashuvlarning paydo bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Mazkur davrning lider siyosiy mafkurasi liberalizm bo‘lib qolgan edi (B.Konstan, I.Bentam va boshqalar). SHaxsning huquqi va erkinliklari, uning daxlsizligi, xususiy mulk va iqtisodiy faoliyat erkinligi, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi, hokimiyatning bo‘linishi va boshqalar uning asosiy qadriyatlari sifatida e’lon qilindi. Asta-sekin liberallar konstitutsiyaviy monarxiya va senz bilan cheklangan saylov huquqini ideal deb tan olishdan yangi idealga - umumiy saylov huquqi mavjud bo‘lgan demokratik respublikani yoqlab chiqdilar. Ularga islohotlarning inqilobiy usullaridan voz kechish xos bo‘lib qoldi. Ushbu davrda demokratiya muammolari chuqur tadqiq etildi (A.Tokvil va boshqalar).
Mana shu davrning o‘zida siyosiy konservatizm ham shakllandi. Uning mazmunini tashkil etuvchi konkret g‘oyalar tarix iy taraqqiyot jarayonida o‘zgardi, ammo o‘sha yillarda bayon etilgan umumiy dunyoqarash tamoyillari bugunga qadar saqlanib kelmoqdaki, ular siyosiy hayotning tarixan tarkib topgan shakllarining saqlanishi, davlat manfaatlarining shaxsiy huquqlar va erkinliklarga nibatan ustuvorligi, odamlarning tengligini inkor etish, demokratik institutlarning rad qilinishi va boshqalardir. E.Berk U.Vordsvort, S.Koldrij, F.Lamenne va boshqalar mazkur davr konservatizmining nazariyotchilari hisoblanadilar.
XIX asrning birinchi yarmida ijtimoiy hayotni tadqiq etishga yangi metodologik yondashuv - pozitivizm vujudga keladi (O. Kont, J. Mill va boshqalar). Siyosiy hodisalarning mohiyatini bilishdan voz kechib, pozitivizm siyosiy fanning vazifalarini ularning statistikasi va dinamikasini o‘rganishdan iborat qilib qo‘ydi. Ushbu uslub siyosat sohasida konkret ijtimoiy tadqiqotlarning boshlanishiga turtki berdi. Bu usuldan turli siyosiy mafkuralarning tarafdorlari birdek foydalandilar.
Mana shu davrda sotsializm (kommunizm) siyosiy mafkurasining shakllanishi nihoyasiga etdi (A.Sen-Simon, SH.Fure, R.Ouen va boshqalar). Sotsialistik nazariyalarga bag‘ishlangan boy adabiyotlarning mavjudligi ularga batafsil to‘xtalib o‘tishga ehtiyoj qoldirmaydi.
XIX asrning ikkinchi yarmida Evropadagi industrial jamiyat rivojlanishda davom etdi va asta-sekin o‘z ko‘rinishini o‘zgartirdi: asr oxiriga kelib iqtisodiy jihatdan eng ko‘p rivojlangan mamlakatlarda erkin raqobat monopoliyalar hukmronligi bilan almashadi. Evropa davlatlari oddiy ishchilar tomonidan olib borilgan kurashlar natijasida ijtimoiy qonunchilik unsurlarini qabul qildilar. Mahalliy kasaba uyushamalari iqtisodiyotga, ijtimoiy hayotning boshqa sohalariga tobora faolroq aralasha boshladilar. Liberal va sotsialistik siyosiy mafkuralarning gurkirab rivojlanishi bilan bir qatorda siyosiy fikrda konservativ, antidemokratik tamoyillar ham kuchayib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |