2020 yilning boshida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi doirasida «Oʻzbekistonda islomiy moliya mahsulotlari tahlili» boʻyicha amalga oshirilgan tadqiqot doirasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra bank kreditlaridan foydalanmaslikning asosiy sababi sifatida avvalambor diniy qarashlar, kreditlar boʻyicha yuqori foiz darajasi va kreditlashtirishning murakkabligi koʻrsatilgan. Agar mamlakatda islom moliya muassasasi tashkil etilsa, yuqoridagi soʻrovnomada ishtirok etgan qatnashuvchilarning aksariyati bu muassasa xizmatidan foydalanishi mumkinligini taʼkidlashgan.
“Mamlakatimizda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʻyicha huquqiy bazani yaratish vaqt-soati yetib keldi. Bu borada Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi”
Islom bankchiligi va an'anaviy bankchilik
Islom darchalari faoliyatini tushunish uchun birinchi navbatda islom bankchiligini an'anaviy bankchilikdan qanday farqlari borligi hamda taklif qilinayotgan xizmatlar va mahsulotlar turlarini bilib olish maqsadga muvofiq.
Umuman olganda, islom moliyasi qarz berish yo moliyalashtirish ishlarida aynan shariat tamoyillari va qoidalariga asoslangan jarayonlarni qamrab olishi hamda islom moliya tamoyillariga mos bo‘lgan bitimlar tuzadi. Shu bilan, islom moliyasi an'anaviy moliyalashtirish yoki qarz berishdan farq qiladi.
Yuqoridagi islom darchasi tomonidan ko‘zda tutilgan moliyaviy xizmatlar va mahsulotlarni hozirda mavjud an'anaviy bank xizmatlari va mahsulotlariga muqobil ekanligi, shu bilan birga an'anaviy bankchilikka nisbatan hatto moslashuvchan ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, yuridik shaxslarga mo‘ljallangan asosiy vositalarni moliyalashtirishni oladigan bo‘lsak, ushbu turdagi moliyalashtirish islom darchasi orqali bir necha usul bilan (shartnoma turiga bog‘liq), mijozning moliyaviy holati, biznes rejasi va faoliyat turidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi mumkin.
Islom darchalarining biznes, jismoniy shaxslar va mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga qo‘shishi mumkin bo‘lgan hissasi:
Jismoniy va yuridik shaxslar hamda xususiy tarmoq vakillari ixtiyorida bo‘lgan bo‘sh pul mablag‘larining mamlakat iqtisodiyotidagi ishtirokini oshirish;
Mamlakatda kapital bozorni rivojlantirish va diversifikatsiyalash;
Loyihalarni moliyalashtirish orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish;
Islom darchasining tashkil qilinishi
Islom darchasi ko‘p hollarda mamlakatlarda islom moliya tizimi yoki islom moliyasi bo‘yicha qonunchilik mavjud bo‘lmaganda tashkil etiladi. Chunki, islom darchasi ma'lum mamlakatning mavjud qonunlari va xuquqiy bazasi asosida chegaralangan miqdordagi xizmatlar va mahsulotlarni an'anaviy bankning tarkibiy bo‘linmasining mahsuloti sifatida taklif etadi. To‘laqonli islom bankchiligi xizmatlari va mahsulotlari esa, odatda o‘sha mamlakatda tegishli qonunlar ishlab chiqilganidan keyin taqdim etiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda shu yilning ikkinchi yarmida ochilishi rejalashtirilayotgan islom darchalari bank tizimining rivojlanishi, moliyaviy xizmatlar sifatining oshishi, xususiy tarmoq vakillari salohiyatining o‘sishi, aholi turmush darajasining yaxshilanishi hamda mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shishi nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.