Mushoraka asoslangan islomiy fondlarning mexanizmi: 1. Mablag’ga ega va uni investitsiya qilishni istovchi sarmoyador fond menejeri bilan mushoraka shartnomasini tuzushi mumkin. Bu holatda, shartnomaga ko’ra fond menejerining o’zi ham sarmoyador sifatida ishtirok etadi.
2. Fond menejeri maxsus islomiy fond tuzadi va investorlar tomonidan egalik qilinadigan aksiyalar miqdoriga ko’ra ularning ushbu fonddagi ulushini belgilaydi.
3. Foyda kelishilgan nisbatda taqsimlanadi. Zarar esa investorlarning ulushlariga ko’ra bo’linadi. Shuningdek, foyda kutilganidan ko’ra yuqoriroq bo’ladigan bo’lsa, ushbu qism fond menejeriga berilishi, tomonlar o’rtasidagi kelishuv bo’yicha yoki yangi nisbat bo’yicha qayta taqsimlanishi mumkin.
4. Fond menejeri shariat kengashi hamkorligida shariatga muvofiq keladigan biznes turlarini tanlaydi va ularga investitsiya kiritadi. Fond menejeri har qanday islomiy shartnoma (mudoraba, mushoraka, ijara va hakozo) ko’rinishida investitsiya qilishi mumkin.
5. Jamg’arma foydasi kelishuvga ko’ra taqsimlanadi. Fond menejeri ushbu foydani investorlarga kelishilgan nisbatda taqsimlanishiga javobgar bo’ladi.
Islomiy fondlarning turlari Islomiy fondlar, ularning mexanizmlari va strukturalari va shariat kengashi faoliyati va biznesni shar’iy jihatlardan tekshirish faoliyati bilan tanishgandan so’ng, endi islomiy fondlarning turlari bilan tanishamiz. Fondlar shariat tomonidan ma’qullangan turli ko’rinishlarga ega bo’lishi mumkin. Quyidagi bo’limda islomiy fondlarning asosiy tuzulish shakllari, xususiyatlari haqida ma’lumot keltirilgan
Ochiq fondlar Bunday fondlarda fond menejeri tomonidan talabga mutanosib ravishda yangi aksiyalar chiqarilishi mumkin va fondning sarmoyadorlariga ham o’z ulushlarini tashqi – ushbu fond ishtirokchisi bo’lmagan investorlarga ham sotishga ruxsat beriladi. Bu holatda aksiyalar savdosida jamg’armaning sof qiymati asosiy ko’rsatkich qilib olinadi. Ochiq fondlar borasida shariatda hech qanday to’siq mavjud emas, shuning uchun bunday fondlar joiz hisoblanadi.
Yopiq fondlar Bu holatda fondning a’zolari soni chegaralangan bo’ladi. Bu jamg’arma tomonidan boshqa yana aksiya chiqarilmasligini bildiradi. Bu kabi fondlarning aksiyalari oldi-berdisi bozor sharoitlarida amalga oshishi mumkin. Shuningdek, investor yopiq fondlarning aksiyalarini chegirma narxlar bilan sotishi mumkin.
: