O‘lchash transforomatorlari O‘lchash transformatorlari birinchi navbatda elektr o‘lchash asboblarini yuqori kuchlanishli o‘zgaruvchan tok zanjirlariga ulash uchun foydalaniladi. Bunda elektr o‘lchash asboblari yuqori kuchlanish zanjirlaridan izolyasiyalangan bo‘lib, bu xizmat ko‘rsatuvchi personalning xavfsizligini ta’minlaydi. Bundan tashqari o‘lchash transformatorlari asboblarning o‘lchash chegaralarini kengaytirish, ya’ni kichik tok va kuchlanishlarni o‘lchashga mo‘ljallangan unchalik murakkab bo‘lmagan asboblar yordamida katta tok va kuchlanishlarni o‘lchash imkonini beradi. Bir qator hollarda o‘lchash transformatorlari yuqori kuchlanish zanjirlariga elektr qurilmalarini avariya xolatlaridan ximoyalashni ta’minlovchi relelarning chulgamlarini ulash uchun xizmat qiladi.
O‘lchash transformatorlari ikkiga – kuchlanish transformatorlari va tok transformatorlariga bo‘linadi.
Kuchlanish transformatorlari voltmetr hamda kuchlanishning qiymati bo‘yicha ishlovchi boshqa asboblar (masalan, vattmetrlar, schetchiklar, fazometrlar va turli relelarning kuchlanish g‘altaklari) ni ulash uchun xizmat qiladi.
Tok transformatorlari ampermetrlar va ko‘rsatilgan asboblarning tok g‘altaklarini ulash uchun xizmat qiladi.
O‘lchash transformatorlari beshdan bir necha yuz volt-ampergacha quvvatli qilib quriladi. Ular standart asboblar bilan (1; 2; 2,5 va 5 A ampermetrlar, 100 va 100 V voltmetrlar bilan) birgalikda ishlashga mo‘ljallab quriladi.
Kommutatsiya apparatlari Kommutatsiya apparatlari elektr energiyani ularning manbalari (elektr stansiyalari)dan iste’molchilarga uzatishning zarur bo‘lgan sxemalarini tashkil etish uchun foydalaniladi.
Eng muXim apparatlarni ko‘rib o‘tamiz.
Uzgichlar elektr energetika tizimlarida operativ va avariyaviy kommutatsiyalash, ya’ni qo‘lda yoki avtomatik boshqarishda alohida zanjirlarni ulash va uzish amallarini bajarish uchun xizmat qiladi. Ulangan holda uzgichlar yuklama toklarini qarshiliksiz o‘tkazishi shart. Bu apparatlarning ish holatlari xarakteri biroz o‘zgacha: yuklama toki oqib turganda ular uchun normal holat bo‘lib ulangan holat hisoblanganidek, zanjirning ajratilgan bo‘laklari o‘rtasida zaruriy elektrik izolyasiyani ta’minlab turuvchi uzilgan holati ham hisoblanadi. Uzgichning bir holatdan boshqasiga almashlab ulashda amalga oshiriluvchi zanjir kommutatsiyasi surunkali emas, balki vaqti-vaqti bilan, ular yordamida qisqa tutashuv zanjirlarida uzish bo‘yicha yuzaga keluvchi spetsifik talablarni bajarish esa juda kamdan-kam hollarda sodir bo‘ladi.
Uzgichlar xizmat qilish muddati davomida (25 yil) ko‘rsatilgan holatlardan har qandayida bo‘la turib o‘z funksiyasini ishonchli bajarishi va bir vaqtning o‘zida har qanday kommutatsiya amallarini, tez-tez uzoq vaqt davomida qo‘zgalmas holatda bo‘la turib, zudlik bilan samarali bajarishga tayyor bo‘lishi shart. Bundan ularning juda yuqori tayyorlik koeffitsientiga ega bo‘lishi lozimligi kelib chiqadi: kommutatsiya jarayonlari kam davom etganda (yiliga bir necha minut) kommutatsiyalarni amalga oshirishga doimiy tayyorlik ta’minlangan bo‘lishi shart.
Ajratkichlar uzgichlar yordamida uzilgan tok oquvchi sistemalarni kommutatsiyalash, taqsimlovchi qurilmalarni bitta shoxobchadan boshqasiga almashlab ulash, kuch elektrotexnik jihozlarini taftish qilish yoki ta’mirlash va kuchlanish ostidagi liniyalarning yaqin bo‘lgan qismlaridan xavfsiz sharoitlarni hosil qilish uchun qo‘llaniladi. Ajritkichlar elektr zanjirlarini ularda tok bo‘lmaganda yoki juda kam tok bo‘lganda uzish imkoniyatiga ega. Uzgichlardan farqli ravishda ajratkichlar uzilgan holatda ko‘rinib turuvchi uzilgan joyni hosil qiladi. Ob’yekt (masalan, uzgich yoki transformator) ning har ikkala tomonidagi ajratkichlar uzilgandan so‘ng ular ko‘chma erga ulagich yoki ajratkichning tarkibida o‘rnatilgan maxsus erga ulovchi pichoq yordamida erga ulanishi shart.
Bo‘lgich tarmoqdan uzilgan yuqori kuchlanish zanjirini qisqa vaqt ichida (0,1 s dan kam) uzish uchun xizmat qiladi. U ajratkichga o‘xshash bo‘lib, faqat tez ishlovchi yuritma bilan ta’minlangan.
Qisqa tutashtirgichlar va bo‘lgichlar muximligi past bo‘lgan iste’molchilar taqsimlovchi qurilmalarining yuqori kuchlanish tomoniga, maydon va taqsimlovchi qurilmaning narxini tejash maqsadlarida uzgichlar faqat quyi kuchlanish tomonida ko‘zda tutilgan hollarda, o‘rnatiladi.