3.Elektromagnit moslashuv muammolarini yechish bosqichlari
EMM muammosi yechishning birinchi bosqichida elektromagnit moslashuvni o‘lchashlar natijasi va modellash asosida keng qamrovda tahlil etish kerak. REVni loyihalashda va yaratishda EMMga alohida e’tibor berish kerak, bunda REVga EMM nuqtai nazaridan qo‘yiladigan asosiy talablar aniqlanadi. Bu talablar REVning asosiy vazifani bajarishini ta’minlashi uchun kerakli texnik talablarga qarshi bo‘lmasligi, uning asosiy ko‘rsatkichlariga konstruksiyalash va ishlab chiqarish texnologiyalarni e’tiborga olgan holda tuzatishlar kiritish kerak. EMMni tahlil etish usularidan eng samaralisi, hozirda va kelgusida foydalaniladigani bu EHMda matematik modellash metodi hisoblanadi, chunki EMM masalalarini ilmiy asosda o‘rganish va tadqiqot qilishda yetarli darajada murakkab jarayonlarni juda ko‘p ma’lumotlardan olish kerak bo‘ladi.
EMMni bu bosqichi natijasida halaqitlardan zararlanadigan turli retseptorlar, eng xavfli halaqitlar manbai, apparaturaga halaqitlarning ta’sir etish yo‘llari, turli REVning katta radiotizim shaklida EMM nuqtai nazaridan hamjihatlikda moslashib ishlashlariga ta’sirlarni baholash, shu bilan birga ajratilgan chastotalar polosasidan samarali foydalanish nuqtai nazaridan ham baholash kerak.
Tahlillar yetarli darajada ishonchli bo‘lishi uchun, bir turdagi REV yoki turdosh REVlar yoki bundan avvalgi avlod apparatlaridan foydalanib o‘lchashlar natijasidan foydalanish kerak. Ushbu o‘lchashlar katta mehnat va mablag‘ sarflashni talab qiladi, chunki EMMga tegishli ko‘rsatkich(parametr)larni o‘lchash maxsus o‘lchash uslublarini bilishni, qo‘llashni talab qiladi va o‘lchashlar natijasida aniq ma’lumotlar beruvchi, kam shovqinli, nochiziqlilik xarakteristikalari yuqori darajadagi talablarga javob beruvchi o‘lchov asboblaridan foydalanishni talab etadi. Bunda o‘lchashlarni avtomatlashtirish ham ish samaradorligini oshirish va xatoliklarni nisbatan kamaytirish imkoniyatini beradi. O‘lchashlar natijasi bir tizimga – tartibga keltirilishi, ularga ishlov berilishi, mutaxassislar foydalanishiga imkoniyat bo‘lishi kerak. Buning uchun ushbu tur apparatura EMMiga tegishli ko‘rsatkichlar va xarakteristikalar to‘plangan ma’lumotlar bankini yaratish kerak bo‘ladi. Hozirda turli REVlarni loyihalash va yaratishda ularning matematik modelidan foydalanish uchun yetarli ma’lumotlar to‘plangan.
Ikkinchi bosqich, bu yaratilgan tizim yoki qurilmaning EMMini ta’minlash, sintezlash bosqichidir. Bu bosqichda, odatda EMMni ta’minlovchi tashkiliy va texnik tadbirlar aniqlanib, ajratib olinadi. Texnik tadbirlar odatda alohida REV miqyosida amalga oshiriladi va uning xarakteristikalarini EMM nuqtai nazaridan yaxshilashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bu tadbirlar an’anaviy tadbirlar, radiouzatish qurilmalarining keraksiz nurlatishlarini, radioqabullash qurilmalarining halaqitbardoshliklarini ta’minlovchi radiotexnik usullar orqali amalga oshiriladi.
Bulardan eng ko‘p tarqalgani: filtrlash, ekranlash, halaqitlardan himoyalash maxsus sxemalarni yaratish, REV radiotrakti dinamik diapazonini kengaytirish va boshqalar hisoblanadi. Bu usullardan radiouzatish qurilmalari va radioqabullash qurilmalari paydo bo‘lgan vaqtdan beri foydalaniladi va ular mukammallashib bormoqda. Eslatib o‘tamiz, EMMga tegishli texnik tadbirlarni u yaratilayotgan vaqtda amalga oshirish kerak, chunki tayyor qurilma sxemasiga o‘zgartirishlar kiritish qiyin bo‘ladi.
EMMga tegishli tashkiliy jarayon REV kompleks ustida amalga oshiriladi, bunda o‘rganilayotgan REV kompleksining joylashtirish strukturasi, ular foydalanishi uchun ajratilgan chastotalar diapazoni va polosasidan ularning birgalikda ishlash holatida sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlash kerak. Tashkiliy tadbirlarga quyidagilar kiradi: chastotani biriktirish; ma’lum hududda REVlarni joylashtirish; ularning ishlash vaqtlarini belgilash va h.k. REVlar ishlashini boshqarish ularning parametrlari va signallari strukturasini o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Tashkiliy tadbirlarni loyihalash bosqichida ham amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi, chunki ba’zi texnik yechimlarni o‘zgartirishga ham to‘g‘ri keladi. Masalan, REV ishlash chastotasini almashtirish tezligini oshirish, signal turi va tarkibini o‘zgartirish hamda strukturasini adaptiv o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkin. REVdan kompleks shaklda aloqa uzellarida foydalaniladigan bo‘lsa, u holda modulyatsiya turini ham etiborga olish kerak, chunki ajratilgan chastotalar polosasidan samarali foydalanish signal modulyatsiyasiga bog‘liq. REVda foydalanilayotgan signallar parametrlarini o‘zgartirish imkoniyati qancha katta bo‘lsa hamda apparatura alohida qismlari va qurilmalarining xarakteristikalarini o‘zgartirish imkoniyati qancha katta bo‘lsa REV strukturasini o‘zgartirish imkoniyati shuncha oshadi, EMMni ta’minlash muammosi nisbatan oson yechiladi. Tashkiliy tadbirlar apparaturaga o‘zgartirishlar kiritishni va qo‘shimcha mablag‘larni talab etadi, shuning uchun bu tadbirlarning samarasini va maqsadga muvofiqligini ham alohida e’tiborga olish kerak.
Agar REV to‘plangan hudud ajratilgan chastotalardan foydalanish darajasi vaqt bo‘yicha va chastotadan foydalanish bo‘yicha tig‘iz bo‘lsa, u holda yangi chastotalar diapazonidan foydalanish tadbirini ko‘rish kerak. Yangi chastotalar diapazonidan foydalanishda ilm va texnika yutuqlaridan foydalanish kerak bo‘ladi. Shu kabi masalalar ma’lum vaqt oralig‘ida chaqiriladigan Butunjahon radioaloqa konferensiya (BRK) majlislarida muhokama etiladi. Ushbu konferensiyalarda ba’zi radioxizmatlar uchun chastotalar qayta taqsimlanadi, yangi chastota polosalalari ajratiladi, masalan: dengiz harakatdagi radioaloqa xizmati, radioeshittirish xizmati, Yerni tadqiq qilish kosmik xizmati va boshqa xizmatlar.
1979 yilda Jenevada bo‘lib o‘tgan majlisda 1982 yildan foydalanish uchun radiochastotalar jadvali qabul qilingan, bu jadval 400 GHz gacha bo‘lgan chastotalarni qamrab olgan. Ammo hozirda 75 GHz gacha bo‘lgan chastotalar diapazonidan samarali foydalanilmoqda. Bu chastotalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rinish hududida foydalanish uchun yaroqli. Umuman 50 MHz dan ortiq yuqori chastotalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rinish masofasida foydalanish mumkin. Bir necha o‘n gigagers chastotalar va undan yuqori chastotalarda havoning namligi, yomg‘ir va qorlar ta’sirida signallarning katta miqdorlarda so‘nishi sodir bo‘ladi. Bu diapazondan foydalanish qo‘shimcha ilmiy va texnologik ishlarni amalga oshirishni talab etadi. Ushbu diapazondan foydalanish darajasini va moddiy manfaatdorligini oshirish uchun qonun asosida rag‘batlantirish, chastotalardan foydalanish uchun bozor iqtisodi mexanizimlaridan foydalanishni amalga oshirilishi, ushbu chastotalar diapazonidan foydalanuvchilar uchun yangi yanada yuqoriroq chastotalar diapazonini o‘zlashtirish ustida ilmiy va texnologik jarayonlarni qo‘llashga imkoniyat yaratadi.
Shunday qilib, elektromagnit moslashuv muammosini yechish uchun texnik va tashkiliy tadbirlardan laboratoriya sharoitida va amalda foydalanilayotgan REV ko‘rsatkichlarini o‘lchash natijalari, ularni ilmiy asosda tahlil qilish orqali olingan ma’lumotlar to‘plamidan foydalanish kerak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |