Miniatyura. Musulmon Sharqi xalqlarining xususan, arablar tasviriy san`ati haqida miniatyura yordamida to`liq tasavvurga ega bo`lamiz. Miniatyura (fransuzcha miniature; lotincha minium – qizil bo`yoq) – badiiy usullar o`ta nafis bo`lgan kichik hajmli (mo`jaz) tasviriy san`at asaridir. Miniatyura xattotlik, sahifalarni ziynatlash, muqova bezagi bilan bir qatorda qo`lyozmaning eng asosiy murakkab dekorativ elementlaridan birini tashkil qilar edi. Miniatyuraning asosiy ahamiyati matn mazmunini tushuntirish va umuman olganda dunyoviy xarakterga ega bo`lgan asarlarni bezashdan iborat edi. Asosan proza, poeziya, ilmiy traktatalar, tarixiy xronikalar aks etgan asarlarga miniatyura ishlangan.
Arablar ayniqsa, forslar qo`lyozma va kitoblarni miniatyuraning nafis namunalari bilan bezatganlar. Miniatyuraning eng go`zal namunalari Eronda yaratildi, ammo arablar ham bu san`atda forslardan qolishmasdilar. Arablar miniatyurasi taxminan IX asrlarda Basra va Kufa shaharlarida dunyoga keldi, ammo afsuski, bu davrga oid nafis asarlar bizgacha yetib kelmagan, ular haqida tarixiy manbalardan ma`lumotlar olishimiz mumkin, xolos57.
Hozirgi vaqtga kelib, arab miniatyuralarini o`rganuvchi mutaxassislar, qo`lyozmalarni bezashni uchta davri va regional badiiy markazi mavjud ekanini e`tirof etadilar. Bular Misr (fotimiylar sulolasi davri, IX-X-XI asrlar), Suriya (XII asrning birinchi yarmi) va Iroq (yoki Bag`dod, XIII asr) miniatyura maktablaridir. Ularning markazlari Mosul, Bag`dod va Vosit shaharlarida bo`lgan. Fotimiylar sulolasi davrida ishlangan arab miniatyuralarining bizga ma`lum bo`lganlari XI asrga taalluqlidir. Oxorlangan qog`ozga ishlangan odamlar qiyofasi xatti xarakatlari sodda va yaxlit holda tasvirlangan. Suriya qo`lyozmalari bo`lmish Dioskoritning “Farmokologiya”si, “Kalila va Dimna” asarlariga ishlangan bezaklarda garchi Vizantiya va Sosoniylar san`atining kuchli ta`siri bo`lishiga qaramasdan arab miniatyurachiligida yangi bir bosqichni boshlab beradi. Arab kitob bezakchiligining ravnaq topishi davrini Iroq maktabi miniatyurachiligi boshlab berdi. Iroq maktabining eng ajoyib asarlaridan biri Al-Xaririyning Abu Zayd as-Sarujdi (o`rta asrdagi Nasriddin Afandining prototipi)ning boshidan kechirganlarini tasvirlab beruvchi “maqom” asariga ishlangan illyustratsiyalardir58.
Miniatyurachi musavvir odatda yoqut bilan bezatilgan qog`ozga suyultirilgan bo`yoq yordamida rasm solardi. Faqatgina sinchkovlik bilan tayyorlangan bo`yoqlargina musavvirga ko`z ilg`amas nafis chizgilarni tasvirlashga imkon berardi. Miniatyuralarda suv kumush yordamida tasvirlangan bo`lib, vaqt o`tishi bilan kumush xiralashib qolgani sababli qadimiy miniatyura asarlaridagi anhor va ko`llar tasviri o`z aslini yo`qotgan. Qimmatbaho qo`lyozmalar uchun miniatyurachi musavvirlar alohida badiiy asarlar yaratganlar. Bunday asarlarda miniatyurachidan tashqari boshqa rassomlar, xususan, naqqoshlar nafis gul va naqshlar solganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |