Xalq ta’limi vazirligining mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan pedagog xodimlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “30 yillikka 30 mukofat” tanlovi uchun maqola
ISLOHOTLAR MENING TAQDIRIMDA
Besh yil – bu ikki so‘z inson bir nafasda ayta oladigan va atigi 6 ta harfdangina iborat bo‘lib, ammo biroz jiddiy mulohaza bilan e’tibor berganda esa mana shu so‘z zamirida bir inson umridanda ortiq va asrlarga teng keluvchi ma’no va mazmun yotibdi, go‘yo. Ana shu yillar haqida esa butun boshli yirik afsonaviy va tarixiy kitob yaratish mumkin. Bu besh yil har bir inson hayotida eng muhim va ahamiyatli daqiqalar, soatlar, yillar baxtsiz va baxtli, g‘amgin va xursandchilik kunlarga boy bo‘lgani tabiiy holdir. Nafaqat jamiyatimizda, balki mening hayotimda ham judayam katta o‘zgarishlarga boy davr bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Nazarimda, kechagina oliy ta’lim diplomini olgan yosh, orzulari limmo-lim mutaxassis edim . Bugun esa o‘ylab qarasam, bir pasda besh yillik tajribaga ega mutaxassisga aylanib qolganimni bilmay ham qolibman. Shu besh yil davomida meni hayotimda ayniqsa, pedagoglik faoliyatimda judayam ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. 2016-yil QDUning “Xorijiy tillar” fakultetining ingliz tili yo‘nalishini tamomlab o‘zim yashab turgan Kitob tumani XTBga qarashli 37-sonli maktabda o‘z pedagoglik faoliyatimni boshladim. Shu yillar meni oliy ma’lumotli pedagog sifatida faoliyatimni boshlash uchun ilk qadamlar edi. Bu maktabda qancha-qancha bilimga chanqoq yosh avlodga 4 yil davomida egallagan barcha bilimlarimni berish mening eng oliy maqsadim edi va bu maqsad uchun astoydil harakatni boshladim. Biroq boshida judayam qiynaldim. Pedagoglik faoliyatimni boshlaganimga arzimagan 10 kun o‘tib maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh pedagoglardan tortib keksalarigacha barcha-barchasini paxta terimiga safarbar etish uchun rahbar tomonidan vazifa yuklandi. Achinarli-a? Paxtaga chiqish? Oliy ma’lumotli insonnimi? Pedagog dars berish o‘rniga paxta dalasida paxta tersa? Paxta dalalarida oliy ma’lumotli mutaxassislarni ertalabdan kechgacha sarson yurishi-yu, agar kunlik normani bajara olmasa yuqoridan gap eshitishi, nafaqa yoshiga yetib qolgan pedagog mutaxassislarni tajribasini o‘rganish o‘rniga ularni paxta dalalarida o‘tgan umrlarini gapirib achinish hislariga o‘rtoq bo‘lish, qiynalib bukilishlarini kuzatish naqadar azob va achinarli holat. Bir qaraganda bu paxta yig‘im-terimida ishtirok etish mamlakatimizni rivoji uchun har bir inson oldidagi burch bo‘lsa, ikkinchi tomondan oliy ma’lumotli mutaxassis uchun judayam achinarli hol ekanligi xayolimdan o‘tdi. Shu soniyalarda o‘zing uchun emas qadring uchun yig‘la, deging keladi. Nahotki, 4 yillik bilimimni o‘quvchilarga yetkazish uchun emas, sentabrdan dekabr oylarigacha paxta dalalarda paxta terish bilan band qilsang. Bu 4 oy davomida vaqtida olinmagan bilimni o‘quvchilar qachon to‘ldiradi, degan savol meni judayam qattiq qiynardi. Iloj qancha xalqqa kelgan to‘yda deb ommaga ergashmoqchi bo‘ldim, biroq shunday qilsam, vijdonim qiynalib azob berishini bilardim. Rahbarlarning ming bot aytishlariga qaramasdan paxta terimida ishtirok etishni rad etdim. Birdan bir chora bu terimga o‘rnimdan boshqa birovni yuborish edi, xolos. Shunday ham qildim. Chunki yosh bolalarga ta’lim berishni 4 yil desam xato bo‘ladi, ilk maktabga qadam bosgan kunlarimdan, birinchi mehribon ustozim bizga dars bergan kunlaridan boshlab orzu qilganman. To‘g‘rida nega oliy ma’lumotli bo‘la turib paxta terimida ishtirok etishimiz kerak, nega boshqalar zimmasidagi ishni pedogog bo‘la turib biz zimmamizga olishimiz kerak, degan javobsiz savollar meni aslo tark etmadi. Aytishadi-ku, chumchuq suysa ham, qassob suysin, har kim o‘z vazifasini ado etsin. Pedagoglik vazifasi o‘z nomi bilan yosh avlodga bilim va tarbiya berishdir. Pedagoglik vazifasi ko‘cha supurish yoki 4 oylab paxta terish emas!
Xayriyat, bu davrlar uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan ko‘p emas, atigi bir yil o‘tib 2017-yil mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zlari tomonidan respublikaning barcha joylarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlarning mavqeyi qayta tiklandi. Ularning barchasi majburiy mehnatdan ozod etildi va ularning jamiyatdagi qadr-qiymati qayta tiklandi. Mana besh yil bo‘ldiki, ular na majburiy mehnatga chiqariladi, na paxta terimi-yu, na obodonchilik ishlariga. Ularning birdan bir vazifasi tinmay o‘z ustida ishlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodga chuqur bilim va tarbiya berishdan iborat deb konstitutsiyaviy qonun bilan belgilab qo‘ydilar.
Qizig‘i, ustozlarning oyligi kam deydiganlar hozir ustozlarga havas qilib men ham o‘qituvchi bo‘lsam bo‘larkan, deydigan insonlar judayam ko‘payib ketdi. Bir so‘z bilan aytganda, pedagog xodimlarning oylik maoshi stavkasiga e’tibor berib qarasak, shu besh yil mobaynida ikki-uch barobarga oshganini ham ko‘rishimiz mumkin. Bu oz fursatda pedagoglarning vaqti ham to‘g‘ri yo‘naltira boshlandi. Oldingi paytlardagi asosiy vazifasi darsga metodlar tayyorlash emas, balki soatlab konspekt yozish, qog‘ozbozlik bo‘lgan bo‘lsa, bugun esa o‘sha qog‘ozbozlikka umuman barham berildi. Ularning asosiy vazifasi o‘z ustida ishlash, bugungi kundagi kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanib dars va bilim berish deb belgilab qo‘yildi. Shu qisqagina pedagogik faoliyatim davomida barcha bizga berilgan imkoniyatlardan foydalangan holda, men ham o‘quvchilarim bilan ingliz tili faniga oid tadbirlar, festivallar, to‘garaklar, o‘quvchilarning ingliz tilida ravon so‘zlay olishi uchun “ speaking club” shanbalik muhokamalari, klub yig‘inlari tashkil etib o‘quvchilarning ochilmagan qirralarini kashf etishga intildim. O‘z fanim bo‘yicha ilmiy maqolalarimni xalqaro ilmiy jurnallarda bosmadan chiqardim. Ingliz tiliga oid, uni oson o‘rganish va o‘qitish metodikasiga oid fikrlarim bilan xalqaro konferensiyalarda o‘z nutqim bilan ishtirok etdim.
Nafaqat ta’lim sohasida, balki barcha sohalarda islohatlar jadallik bilan rivojlaninb borayotgan bir davrda. Bunday islohatlar pedagoglik faoliyatimni yanada rivojlantirishim uchun menga nisbatan kuch va ishonch berdi. Prezidentimiz tomonidan berilgan bu imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish uchun 2019-yil O‘zMUning Ingliz filologiyasi kafedrasining ingliz tili yo‘nalishiga magistraturaga grand asosida o‘qishga qabul qilindim. Bu esa o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirdi. Talaba bo‘lganimda biroz xafa ham bo‘ldim. Sababi maktabdagi o‘quvchilarimni judayam sog‘inishimni bilardim. Biroq ortga yo‘l yo‘q. Zamon o‘zgarmoqda, yangi ilmiy faoliyatni va pedagogik texnikani o‘rganish shart va zarur. Bu borada ikki yil astoydil harakat qildim. Universitetning barcha ilmiy tadbirlarida o‘zimning ilmiy maqolalarim va fikrlarim bilan ishtirok etdim. Universitetning iqtidorli talabalar qatorida bilimimni yanada oshirish uchun tinmay harakat qildim va 2021-yilda o‘z ustimda tinimsiz ishlaganim sababli magistratura bosqichini a’lo baholar bilan tamomladim. Bu uch yillik pedagogik faoliyat menga amaliyot vazifasini o‘tagan bo‘lsa, ikki yillik qo‘shimcha magistratura bosqichi ilmiy ish qilish uchun asos vazifasini o‘tadi. Bu besh yillik davr hayotimda muhim va ahamiyatli davr bo‘ldi. Hozirgi kunda chekka qishloqda 90-sonli maktabda pedagogik faoliyatimni olib borayapman, ko‘p insonlar menga savol bilan murojaat qilishadi. Nega oliy ta’limda ishga qolmading, sening o‘rning endi maktabda emas-ku deya. To‘g‘ri ko‘p yaxshi tashkilotlardan, hatto o‘zim tahsil olgan universitetdan ham ish taklif qilishdi. Biroq barchasini rad etdim. Sababi barcha bilimli ustozlar poytaxtda qolsa, qishloqdagi bilimga chanqoq yoshlarni kim o‘qitadi, ularga kim saboq beradi?.. Chunki mening oldimga qo‘ygan asosiy maqsadim yaxshi tashkilotlarda yaxshi maosh evaziga ishlash emas, yosh avlodga bilim berishdir. Inshoolloh maktabda faoliyat ko‘rsatib ham filologiya fanlari nomzodi bo‘lishim mumkin va bo‘laman ham! Chunki yurtboshimiz bizga barcha imkoniyatlarni yaratib berganlar. Nafaqat maktabda faoliyat ko‘rsatib, hatto uyda o‘tirib ham o‘z ustida ishlab ilmiy ish qilish imkoniyati mavjud. Zeroki, bilim olish va uni zarur insonlarga berish va ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish vaqt bilan ham, ish joy bilan ham, hatto pul bilan ham belgilanmaydi. Faqat imkoniyatlardan to‘g‘ri va vaqtida foydalansa bas. Inshoolloh oddiy maktabda faoliyat ko‘rsatib ham fan nomzodi bo‘layki, zero, men tarbiyalagan va bilim bergan o‘quvchilarim doim mendan faxrlanib yurishsin.
30-avgust 2021-yil Abdimurodov Doston Dilmurod o‘g‘li
Kitob tumani 90-maktab o‘qituvchisi
Do'stlaringiz bilan baham: |