Journal of International Finance and Accounting. Issue 1. February 2021. ISSN: 2181-1016 3
Tadqiqot metodologiyasi Ushbu maqolada sukuk- islom moliyaviy instrumentining mazmun-mohiyati
va uning xalqaro fond bozoridagi ahamiyatini yoritib berishda taqqoslash, ilmiy
abstraksiyalash, analiz va sintez kabi metodlardan foydalanilgan.
Tahlil va natijalar Islom moliyaviy instrumenti bo‘lgan sukuklar so‘nggi yillarda shiddat bilan
rivojlanayotgan qimmatli qog‘ozlar turlaridan biri bo‘lib, investorlarni o‘ziga jalb
qiladigan eng afzal jihati shundaki, qimmatli qog‘ozning daromadliligi loyihaning
daromadliligiga paralleldir.
Sukuk islom qimmatli qog‘ozi kapitalni jalb qilishning foizsiz instrumenti
sifatida, bundan 30 yil avval paydo bo‘lgan bo‘lsada, bozorning rivojlanishi
2001-yilga to‘g‘ri keladi. Dastlabki sukuk Malayziyada 1990-yil emissiya qilindi [6]
va orada ancha yillik tanaffuzdan so‘ng 2001-yilda sukuk qimmatli qog‘ozlari faol
muomilaga chiqarila boshlandi. Bugungi kunga kelib esa sukuk-moliyaviy
instrumenti o‘rta va uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish va ulkan investorlar
bazasini yaratishning muqobil vositasi sifatida hayotiyligini isbotladi.
Sukuk – arabchada qonuniy hujjat, akt va sertifikat degan ma’noni bildiradi va
u ma’lum bir loyihaning moddiy aktivlari, ko‘rsatilgan xizmatlariga egalik huquqini
ya’ni aktivlardagi tegishli ulush qiymatini tasdiqlovchi investitsion sertifikat sifatida
qaraladi. Bizga ma’lumki, islom qonunlarida foizlardan olinadigan daromadlarga
yo‘l qo‘yilmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, sukuklarning investitsion
tamoyillari foizlarni hisoblash va to‘lashni taqiqlaydi. Bunda qimmatli qog‘ozning
daromadlilik darajasi loyihalarning daromadliligiga to‘g‘ridan –to‘g‘ri bog‘liqdir.
Shuning uchun sukuk –bu moliyalashtirilgan loyihadagi ulushni aks ettiradi.
So‘ngi yillarda sukuk- islom instrumentidan foydalanishning ahamiyati ortib
borayotur. Sukuk bozori jadal rivojlanyapti. Investorlar va emitentlarning ushbu
sohadagi yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqishlari ortmoqda.
Obligatsiyalar o‘zining egasiga oldindan belgilangan muddat ichida foizlar
ko‘rinishida daromad olish imkonini bersa, “sukuk”lar o‘z egasiga ana shu qimmatli
qog‘ozni ta’minlovchi aktivlardan olinadigan foydadan ulush ko‘rinishida daromad
olib keladi. Sukuk – bu suveren va korporatsiyalar tomonidan berilishi mumkin
bo‘lgan va odatdagi obligatsiyalar bilan o‘xshashlik va farqlarni ko‘rsatadigan
investitsiya sertifikatlari. Obligatsiyalarga o‘xshash sukukning ham to‘lov muddati
bor va sukuk egalari sertifikat muddati davomida doimiy daromad oladilar[7].
Obligatsiyalar bilan sukuklarning farqli jihatlarini ko‘rib chiqamiz:
1.
Obligatsiya qarz majburiyatini bildirsa, sukuk aktivga qisman egalik qilish
huquqini beradi.