Isitma tushirish usullari
Isitma chiqqanda uni tushirishning ko‘p usullari bor. Avvalo, bemor joylashgan xonaning haroratini normallashtirish kerak, ayniqsa 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bu juda muhim.
Gap shundaki, bolalarda ter ajratish funksiyasi yaxshi shakllanmagan bo‘ladi, ular haroratni asosan nafas chiqarish orqali tarqatadi.
Bolakay salqin havo bilan nafas oladi, o‘pka va qonni sovitadi, issiq haroratni chiqarib yuboradi. Agar xona harorati juda issiq bo‘lsa, bu jarayon buziladi.
Bundan tashqari, havoning namligi ham muhim, juda quruq havo ham nafas yo‘llari orqali issiq kirishiga sabab bo‘ladi. Shuni inobatga olib tana harorati yuqori bo‘lgan bemor uchun xonaning optimal harorati va namligi 19-22 °C, namlik esa 40-60 % bo‘lishi kerak.
Isitmani tushiruvchi preparatlar
Tana haroratini tez tushirish uchun, isitmani tushiruvchi preparatlardan foydalaniladi. Bunday vositalar faqatgina simptomatik ta’sir etadi, ya’ni tana haroratini tushiradi.
Haroratni tushiruvchi preparatlar quyidagilar:
Parasetamol
Bolalar va kattalar uchun buyuriladigan preparat. Parasetamol 38 °Cgacha bo‘lgan tana harorati oshganda yaxshi yordam beradi, lekin bu ko‘rsatkichdan yuqori holatlarda preparatning ta’siri bilinmasligi mumkin.
Ibuprofen
Nosteroid yallig‘lanishga qarshi qo‘llaniladigan va tana haroratini tushirishda yaxshi samara beradigan preparat. Bolalar va kattalar uchun buyuriladi.
Nimesulid (nimesil, nayz)
Oxirgi avlod yallig‘lanishga qarshi preparat. Bolalar uchun qarshi ko‘rsatma bor.
Analgin
Hozirgi kunda tana haroratini tushirish uchun deyarli qo‘llanilmaydi. Ammo isitmani bartaraf etishda yordam beradi.
Xalq tabobati yordamida isitmani tushirish
Tana haroratini xalq tabobati yordamida ham tushirsa bo‘ladi. Bunda turli xildagi dorivor o‘simliklar damlamasi va qaynatmalaridan foydalaniladi. Tana harorati oshganda ko‘p suyuqlik ichish yaxshi natija beradi, chunki organizm ko‘proq ter ajratib, haroratni pasayishiga olib keladi. Dorivor o‘simliklar orasidan eng foydalilari quyidagilar:
Malina;
Qora smorodina;
Oblepixa o‘simligi;
Lipa;
Moychechak (Romashka);
Bolalarda tana haroratini tushirishda romashka eritmasi bilan klizma qilish ham yaxshi natija beradi. Bunda suvning harorati 20 °C da bo‘lishi kerak. Yoshga qarab dozalar quyidagicha bo‘ladi:
Chaqaloqlar uchun – 30 ml dan oshmasligi kerak;
6 oydan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar – 100 ml;
3 yoshgacha – 200 ml;
5 yoshgacha – 300 ml;
6 yoshdan oshganlarga – 0,5 l.
Tana harorati ko‘tarilganda sochiq, doka va xaltaga solingan muz yordamida ham haroratni tushirish mumkin. Bunda ehtiyotkorlik talab etiladi, muzni teri juda zich va uzoq muddatga qo‘yilsa, qon tomirlar spazmi kelib chiqishi va oq isitma holati kelib chiqishi mumkin.
Tana haroratining oshishi yoki pasayishi ko‘pgina kasalliklarning “ko‘zgusi” bo‘lib, bunday holatni e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Faqatgina tana harorati oshishining o‘zini bartaraf etmay, kasallikning asl sababiga qarshi kurashish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |