Aloviddin
1248 yil, aprel, Konьya.
Shams halok bo'lgandan uch hafta keyingina
men o’zimda jasorat topib otam bilan
gaplashgani bordim. Yolg’iz o'zi
kutubxonasida haykaldek qimirlamay qotib
o’tirardi. Faqat yuzida soyalar harakatlanardi.
Ota, siz bilan gaplashishimga izn berasizmi?
U xuddi xayolot ummonidan suzib
chiqayotganday, ohista ko'zlarini yuqori
ko'tardi, lekin hech nima demadi.
- Ota, siz meni Shamsni qatl etishda
qatnashgan, deb o'ylayotganingizni bilaman,
lekin ijozatingiz bilan sizni ishontirib...
Otam birdan gapimni bo'lib, barmog'ini baland
ko'tardi.
- O'g'lim, sen bilan meni bog'laydigan so'zlar
endi quruq ma'nosiz bo'lib qoldi. Men seni
eshitishni istamayman, mening ham senga
aytar so'zim yo'q, - dedi u.
- Iltimos, unday demang. Tushuntirishimga izn
bering, - iltijo qildim men titroq ovozda. -
Xudo haqi, men bunday qilmadim. Men bu
ishni qilgan odamlarni bilaman, lekin men
qilmaganman.
- O'g'lim, - yana gapimni bo'ldi otam,
ovozidagi qayg'u o'rnini sovuq xotirjamlik
olgan edi, go'yo u dahshatli haqiqatni
biladiganday edi. - Sen men qilmadim,
deyapsan, lekin yenging hoshiyasidagi qon
qayoqdan paydo bo'ldi?
Titrab ketdim va beixtiyor kiyimimga qaradim.
Nahotki rost bo'lsa? Nahotki qon tekkan bo'lsa?
Men hoshiyaga, keyin ikkala yengimga,
qo'llarim va tirnoqlarimga qaradim. Hech
qanday qon yo'q edi. Boshimni ko'tarib
otamning ko'zlariga ko'zim tushgach, bildimki,
bu qopqon edi. Otam meni ustalik bilan qo'lga
tushirdi.
Ehtiyotsizlik qilib, hoshiyaga qarab o'zimni
fosh qilib qo'ydim.
- To'g'ri, o’sha kuni men qovoqxonaga
borganman. Shamsning har kuni kechqurun
muroqaba qilish odati borligini qotilga men
aytganman. Keyin men Shams qotil bilan
yomg'irda suhbatlashayotganda devordan oshib
o'tganlar bilan birga edim. Men ularga
devorning qaysi joyidan o'tish qulayligini
ko'rsatdim. Hammamiz qotilga ishonish
mumkin emas degan qarorga keldik. Bor gap
shu. Lekin uni o'ldirishda men qatnashmadim.
Shamsga birinchi bo'lib Beybars hujum qildi,
keyin unga Irshod qo'shildi, keyin qolganlar
ham qo'shilishdi. Ular hech nima qila olmay,
vahimaga tushganlaridan keyin Shoqol Bosh
ishni nihoyasiga etkazdi.
Keyin men bularning hammasini shuncha ko'p
esladimki, endi aslida nima bo'ldi va nimasi o'z
tasavvurim mahsuli ekanini ham bilmay
qoldim. Bir necha bor Shams qo'limizdan
chiqib, qorong'ulik qa'riga singib ketdi, bu
shunchalik aniq ediki, men hatto bunga deyarli
ishongan edim.
Garchi Shams hozir yo'q bo'lsa-da, hamma
yoqda uning izlari bor. Raqs-u Samo, she'riyat,
musiqa - men ularni u bilan birga yo'qoladi deb
o'ylagan barcha narsalar hayotimizda o'rin
egallab bo'lgan ekan. Otam shoirga aylandi.
Shams haq gapni aytgan ekan. Ko'zalardan biri
sindirilsa, ikkinchisi avvalgicha qolmas ekan.
Otam hamisha mehribon. U nafaqat
musulmonlarga, balki barcha din vakillariga -
xristianlarga, yahudiylarga va hatto majusiylar
(butparastlar)ga ham hurmat bilan qaraydi.
Hayotiga Shams kirib kelganidan keyin esa
mehr doirasi shu daraja kengaydiki, hatto
jamiyatning eng quyqa qatlami bo'lgan
fohishalar, ichkilikbozlar, gadoylar,
jinoyatchilarni ham qamrab oldi.
U hatto Shamsning qotillarini ham sevishi
mumkindir.
Faqat bir odamni sevishga o'zini majbur qila
olmaydi - o'z o'g'lini.
Do'stlaringiz bilan baham: |