Cho'l atirguli
1247 yil, dekabr, Konya.
Kimyo yig'lab, mendan yordam berishimni
so'radi. Yuzlari bujmayib, nafaslari qisilib
qoldi, oxiri, mayli, yordam beraman dedim
unga. Ichimda bu ish befoydaligini va
yalinishlariga quloq solmasligim kerakligini
tushunib turardim. Bu fojiaga olib kelishini
negadir oldindan bila olmadim. Aybdorlik
hissidan azob chekar ekanman, nahotki
shunchalar soddalik qildim, bu ishning
dahshatli oqibatini ko'ra olmadim, deb hamon
o'zimdan takror-takror so'rayman.
O'sha kuni u mendan yordam so'rab kelganda
men qarshilik qila olmadim.
- Iltimos, yordam bering, o'rgating, - yolborardi
u shivirlab.
Qizaloqqa achinganimdan yuragim yum-yum
yig'lar- di, «Balki bezarardir», deb o'ylagandim
o'shanda. Nima bo'lardi, axir u o'z eri bilan
qovushmoqchi. Begona erkak bilan emas-ku!
Sababi: faqat sevgi. Bu qanday yomon
oqibatga olib kelishi mumkin? Unda kuchli
ehtiros bor, lekin bu gunoh emas. Bu toza
ehtiros!
Qalbim ich-ichidan bu tuzoq, deb turardi,
ammo Xudoning rejasi shunday ekanki, men
buning zararli oqibatini ko'ra olmadim.
Shuning uchun ayol latofati borasida
qo'llaridagi xinadan boshqasini bilmaydigan bu
qishloq qizi Kimyoga yordam berishga qaror
qildim.
Men unga pardoz-andoz qilishni o'rgatdim, u
uquvli shogird chiqdi. Unga xushbo'y suvda
cho'milish, terisiga xushbo'y moylar surib
ishqalash, yuziga asal va sutli niqoblar qilish
kerakligi qaqida gapirishimga to'g'ri keldi. Men
unga erkak ehtirosini qo'zg'atadigan turli
moylar haqida aytdim. Tishni oqartirish,
tirnoqlarini xina bilan bo'yash, o'sma va
surmalar qo'yish, yanoqlar va lablarni bo'yash,
sochlarni turmaklash kabilarni o'rgatdim.
Keyin u bilan bozor aylanib, ipak liboslar sotib
oldik...
Keyin raqs tushishni va Xudo ato etgan go'zal
vujudini eriga ko'z-ko'z qilishni o'rgatish
navbati keldi. Ikki hafta o'tib, Kimyo o'z erini
asir eta oladigan darajaga yetdi.
O'sha kuni xuddi cho'pon qurbonlikka
qo'zichoqni qanday tayyorlasa, men ham
Kimyoni Shames Tabriziy uchun shunday
tayyorladim. Xushbo'y suvda cho'miltirdim,
sochlariga moy surtdim, chiroyli ko'ylagini
kiydirdim. Pardoz qildirdim. Oxirida Kimyo
ko'z uzib bo'lmas darajada chiroyli bo'lib ketdi.
Bu ishlarni tugatganimizda Kimyo endi
tajribasiz yosh qizaloqqa o'xshamas, u vujudini
to'ldirib toshirayotgan ehtiroslarda yonayotgan
ayol edi. U sevgilisi tomon qadam tashlay
oladigan va kerak bo'lsa buning uchun qimmat
badal to'lashga ham tayyor ayolga aylandi.
Men o'z go'zalimni tomosha qilib turar
ekanman, Qur'ondagi Yusuf va Zulayho
haqidagi oyatlar yodimga tushdi.
Xuddi Kimyo kabi Zulayho ham o'z ehtirosiga
ehtiros bilan javob bermagan erkakka ko'ngil
qo'ygan edi. Butun shahar ahli g'iybat
qilavergach, Zulayho ularni mehmonga
chaqirgan. Har birining qo'liga pichoq berib,
Yusufga: «Bu yoqqa kel», deb buyurgan. Uni
ko'rgan mehmonlar hayratdan qo'llarini kesib,
«Xudoyim, o'zing asra bizni! Bu inson bo'lishi
mumkin emas! Bu farishta!» deyishgan.
Shundan keyin hech kim Zulayhoni Yusufni
sevgani uchun ayblamaydigan bo'lgan.
- Ko'rinishim qanday? - hayajon bilan so'radi
Kimyo xonamdan chiqishidan oldin.
- Ajoyib, - javob berdim men. - Endi ering seni
ertaga va indinga ham erkalaydi.
Kimyo qizarib ketdi. Men esa kulib yubordim
va u ham o'sha zahoti menga qo'shilib kuldi,
uning kulgusi meni xuddi quyosh nurlariday
ilitdi.
Men o'zim aytgan gapimga ishonardim, unda
Shamsni o'ziga jalb etish qobiliyati borligiga
shubha qilmagandim. Shunga qaramay,
ko'zlarimiz uchrashganda, uning ko'zida
ikkilanish soyasi borligini payqadi , mening
ko'nglim g'ash bo'lib qoldi. Yomon alomatni
his etdim.
Lekin Kimyoni to'xtatolmadim. To'xtatishim
kerak edi. Axir ko'rib turgan edim-ku! Uni
to'xtatmaganim uchun umrimning oxirigacha
o'zimni kechirmayman.
Kimyo
Do'stlaringiz bilan baham: |