BO'ShLIQ
(Yo'q deb hisoblanadigan bor narsalar...)
Sulton Valad
1246 yil, iyulь, Konьya.
Otam zo'rg'a nafas olib, yiqilay-yiqilay degan
ahvolda o'z xonasiga kirib keldi. Uning avvalgi
ko'rinishi yo'qolgan, go'yo faqat soyasi qolgan
edi. Yuzlari kichrayib ketgan, ko'zlarining osti
salqigan, qorayib ketgan, kechasi bilan
uxlamagan ko'rinardi. Lekin meni eng qattiq
larzaga solgan narsa bu soqolining oppoq
oqarib ketgani edi.
- O'g'lim, menga yordam ber, - dedi u
qandaydir begona ovoz bilan.
Men uning yoniga otildim, qo'ltig'idan oldim:
- Nima qilay, otajon, ayting.
U bir muddat jim qoldi, go'yo yuz bergan
voqeani bor og'irligi bilan ko'tarishga kuchi
yetmayotganga o'xshardi.
- Shams yo'q. U meni tashlab ketdi.
Bir on men erkinlik hissini tuydim. Biron so'z
aytmadim. Otamga juda achinib ketgan bo'lsam
ham, miyamga bu yaxshi bo'ldi, shekilli, degan
fikr keldi. Nahotki hayotimiz yana avvalgiday
tinch va sokin bo'lsa? Keyingi vaqtlarda shu
Shamsning dastidan otamning dushmanlari
ko'payib ketdi. Men hamma narsa o'z avvalgi
iziga tushishini, hayot Shams Tabriziy
kelmagan vaqtidagiday bo'lishini juda istardim.
Alovuddin ham balki haqli edi. Axir Shamssiz
bizga yaxshi bo'lmaganmidi?
- U men uchun qanchalar ahamiyatli ekanini
esingdan chiqarma, - dedi otam xuddi fikrimni
o'qiganday. - U va men - bir butunmiz. Oyning
yorug' va qorong'u tomonlari bo'lganiday, meni
Shamsdan ajratib bo'lmaydi.
Uyalib ketib, boshimni silkitdim. Yuragim
achidi. Otamga ortiq hech nima demasligim
kerak. Men odamning ko'zida bunchalar ko'p
azob jo bo'lishini hech qachon ko'rmagan edim.
Tilim birdan g'alati, og'ir bo'lib qoldi. Bir og'iz
so'z ayta olmadim.
- Shamsni top... agar topilishni o'zi istasa,
albatta. Biznikiga olib kel. Unga mening
yuragim qattiq og'riyotganini ayt. Uning
yo'qligi meni o'ldirayotganini ayt.
Oxirgi gapini u shivirlab aytdi.
Men unga Shamsni olib kelishga va'da berdim.
Otam qo'llarimni ushlab olib, shunday
minnatdorlik bilan qisdiki, ko'zimni undan olib
qochishga to'g'ri keldi. Otam ko'zlarimda
qat'iyatsizlik borligini kurib qolishini istamas
edim.
Shamsni topish umidida bir hafta Konya
ko'chalarini tit-pit qilib chiqdim. Bu vaqtga
kelib shaharda hamma uning yo'qolganini bilib
bo'lgan edi, bu haqida turli gap-so'zlar yurardi.
Men Shamsni juda yaxshi ko'radigan moxov
bilan uchrashdim. U meni darvish yordam
bergan juda ko'p baxtsiz odamlar bilan
tanishtirdi. Shamsni shuncha odam yaxshi
ko'rishini bilmagan ekanman, ular men
ko'rmay, e'tibor bermay kelgan odamlar edi.
Bir kun kechqurun uyga juda charchab
qaytdim. Nima qilsam, yana qayoqqa borsam
ekan? Kira menga atirgul yog’I solingan bir
likop shovla olib keldi. O'zi yonimda
ovqatlanishimni kuzatib o'tirdi. U kulimsirab
o'tirardi, lekin yuzlarida azob borligini ko'rib
turardim. Keyingi yil ichida u qanchalik qarib
qolganini ko’rmaslik mumkin emasdi.
- Shamsni uyimizga qaytarish uchun izlayotgan
emishsan. U qayerdaligini bilasanmi? - so'radi
Kira.
- U Damashqqa ketgan, degan gaplar bor.
Boshqalar esa Isfaxonda, Qohirada
deyishayapti, hatto o'z vatani Tabrizda,
deyayotganlar qam bor. Otamning shogirdlari
uni boshqa shaharlardan ham izlashayapti.
Kirani yuzlarida xafalik ifodasi paydo bo'ldi,u
xuddi o'ziga-o'zi gapirayotganday shivirladi:
- Mavlono she'rlar yozayaptilar. Go'zal she'rlar,
Shamsning hajri ularni shoir qildi.
Keyin xuddi eron gilamini tomosha
qilayotganday, ko'zlarini pastga tushirib, bir
necha bor xo'rsindi, she'r o'qiy boshladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |