ISHNING UMUMIY TAVSIFI
Mavzuning asoslanishi va uning dolzarbligi. Bugungi kunda davlatimizning asosiy maqsadlaridan biri kelajak poydevori bo‘lgan yoshlarni ma’naviy, madaniy, axloqiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy etuk mustaqil fikrlovchi barkamol avlod qilib voyaga yetkazishdir.
Maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich to‘liq qamrab olishni ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni bilan O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimining yangi mazmuni yaratildi.[1.1].
2016 yilda qabul qilingan PQ-2707-son “ 2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ushbu yo‘nalishdagi ilk qadam bo‘ldi.[1.2]. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4307-son Qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoshlarni mustaqil hayotga dunyoqarashi keng, faol fuqarolar etib tarbiyalash maqsadida mamlakatimizda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Ushbu konsepsiyaning maqsadi - yosh avlodda mustaqil va baxtli hayot uchun zarur ijtimoiy malaka hamda fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirishdan iboratdir. [1.3].
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan: “Aholi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq vazifalarni samarali amalga oshirish, ularni tinch-osoyishta hayot uchun eng zarur tayanch kompetensiyalar bilan ta’minlash, ma’naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish, tarbiya jarayonida uzluksizlik, uzviylik tamoyillariga tayangan holda avvalo, yoshlarni ma’naviy tarbiyalash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilash, yoshlarda Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi muhim fazilatlarni bolalikdan boshlab bosqichma-bosqich shakllantirish kabi chora tadbirlar bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda” .[1.4].
Sifatli maktabgacha ta’lim berish asoslaridan biri-boshqaruv pedagog kadrlarni tayyorlash darajasi va ularning kasbiy tayyorgarligi muhim omil bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Chunonchi, “Maktabgacha ta’lim” bakalavriat ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish kvotalari oshirildi, mazkur yo‘nalishda o‘qish muddati uch yilga qisqartirildi.
Ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishda qulay shart-sharoitlarning yaratilganligi alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 maydagi PQ-4312-sonli qaroriga asosan “O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi.Ushbu konsepsiya respublikamizda o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi maktabgacha ta’limni rivojlantirish bosqichlarini belgilab berdi. .[1.5].
Mamlakatimizda xorijiy tajribalar asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yangi shakllari tashkil etilmoqda. Respublikamizning aholi siyrak joylashgan hududlarida bolalarni qamrab olish maqsadida har tomonlama talablar darajasida jihozlangan mobil va modul bog‘chalar ham tashkil etilmoqda.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida boshqaruvni zamonaviy shakllari joriy etildi. Maktabgacha ta’lim vazirligining 2018 yil 6 dekabrdagi 239-son buyrug‘iga asosan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida vasiylik kengashlari tugatilib, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining kuzatuv kengashlari faoliyati tashkil etildi. Belgilangan namunaviy Nizom asosida har bir maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Kuzatuv kengashi Nizomi ishlab chiqildi. Kuzatuv kengashlar maktabgacha ta’lim tashkilotsining boshqaruv strategik organi hisoblanib, tashkilotning ustuvor vazifalarini belgilashda, hududiy bo‘lim tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan maktabgacha ta’lim tashkilotsi rahbarini saylash, tashkilotning maqsad va vazifalarini hamda ularga erishish rejalarini tasdiqlash, amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan nazorat olib borish kabi vakolatlarga ega bo‘lishi maktabgacha ta’lim boshqaruvidagi yangicha yondoshuvlardan biri bo‘ldi.[1.8].
Maktabgacha ta’limni boshqarishni axborot tizimi (EMIS) butun respublika bo‘yicha tizimni kuzatish va nazorat qilish imkonini berdi va bir qator idoralar, tashkilotlarning axborot tizimlari bilan birlashtirildi va yagona ma’lumot tizimi joriy etildi. Endilikda bu tizim orqali ma’lumotlarni olish, ularni o‘z vaqtida yangilab borish imkoni yaratildi.[1.9].
Tizimni salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligining 2019 yil 14 oktyabrdagi 188-son buyrug‘iga asosan Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarinig namunaviy shtatlari qayta ko‘rib chiqildi va ularga qo‘shimcha metodist va xoreogrof shtatlari joriy etildi. Tashkilotlarda boshqaruv ishini takomillashtirish maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralariga tashkilot direktori maqomi berildi.[1.10].
Do'stlaringiz bilan baham: |