Mamlakatimizning istiqlolga erishishi o’zbek xalqining madaniy- ma’naviy hayotida ulkan ijobiy o’zgarishlarning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Istiqlol tufayli milliy qadriyatlarimiz tiklanmoqda, xalqimizning ma’naviyati, madaniyati axloqiy e’tiqodlari milliy ruh vaa yangi mazmun bilan to’lmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov “xalqning milliy mdaniyati va o’ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo’lmish o’zbek tilini rivojlantirish, bu tilning davlat maqomini izchil va to’liq ro’yobga chiqarish”1 davlat ishi ahamiyatiga molik ekanligini ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, o’zbek tili sohasida ham milliy ruh va milliy imkoniyatlarni tiklash uchun harakat kuchaydi. So’nggi yillarda o’zbek tilining ilmiy tadqiq etishning qator yo’nalishlari rivojlandi. Bular ichida, ayniqsa, tilga izchil yondashish va vazifaviy tahlil yo’nalishlari alohida o’rin tutadi. Til va nutq yaxlit bir hodisaning ikki tomoni sifatida belgilandi. Til hodisalari esa til tizimidagi o’rni, roli, nutqda qo’llanishi kabi xususiyatlariga qarab tahlil etila boshlandi.
1
Kapимов.И. Ўзбекистон буюк келажак сари.Тошкент. Ўзбекистон,1998,14-бет.
Har qanday ilmiy tadqiqot inson bilimlari silsilasidagi bir bo’g’in, alohida halqa bo’lganligi sababli, tadqiq manbayining o’rganilish tarixini bilmay turib, olimlarimizning bu sohaga qo’shgan yutuqlari bilan tanishmasdan turib, izlanishga kirishish mumkin emas.
O’tgan asrning 70-80-yillarida hikmatli so’zlar, turg’un birikmalar, xalq maqol –matallarini to’plab tasnif qiluvchi va o’rganuvchi yo’nalish sifatida jahon tilshunosligi faniga paremiologiya kirib keldi. Sohaning nomi yunoncha << paroimia>> (hikmatli so’z) va logos(fan) so’zlaridan olingan.
Paremiologiyaning o’rganish ob’yektini olimlar bir qancha turlarga ajratadilar. Hikmatli so’z, ibora, maqol, matal, rivoyat, afsona, tilaklar, duolar, qarg’ish so’zlar, ertak, aforizm, bashoratlar va boshqalar. Biroq keng ma’noda tushunsak, bu tasniflarni, tor ma’noda maqol- matal, aforizm kabi turlarni tasnif qilish va o’rganish ma’qulroq.
O’zbek tilshunosligi tarixida parema atamasi qo’llanilmasa ham salmoqli ishlar qilingan. M.Qoshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asariga borib taqaladigan o’zbek xalqining folklor merosi g’oyatda boy va xilma-xildir. Bu merosning salmoqli qismini maqollar tashkil etadi. Maqollar o’zining tematik rang-barangligi, ularda ifodalangan fikrning qisqa, tushunarli va ixcham shaklga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Maqol shunchaki oddiy hikmat emas. U xalqning qarashini ifodalaydi. Har hikmatli so’z maqol bo’laolmaydi. Xalq tafakkuridan o’tgan va hayot haqiqatiga mos keluvchi asrlar osha yashab kelib, halq ongining sinteziga – qaymog’iga aylangan ibratli fikrgina maqol bo’la oladi. Har bir maqolda uni yaratuvchi avlodning turmushi, urf-odati, axloq-odobi, madaniyati kabi xususiyatlar aks etgan bo’ladi. Zero ulug’ rus yozuvchisi L.N.Tolstoy “Har bir maqolda shu maqolni yaratgan xalqning siymosi ko’rinadi” deganida batamom haqli edi.
Xalq tafakkuri durdonasi hisoblanmish maqollar nafaqt xalq hayoti, qarashini ifodalashi bilan qadrli, balki kundalik turmushimizda nutqimizni boyituvchi vositalardan ham biridir. Maqol ishlatmagan bironta xalq, maqol ijod qilmagan bironta til yo’q. “Dunyoda tilsiz xalq bo’lmagani kabi, maqolsiz til ham yo’q”, - deb ko’rsatadi tatar yozuvchisi Noqiy Esanbat.
Uzoq yillardan beri olimlar diqqat e’tiborini o’ziga jalb etib kelayotgan maqollar folklor, etnografiyaning o’rganish predmeti sifatida tadqiq etildi. So’nggi 30-40 yil ichida bu soha bilan tilshunoslik ham shug’ullana boshladi.
Taniqli olimlarimiz SH. Rahmatullaev[1:], Я. Пинхасов[2:], G', Salomov, Q.Samadov, SH. SHorahmedov, X. Abdurahmonov, M.Z.Sadriddinova, А.М.Бушуй, Г.Л.Пермяков, kabilarning ishlari bu haqda yorqin guvohlik bera oladi. Bizga ma’lumki professor Sh Rahmatullaevning o’zbek frazeologiyasi bo’yicha amalga oshirgan ishlari, tilshunoslikning bu sohasiga qo’shgan hissasi ulkan va beqiyosdir. O’tgan yillar davomida muallif tomonidan nashrdan chiqarilgan o’nlab kitob va monografiyalar fikrimizning yorqin isboti bo’la oladi. Garchi olim maqollar bo’yicha maxsus ishlar yaratmagan bo’lsa ham, ilmiy faoliyatining dastlabki davrlaridanoq frazeologiya predmetini tor doirada tushunganligini, maqol va ibora o’rtasidagi farqlarni imkon darajasida ajratganligining o’zi yuksak e’tiborga loyiqdir.
O’zbek tilshunosligida maqollarning sintaktik xususiyatlari taniqli tilshunos X. Abdurahmonovning nomzodlik ishida o’rganildi. Olim izlanishlarini davom ettirib, o’zbek xalq og’zaki ijodi asarlari tilining sintaktik xusussiyatlarini atroflicha o’rgandi. Keyingi ishda o’zbek tilida maqol va matalllarning sintaktik qurilishi, maqollardagi gaplar va so’z birikmalarining asosiy ko’rinishlari, ularning morfologik, sintaktik, ba’zi ma’noviy-uslubiy xususiyatlari keng yoritilgan. Muallif o’z tadqiqoti doirasida monografiya va bir necha maqolalar e’lon qilgan bo’lib, ularning ba’zilari xalq og’zaki ijodi asarlari tilining lug’aviy-grammatik xususiyatlari tadqiqiga qaratilgandir. M.Z.Sadriddinovaning ishida o’zbek maqol va matallarining lug’aviy xususiyatlari o’rganildi. Bu ishda maqol va matallar leksikasi, bir tomondan, o’zbek adabiy tili leksikasi bilan, ikkinchi tomondan esa lahja va shevalar leksikasi bilan qiyosiy o’rganilgan. Ushbu tadqiqotda umumiste’mol leksikasi, dialektal leksika, so’zlashuv nutqi unsurlarining maqol va matallar tilida anglatgan ma’nolari ochib berilgan. XX asrning 60-80 yillarida tilshunoslikda o’zbek xalq maqollarini yana bir boshqa yo’nalishda o’rganish bo’yicha ancha natijalarga erishildi. A.M.Бушуй o’zbek tili paremiologiyasini boyitishga uni rivojlantirishga poydevor qo’ygan olim sifatida tan olinadi. O’zining nomzodlik va doktorlik ishlarida, maqol-matal va iboralarni alohida o’rganishni va maqollarni tematik jixatdan tasniflashni va ularni to’plashni tilshunoslik orqali bajarishni boshlab bergan olimlardandir. Tadqiqotlar natijasida Бушуй boshchiligida tilshunos olimlar jamoasi “Паремиология Узбекистана” bibliografik ko’rsatkich kitobi besh marotaba nashrdan chiqqan va barcha ma’lumotlar berilgan.
Maqol va matallarning lisoniy xususiyatlarini o’rganish bo’yicha qozoq, turkman, rus, tilshunosligida ham ma’lum ishlar qilingan. Biz bu o’rinda A.Annaurovning turkman maqol va matallarining sintaksisiga oid, R.Sarsenboevning qozoq maqol va matallari tiliga bag’ishlangan ishlari rus paremiolog olimi Г.Л.Пермяковning folklorning eng kichik janrlari maqol, matal aforizm, hikmatli so’z va o’ndan ortiq turlarini tilshunoslik nuqtai nazari orqali turli tillar xalq og’zaki ijodini o’rganib, izoxlab, isbotlab o’zining muallifligi ostida “Основы структурной паремиологии” , “Паремиологической сборник исследования по фолькоре и мифологии востока” kabi asarlarida yoritib bergan olimdir.
O’zbek tilshunosligida xalq maqollarini o’rganishning hozirgi ahvoli respublikamiz olimlarining bu sohada sezilarli yutuqlarni qo’lga kiritganlidan dalolat beradi. Lekin tilshunoslarimiz oldida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar juda ko’p. Maqollar semantikasi, uslubiyati bo’yicha fundamental tadqiqotlar yaratish, o’zbek xalq maqollarining to’laqonli ko’p tomlik izohli lug’atini yaratish shular jumlasidandir.